insurez
25-07-2024 10:04

Energiya resurslaridan oqilona foydalanish davr talabi


Yildan-yilga energiya resurslariga talab oshib borayotgan zamonda ulardan oqilona foydalanish, isrofgarchilikni kamaytirishni hayotning o‘zi taqozo etmoqda.

Kuni kecha shahar Drama teatrda shahar prokurori Ismoil Nuriddinov, sektor rahbarlari, mahalla yettiligi, korhona-tashkilot rahbarlari, gaz va elektr idoralari mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish mazkur masalaga bag‘ishlandi.

Yig‘ilishda so‘z olgan shahar prokurori bu borada qilinishi lozim bo‘lgan ishlar, belgilangan tadbirlar haqida so‘z yuritdi.

-Albatta bugun yurtimizda bu borada tashkil qilingan tadbirlardan maqsad yoqilg‘i-energetika resurslarini iqtisod qilish, zamonaviy texnologiya va qurilmalardan foydalanish samaradorligini oshirish hamda yoqilg‘i-energetika resurslarini xo‘jasizlarcha sarflanishining oldini olishdan iborat, - deya ta’kidladi shahar prokurori o‘z so‘zida.

Shuningdek, yig‘ilishda elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish, bunda energiya iste’molini samarali tashkil etish orqali muayyan hajmlarni tejash orqali amalga oshirilishi yuzasidan mahalla yettiligi hamda gaz, elektr ta’minoti idorasi mas’ullari tomonidan hamkorlikda qilinishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha tegishli vazifalar belgilanib, zaruriy topshiriqlar berildi.

Kommunal xizmatlar aholi turmush darajasini yaxshilashga xizmat qiluvchi eng muhim soha hisoblanadi. Bugun Kattaqo‘rg‘on shahrida bu boradagi ishlarning holati qay darajada.

Yig‘ilishda o‘tgan davr mobaynida boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan shahar aholisiga ko‘rsatilgan kommunal xizmatlarning o‘rganish natijalari muhokama qilindi. Kamchiliklar tahlil qilinib, mas’ullar ogohlantirildi va ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berildi.

Kattaqo'rg'on shahar hokimligi axborot xizmati.

 

Teglar
- -