Kattaqo‘rg‘on shahar sanoat ishlab chiqarishida kichik biznesning hissasi
Bugungi kunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakatimiz ichki bozorini tovar va xizmatlar bilan ta’minlashda, aholi bandligi va real daromadlarini oshirishda, resurslarni oqilona taqsimlash va ulardan samarali foydalanishda, ijtimoiy guruhlar daromadlarining nomutanosibligini kamaytirishda, iqtisodiyotning turli tarmoqlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yaxshilashda katta ahamiyatga ega bo‘lib, islohotlarni chuqurlashtirishning asosiy katalizatori hisoblanadi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari bozor kon’yunkturasi o‘zgarishlariga ham, iste’molchi talabi o‘zgarishlariga ham tez moslashishga qodir bo‘lib, iste’mol bozoridagi muvozanatni ushlab turishda muhim rol o‘ynaydi, shuningdek, raqobat muhitining shakllanishiga xizmat qiladi. 2024-yilning yanvar-sentabr oylarida shaharda 752,0 mlrd. so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarilishi amalga oshirilgan bo‘lib, shundan 743,1 mlrd. so‘m yoki umumiy hajmning 98,8 % ni kichik biznes subyektlari tomonidan ishlab chiqarilgan sanoat mahsuloti tashkil qilganligini ko‘rishimiz mumkin.
Davlat va xususiy sektorning o‘zaro munosabati mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy barqaror vaziyatni ta’minlashda xususiy biznesning manfaatdorligini oshirishda katta xizmat qiladi. O‘z navbatida, mamlakatimizda davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish borasida olib borilayotgan islohotlar natijasi o‘laroq Kattaqo‘rg‘on shahrida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmida nodavlat sektorning ulushi salmoqli ekanligini ko‘rish mumkin. Tarmoq korxonalari tomonidan 2024-yilning yanvar-sentabr oylarida 752,0 mlrd. so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi yoki o‘sish sur’ati o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 117,8 % ni tashkil etdi, shuning bilan birga davlat sektorida 2,1 mlrd. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib umumiy hajmga nisbatan 0,3 % tashkil etsa, nodavlat sektorida 749,9 mlrd. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, umumiy hajmga nisbatan 99,7 % ni tashkil etdi.
M.Muminov,
Kattaqo‘rg‘on shahar statistika bo‘limi boshlig‘i