insurez
21-10-2025 09:10

KATTAQOʻRGʻON SHAHAR HOKIMI ALIMOVA GAVHAR ZAYIROVNANING 21 OKTYABR - OʻZBEK TILI BAYRAMI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI


TIL - MILLAT FAXRI VA G‘URURI

Assalomu alaykum aziz hamshaharlar!

Avvalo, barchangizni Yangi O‘zbekiston tarixidagi muhim sana- 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni hamda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining tarixiy 36 yilligi bilan samimiy muborak etaman.

Til benihoya muqaddas va mo‘tabar ne’matdir. U insonni inson sifatida shakllantirgan, taraqqiyot bosqichlariga olib chiqqan, tafakkur gulshanining darvozalarini ochgan sehrli bir jilodir. Inson ona tili orqali ma’rifatli bo‘ladi, dunyoni taniydi, o‘zligini anglaydi. Ona tilida muloqot qiladi, faoliyat yuritadi. Aslida bu ham katta baxtdir.

1989 yilning 21-oktabr kunida ona tilimizga davlat tili maqomi berildi, ya’ni “Davlat tili haqida”gi tarixiy Qonun qabul qilindi. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2019 yilning 21-oktabr kuni o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi tarixiy Farmonni imzoladi. 1995-yil 21-dekabrda yangi tahrirda “Davlat tili” haqidagi qonun qabul qilindi hamda uning 1-moddasiga “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili O‘zbek tilidir” deb yozib qo‘yildi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir”. Ana shunday bebaho qadriyatimiz va ne’matimizni asrash va rivojlantirish esa barchamizning ma’naviy burchimizdir.

Biz tilimizning naqadar bebaholigini, naqadar buyukligini quyidagi oddiy misol orqali ham ko‘rishimiz mumkin. Jahonning ko‘zga ko‘ringan yozuvchilaridan Abduraxmon Jomiy 17600 ta, Vilyam Shekspir 20000 dan ortiq, Pushkin 21193 ta, Alisher Navoiy esa 26035 ta so‘zni takrorlarsiz ishlatgan. Bu esa turkiy tilning imkoniyatlari, so‘z zaxirasining boyligi fors-tojik tilidan ham, rus tilidan ham, ingliz tilidan ham yuqori ekanligini anglatadi.

Azizlar!

Ma’lumotlarga qaraganda, o‘zbek tili rivojlanib borayotgan tillar sirasiga kiradi, dunyoda ushbu tilda so‘zlashuvchilar soni 50 million kishiga yetgan. Bu, albatta, ona tilimiz taraqqiyotini bildiradi, lekin bu biz tilimiz haqida qayg‘urmasak ham bo‘ladi degani emas. Aslida XX asr boshlaridayoq tilni saqlash qayg‘usi jadidlarni tashvishlantirgan. Jadid olimlaridan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Is’hoqxon Ibrat, Abdurauf Fitrat, Munavvarqori Abdurashidovlar tilni kelgusi avlodga sofligicha yetkazish uchun bir qancha ishlarni amalga oshirgan edilar.

Abdulla Avloniy “Har bir millatni dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadigan oinai hayoti til va adabiyotdur,- deb yozadi va o‘zimizda bor turkiy so‘zlardan foydalanish, ma’lum bir tushunchani ifodalovchi turkiy so‘z topilmagan taqdirda muqobil so‘zlardan foydalansak bo‘ladi, shundagina asl turkiy so‘zlar yo‘q bo‘lib ketmaydi, degan fikrni ilgari suradi”.

Is’hoqxon Ibrat ham tilimiz ravnaqi yo‘lida yoshlarni “vataniy ish” qilishga chorlaydi: -Bizning yoshlar, albatta, boshqa tillarni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat - bu vataniy ishdir, - deydi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy esa til sofligini saqlash uchun ona tilimizda mavjud so‘zlardan kengroq foydalanish kerakligini ta’kidlab, bunga “millat onalarini o‘qitish bilan erishish mumkin”ligini aytadi.

Bu borada ona tilimizning o‘ziga xos xususiyatlarini tadqiq qilayotgan olimlarimiz, uning nozik jilolarini badiiy asarlarda aks ettirayotgan shoir va yozuvchilarimiz, davlat tili sifatidagi nufuzini qaror toptirish yo‘lida mehnat qilayotgan maslahatchilarimizning mehnatlari e’tirofga loyiqdir.

Barchangizni yana bir bor ona tilimiz bayrami bilan qutlab, tilimiz ravnaqi yo‘lidagi xizmatlaringizga muvaffaqiyat tilayman. Tilimiz mavqei va nufuzi doimo yuksalib, yurtimiz taraqqiyoti tobora bardavom bo‘laversin!

Teglar
- -