Firibgarlik jinoyati tushunchasi
Jamiyat kishilarsiz bo‘lmaganidek, jamiyat muksiz ham bo‘lishi mumkin emas. Har qanday jamiyat asosida mulk va mulk huquqi mavjud bo‘ladi. Demak, shaxs va mulk jamiyat asosini tashkil etadi, desak xato qilmagan bo‘lamiz. Shu sababli, shaxsni va mulkni himoya qilish jinoyat qonunining ustuvor vazifalari bo‘lib kelgan.
Mulkni firibgarlik yo‘li bilan talon-taroj qilishning ancha ko‘p tarqalganligi va uning jamiyatga ko‘p miqdorda zarar yetkazishi, uning oldini olish zaruriyatini keltirib chiqaradi.
Bugungi kunda o‘zgalar mulkini talon-toroj qilishga qaratilgan jinoyatlarning ko‘plab sodir etilishi, davlat va jamiyat iqtisodiy negizlariga jiddiy zarar yetkazmoqda.
Xususan, bozor iqtisodiyoti sharoitida mulkka tajovuz qilish bilan bog‘liq jinoyatlar orasida o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilish tariqasidagi jinoyatlar soni yildan-yil keskin ortib bormoqda.
Firibgarlik aldov va yolg‘onga asoslangan.
Firibgarlik tushunchasi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasiga muvofiq, firibgarlik deganda, aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish tushuniladi.
Firibgarlik mulkka tafovuz qilishning bir turidir. Firibgarlik sharoitga moslashuvchan bo‘lib, turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Shu sababli, firibgarlikka qarshi kurashni kuchaytirish lozim.
Bundan tashqari, O‘zbek tilining izohli lug‘atida “firibgarlik” tushunchasining lug‘aviy ma’nosi – “aldamchilik, hiylagarlik” ma’nolari bilan izohlangan. Shuningdek, firibgarlikning usuli hisoblangan ishonchni suiiste’mol qilishning lug‘aviy ma’nosi esa, “insofsizlarcha, noqonuniy yoki yomonlik uchun foydalanish”ni anglatadi.
Demak, firibgarlik shaxsning boshqa bir shaxsni aldash yoki ishonchini suiiste’mol qilish orqali sodir etgan harakatida namoyon bo‘ladigan qilmish sifatida ifodalanadi.
Tarixiy manbalarga ko‘ra kishilik jamiyatda insonlar azaldan bir birlari bilan ijtimoiy, iqtisodiy munosabatlarida, jamiyatda ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomligida rostgo‘ylik alohida muhim o‘rin tutadi. Rostgo‘ylikning qarama-qarshisi - yolg‘onchilikdir.
Firibgarlik jinoyatining bevosita ob’ekti — o‘zganing mulki yoki mulkiy huquqlarini muhofaza qilishga qaratilgan ijtimoiy munosabatlar.
Ob’ektiv tomondan firibgarlik aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiy huquqini egallashdan iborat.
Ushbu jinoyatning o‘ziga xosligi shundaki, tashqi tarafdan mulkdor tomonidan mulkni “ixtiyoriy” ravishda berish yoki begonalashtirish va jinoyatchiga o‘tkazish kuzatiladi. Bunda, aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish talon-toroj qilishning zaruriy usuli sifatida ifodalanadi.
Xususan, aybdor tomonidan, bila turib, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan yolg‘on ma’lumotlar xabar qilinishi yoki ish holati bo‘yicha mulkdor, mulkning boshqa egasiga ma’lum qilinishi lozim bo‘lgan haqiqiy faktlarni yashirish yoxud bunday shaxslarni yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etilgan harakatlar aktiv aldov hisoblanadi. Passiv aldov esa, shaxs qonuniy asoslarga muvofiq ma’lum qilishi lozim bo‘lgan haqiqiy faktlarni qasddan xabar qilmasligida ifodalanadi.
Yuridik adabiyotlarda aldash deganda, mol-mulk egasi yoki mol-mulk ishonib topshirilgan shaxsning o‘zi uni firibgarga ixtiyoriy ravishda, o‘z xohishi bilan berishiga erishish maqsadida, jabrlanuvchini chalg‘itish uchun aybdor shaxs tomonidan har qanday faktni buzib ko‘rsatish yoki haqiqatni yashirish yoxud bila turib yolg‘on ma’lumotlarni xabar qilish tushunilishi bayon etilgan.
Firibgarlikning talon-tarojdagi o‘g‘rilik, talonchilik, bosqinchilik shakllaridan farqi ham jabrlanuvchining o‘zi mulkni aybdor shaxsga ishongani yoki aldangani sababli ixtiyoriy ravishda berib yuborishida ifodalanadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, aldashda firibgarning asosiy maqsadiga, ya’ni aldangan kishi jinoyatchiga uz mulkini yoki mulkiy huquqini ixtiyoriy ravishda berishiga erishish kuzda tutiladi deyish mumkin.
Aybdor o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida jabrlanuvchini chalg‘itayotganligini yoki bila turib ishonchini suiiste’mol qilayotganligini anglab etadi va buning sodir etilishini xohlaydi. Shuningdek, ushbu jinoiy qilmishni aybdor mulkiy foyda olish va boyib ketish maqsadida sodir etadi. G‘araz maqsadning mavjudligi firibgarlikning zaruriy elementi hisoblanadi.
Qayd etib o‘tilgan masalalar hamda firibgarlik jinoyatining global miqyosda keng rivojlanib borishi, qonunchilikni va mavjud amaliyotni takomillashtirishni taqazo etmoqda.
Samarqand viloyat sudining sudyasi
To‘raev Zayniddin
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on
shahar sudining raisi
Oltiboev Abdixakim