KATTAQO‘RG‘ON SHAHAR HOKIMI ALIMOVA GAVHAR ZAYIROVNANING O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI MUSTAQILLIGINING 33 YILLIGI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI
Aziz kattaqo‘rg‘onliklar!
Avvalambor, barchangizni qutlug‘ ayyom- Vatanimiz Mustaqilligining 33 yillik shodiyonasi bilan samimiy muborakbod etaman.
Bu yil yurtimizda Mustaqilligimizning o‘ttiz uch yilligi “Bir bo‘lsak - yagona xalqmiz, birlashsak - Vatanmiz!” shiori ostida nishonlanmoqda.
O‘tgan davrlarda mamlakatimiz xalqi mashaqqatli, ammo sharafli istiqlol yo‘lini bosib o‘tdi.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar aholi uchun farovon turmush sharoitini yaxshilash bilan birga mamlakatimizni jahon hamjamiyatida o‘z o‘rniga ega ekanligini ko‘rsatmoqda.
Istiqlolning o‘tgan yillari davomida erishilgan yutuqlar va qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlarni sarhisob etadigan bo‘lsak, respublikamiz singari shahrimizda ham mislsiz o‘zgarishlarga guvoh bo‘lyapmiz.
Yangilanayotgan O‘zbekistonda yangicha qiyofa aks etayotgan Kattaqo‘rg‘on shahrida ham ulkan bunyodkorlik ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda.
Xususan, o‘tgan davr mobaynida:
-aholini va yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlash maqsadida 15 ta jami 894 xonadonli ko‘p qavatli uylar barpo etilib, foydalanishga topshirildi.
Homiy tadbirkor tomonidan Yakkabog‘ mahallasida qurilgan 14 ta xonadon ham ehtiyojmand xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash uchun katta imkoniyat bo‘ldi.
-120 km dan ortiq ichki yo‘llar ta’mirlanib, asfalt va beton qoplamasi yotqizildi.
-Barcha mahallalarda mahalla infratuzilmasini yaxshilash borasida amaliy ishlar olib borilib, 20 dan ortiq mahallalar uchun yangi binolar barpo etildi.
-25 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari mukammal ta’mirlandi va rekonstruksiya qilindi.
- Samarqand Davlat universiteti Kattaqo‘rg‘on filialida 70 mlrd so‘m mablag‘ hisobiga farzandlarimizning munosib ta’lim olishi uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan, zamonaviy jihozlangan 4000 o‘rinli yangi o‘quv binosi va 500 o‘rinli talabalar turar joyi qurib bitkazildi.
Shahardan 30 km uzoqlikda joylashgan Ingichka shaharchasida ham bugun keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Maktab va bog‘chalardagi yaratilgan sharoitlar, ichimlik suvi, elektr bilan ta’minlash borasidagi ijobiy ishlar, tekis bo‘lgan yo‘llar albatta, aholida bugungi islohotlarga hamohanglik, mamnunlik hissini uyg‘otmoqda.
Ayniqsa, Ingichka shaharchasida Olmaliq kon metallurgiya kombinatining "Ingichka" volfram koni texnogen chiqindilarini qayta ishlash" loyihasi doirasida boyitish fabrikasining ishga tushirilishi natijasida 300 ga yaqin ish o‘rinlari yaratildi. Mustaqillik bayrami arafasida Ingichkada 120 nafar xodim ishlaydigan ikkinchi fabrika ham ish boshladi.
Azizlar!
Albatta, o‘tgan yil davomida qo‘lga kiritilgan yutuqlar, amalga oshirilgan ijobiy ishlar haqida ko‘plab gapirishimiz mumkin. Biz kelgusida ham bu boradagi ishlarni davom ettiramiz. Shahrimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yo‘lidagi barcha ezgu ishlarimizda biz Siz kattaqo‘rg‘onliklarning qo‘llab-quvvatlashingizga tayanamiz. O‘ylaymanki, bu boradagi barcha ishlarda siz bizga ko‘makdosh bo‘lasiz.
Yana bir bor Siz, aziz kattaqo‘rg‘onliklarni O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayrami bilan samimiy tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik yor bo‘lsin. Xonadonlarimizdan tinchlik-osoyishtalik, fayzu-baraka arimasin!
Gavhar Alimova,
Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi, Senator.