FAOL ADOLATCHI AYOLLAR KATTAQO‘RG‘ONDA TAJRIBA ALMASHDI
Kattaqoʻrgʻon shahrida O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasi siyosiy kengashi tashabbusi bilan “Adolatchi ayollar” qanoti Kattaqo‘rg‘on shahar kengashi tajribasini ommalashtirish” mavzusida respublika amaliy – seminari o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasi siyosiy kengashi raisi o‘rinbosari - Ozoda Parpibayeva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiyaning viloyat va shahar kengashi vakillari hamda partiyaning kattaqo‘rg‘onlik faol aʼzolari ishtirok etdilar.
Dastlab so‘zga chiqqan shahar hokimi Gavhar Alimova shaharda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, oilalarni mustahkamligini taʼminlash, xotin-qizlar tashabbuskorligini yuzaga chiqarish va ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasidagi ishlar, erishilgan yutuqlar haqida so‘z yuritdi.
Shundan so‘ng so‘zga chiqqan partiya siyosiy kengashi vakillari, Qonunchilik palatasi duputatlari Kattaqo‘rg‘on shahridagi bu boradagi ishlarni ijobiy baholadilar va azaldan shahar o‘zining ziyoli xalqi, yuksak maʼnaviyati bilan maʼrifat, ilm-fan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotganligini eʼtirof etdilar. Ayniqsa, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani faol va ziyoli, rahbar ayollar sonini oshishi, oilalar mustahkamligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etayotganligini taʼkidladilar.
Shuningdek, seminar davomida Toshkent shahri, Buxoro va Navoiy viloyatlaridan tashrif buyurgan partiya faollari, ayollar ijtimoiy faolligini oshirish, oila qadriyatlarini mustahkamlash, gender tengligini taʼminlash, ajrimlarni oldini olish borasidagi ishlar yuzasidan tajriba almashdilar.
Kattaqo‘rg‘on tajribasini respublika miqyosida ommalashtirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar va vazifalar belgilab olindi.
                        



