KATTAQOʻRGʻON SHAHAR HOKIMI ALIMOVA GAVHAR ZAYIROVNANING BITIRUVCHILARGA TABRIGI
Avvalambor, mana shunday shukuhli bir damda, Siz aziz yoshlarning hayajonli va quvonchli lahzalaringiz, yetuklik shahodatnomasini qoʻlga olib yangi hayot sari qadam qoʻyayotganligingiz bilan chin dildan muborakbod etaman.
Bugun shahrimizdagi umumtaʼlim muassasalarida yangrayotgan “Soʻnggi qoʻngʻiroq”lar oʻzlarining qadrdon va jonajon maktablari bilan xayrlashayotgan maktablarimizdagi 11-sinflarning 744 nafar bitiruvchi oʻquvchilarini mustaqil hayot sari chorlamoqda. Ushbu unutilmas kundagi hayajonli daqiqalariga ularning ustozlari va ota-onalari ham hamnafas boʻlmoqdalar. Shahar maktab o‘quvchilari orasida milliy va xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lgan o‘quvchilar soni 137 taga yetdi, bu esa mazkur o‘quvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida yo‘nalishi bo‘yicha sertifikat olgan fanlardan maksimal balni qo‘lga kiritish imkoniyatini beradi.
Ayniqsa, bitiruvchilarimizning 16 nafari oltin, 4 nafari kumush medallar bilan yakunlayotganlari bayram shukuhni yanada oshirmoqda. Albatta, bularning barchasi nafaqat sizlarni, balki biz, ota-onalar, ustoz-murabbiylar uchun ham gʻoyat quvonchli va hayajonlidir.
Aziz yoshlar!
Hech qachon orzu qilishdan to‘xtamang, katta maqsadlar yo‘lida imkoniyatlaringizni sinab ko‘rishdan, bu yo‘lda xato qilish va ulardan saboq olishdan qo‘rqmang. Chunki barcha sizlarga katta umid va ishonch bilan qaramoqda.
Sizlarni kelgusida zamonaviy taʼlim olib, kasb-hunar oʻrganib, jamiyatimizda munosib oʻrin egallashingiz uchun ulkan imkoniyatlar kutmoqda.
Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek, Sizlarning chuqur bilim olish, zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rganish orqali Vatanimizga munosib farzandlar bo‘lib yetishishingiz va uning taqdiri uchun mas’uliyatni zimmangizga olishingizga ishonamiz.
Hurmatli bitiruvchilar!
Sizning maktab ostonasidan yangi hayot sari qoʻyayotgan qadamingizning, bu boradagi kelgusidagi ulkan rejalaringizni amalga oshirishda biz ham yuksak masʼuliyatni his qilamiz.
Shu maqsadda shahrimizda faoliyat yuritayotgan Samarqand Davlat universitetining Kattaqoʻrgʻon filiali, kollej va texnikumlarni sizni tanlagan sohangiz boʻyicha yetuk kadr va malakali mutaxassis boʻlib yetishishingiz uchun ulkan imkoniyat maydoni boʻlib xizmat qilishiga ishonamiz.
Shu bilan birga, davr talabidan kelib chiqib, yoshlarni zamonaviy kasblarga oʻrgatadigan markazlar, IT va texnoparklarning faoliyat yuritayotganligi ham Sizning oʻz biznesingizni yoʻlga qoʻyishingiz, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishingiz uchun zamin boʻladi.
Albatta, Siz kelgusida jamiyatda munosib oʻrningizni egallashingiz yoʻlida yaqin koʻmakchi va maslahatchi sifatida bizga suyanishingiz mumkin. Bunday ezgu maqsad uchun barcha eshiklarimiz doimo sizlar uchun ochiqdir.
Ishonchim komilki, sizlar yaratilgan ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanasiz. Kelgusida yuksak bilim va malakangiz bilan samarali mehnat qilib shahrimiz, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshasiz.
Siz azizlarni yana bir bor hayotingizdagi unutilmas kun bilan samimiy muborakbod etgan holda kelgusida ulkan yutuq va muvaffaqiyatlar tilayman. Hayotingizni baxt va omad tark etmasin. Mustaqil hayot sari bosayotgan qadamingiz qutlugʻ va barakali boʻlsin!