insurez
07-11-2024 17:41

Ishdan bo‘shatish sanasi bayram kuniga to‘g‘ri kelsa


«Xodim ishdan bo‘shashning aniq sanasini ko‘rsatmasdan, 2024 yil 7 martda o‘z xohishiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida ariza yozdi. Mehnat kodeksining 160-moddasiga muvofiq biz u bilan mehnat shartnomasini 14 kalendar kundan keyin – 2024 yil 21 mart (payshanba)dan keyin bekor qilishimiz kerak. Ammo bu – bayram kuni, undan keyin 22-23 mart, juma va shanba, qo‘shimcha dam olish kunlari keladi. Bizda standart ish jadvali bor va shu kunlari ofis dam oladi.

Xodimni 20 mart, chorshanba kuni, uzoq davom etadigan dam olish kunlaridan oldin ishdan bo‘shatishimiz mumkinmi?»

– Umumiy qoidaga ko‘ra, xodim ish beruvchini 14 kalendar kun oldin yozma ravishda xabardor qilish orqali mehnat shartnomasini bekor qilish huquqiga ega. Ish beruvchini mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida ogohlantirishning boshqa muddatlari ayrim toifadagi xodimlarga nisbatan belgilangan.

Batafsil tushuntirganmiz, xodim ish beruvchini ishdan bo‘shash to‘g‘risida qaysi muddatda ogohlantirishi kerak.

Xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra mehnat shartnomasi o‘n to‘rt kunlik ogohlantirish muddati tugashiga qadar bekor qilinishi mumkin  MK 160-m. 4-q.. Ammo buning uchun xodim ish beruvchi bilan ishdan bo‘shash sanasini kelishishi uchun bevosita arizada ishdan bo‘shashning istalgan sanasini ko‘rsatishi kerak. Ushbu masala bo‘yicha tomonlarning o‘zaro kelishuvi bo‘lgan taqdirda o‘n to‘rt kunlik ogohlantirish muddati tugashidan oldin mehnat shartnomasini bekor qilish qonuniy bo‘ladi.

Agar bu bajarilmasa, xodim bilan mehnat shartnomasi ariza berilgan kundan boshlab o‘n to‘rt kalendar kundan keyin bekor qilinishi mumkin. Ogohlantirish muddatining o‘tishi ish beruvchi tomonidan xodimning mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi arizasi olinganidan so‘ng keyingi kunda boshlanadi.

 E'tibor bering

Mehnat shartnomasini xodimning tashabbusiga ko‘ra bekor qilish to‘g‘risidagi ariza u o‘z ishini davom ettirishi mumkin emasligi (misol sifatida: ta'lim tashkilotiga qabul qilinganligi, pensiyaga chiqqanligi, saylab qo‘yiladigan lavozimga saylanganligi va boshqa hollarda) bilan bog‘liq bo‘lgan hollarda ish beruvchi mehnat shartnomasini xodim iltimos qilayotgan muddatda bekor qilishi kerak  MK 160-m. 8-q..

 

Ogohlantirish muddati o‘tmasdan xodimning roziligisiz mehnat munosabatlarini bekor qilish ushbu mehnat shartnomasini bekor qilishni g‘ayriqonuniy deb topishga va xodimning avvalgi ishiga tiklash haqidagi talabini qanoatlantirishga asos bo‘ladi  20.11.2023 y. 26-son OSPQ, 20-b. 4-xatboshi.

 

Agar ogohlantirish muddatining tugashi bayram kuniga to‘g‘ri kelsa nima qilish kerak

Xodim 7 mart kuni mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida ariza yozdi. Chindan ham, bu holatda ogohlantirish muddati 21 martda tugaydi, Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq esa bu Navro‘z bayrami nishonlanadigan ishlanmaydigan bayram kuni.

2024 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni va dam olish kunlarini ko‘chirish belgilangan  22.12.2023 y. PF-213-son:

  • 2024 yil 22 mart, juma – ish haftasining turidan qat'i nazar, barcha xodimlar uchun qo‘shimcha ishlanmaydigan kun;
  • 2024 yil 3 mart, shanba – olti kunlik ish haftasi rejimida ishlaydigan xodimlar uchun belgilangan qo‘shimcha ishlanmaydigan kun.

Mehnat shartnomasini bekor qilish kuni ishning oxirgi kuni hisoblanadi. 2024 yil 21–23 mart – ishlanmaydigan kunlar bo‘lganligi sababli, shu kunlarda mehnat shartnomasini bekor qilishni rasmiylashtirish mumkin emas. Shuning uchun bu holda Mehnat kodeksining 170-moddasi 1-qismining qoidasi qo‘llaniladi: agar oxirgi ish kuni dam olish kuniga yoxud ishlanmaydigan bayram kuniga yoki boshqa ishlanmaydigan kunga to‘g‘ri kelsa, undan keyin keladigan birinchi ish kuni oxirgi ish kuni deb hisoblanadi.

Shunday qilib, ko‘rib chiqilayotgan vaziyatda ariza 7 martda topshirilganiga va ogohlantirish muddati o‘n to‘rt kalendar kundan oshganiga qaramay, mehnat shartnomasini bekor qilish kuni 2024 yil 25 mart bo‘ladi.

Xodim uchun 25 mart – oxirgi ish kuni sanaladi. Shuning uchun u qoidaga ko‘ra ishga kelishi va unga belgilangan ish soatlarini ishlab berishi kerak. Shu kuni ish beruvchi xodimga uning mehnat daftarchasini (elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirmani) va mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruq nusxasini berishi shart  MK 171-m..

Bundan tashqari, xodimga tegishli bo‘lgan barcha summalarni to‘lash xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan kunda amalga oshiriladi

                                                                      

                                                                                           Z.Abduraximov,

 Kattaqo`rg`on shahar  YXKM bosh yuristkonsulti

                                                                                                                                    

Teglar
- -