insurez
09-09-2025 15:32

KATTAQO‘RG‘ON SHAHRI KATTA SHAHAR MAQOMIGA TAYYORLANMOQDA


Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Gavhar Alimova hokimlik faoliyatining ilk kunlarida ya’ni, 2020 yilning may oyida Davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan video selektor yig‘ilishida Kattaqo‘rg‘on shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar yuzasidan 2 ta masala bilan chiqib, o‘z taklifini bergan edi.

Birinchisi, Kattaqo‘rg‘on shahrida oliy ta’lim muassasasi tashkil etish masalasi, ikkinchi taklif esa shahar chegarasini kengaytirish edi.

Hokimning ushbu tashabbusi ma’qullanib, shaharda 2020 yilda Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filiali tashkil etildi. Hozirda mazkur oliygoh Prezidentimizning 2025 yil 28 apreldagi PF-73-sonli qaroriga ko‘ra Kattaqo‘rg‘on Davlat Pedagogika institutiga aylantirildi.

Shaharning rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqadigan ikkinchi taklif bo‘yicha o‘tgan davrda tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi va yaqinda Qonunchilik palatasi tomonidan hamda Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida “Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi muhokama qilinib, qabul qilindi.

Chegaraning kengayishi yirik iqtisodiy markazga aylanish yo‘lidagi qat’iy qadam bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Hudud kengayishi natijasida Kattaqo‘rg‘on tumanidan 1 945 gektar, Nurobod tumanidan 971 gektar yer shahar tarkibiga o‘tadi.

Yangi sanoat zonalari, yangi ish o‘rinlari va zamonaviy ko‘p qavatli turar-joylar barpo etiladi. “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi filiali va 3 ta kichik sanoat zonasi tashkil etiladi.

Aholining o‘sish suratlariga ko‘ra, 2030 yilga borib, yangi qo‘shiladigan hududlar bilan birga shahar aholisi soni 150 ming kishidan oshishi kutilmoqda. Chegaralarning kengayishi shaharda aholi zichligini kamaytirish, transport qatnovini yaxshilash, tirbandliklarni oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishga sharoit yaratib beradi.

Shu bilan birga, aholini uy-joy bilan ta’minlash maqsadida shaharda ko‘p qavatli turar-joy komplekslari, savdo va xizmat ko‘rsatish hamda yangi ishlab chiqarish ob’ektlarini tashkil etish imkonini yaratadi.

“Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi” M-37 magistral yo‘li (7,1 km) bo‘yida yangi xizmat ko‘rsatish loyihalari joylashtiriladi.

2030 yilga borib, 550 ta sanoat korxonalarda yiliga 1,5 trln.so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, 120 mlrd.so‘mlik qo‘shimcha qiymat yaratish hamda 6 mlrd.so‘mlik byudjetga tushumlar tushirish imkoni paydo bo‘ladi.

Xizmat ko‘rsatish sohasida esa 1 315 ta korxonalarda 1,4 trln.so‘mlik xizmatlar ko‘rsatish, 140 mlrd.so‘mlik qo‘shimcha qiymat va byudjetga 7 mlrd.so‘m tushumlar tushirilishiga erishiladi.

Kattaqo‘rg‘on shahri hududining kengayishi natijasida Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Nomozpolvon” mahallasi aholi xonadonlari to‘liq, shuningdek, 14 ta mahallalardagi aholi xonadonlari qisman (8 306 ta xonadon, 10 024 ta oila, 40 227 ta aholi) shahar tarkibiga o‘tkaziladi.

Mahalla fuqarolar yig‘inlari sonini maqbullashtirish hisobiga Kattaqo‘rg‘on shahridagi mahallalar soni 11 taga ko‘payib, 47 taga yetadi.

Teglar
- -