insurez
10-09-2025 18:14

BAHODIR YO‘LDOShEV TAVALLUDINING 80 YILLIGIGA BAG‘IShLAB XOTIRA KEChASI O‘TKAZILDI


Shunday insonlar borki ularning xotiralari qalblarda mangu yashaydi. O‘zidan ulkan ijodiy meros qoldirgan Kattaqo‘rg‘on farzandi Bahodir Yo‘ldoshevni ham ana shunday insonlardan biri desak adashmaymiz.

Kattaqo‘rg‘on shahar Drama teatrida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, O‘zbekiston xalq artisti, rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev tavalludining 80 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan xotira kechasida ijodkorni buyuk iste’dod va iqtidor egasi sifatida xotirladilar.

Tadbirda shahar hokimi Gavhar Alimova, jamoatchilik vakillari, ijodkorlar va talaba yoshlar ishtirok etdilar.

So‘zga chiqqan shahar hokimi G.Alimova Bahodir Yo‘ldoshevning hayoti va ijodi haqida so‘z yuritar ekan, uning mamlakatimizda san’at va madaniyatni rivojlantirshga qo‘shgan hissasini alohida e’tirof etdi.

Teatr aktyorlari ham Bahodir Yo‘ldoshevning hayoti va ijodi haqida o‘zlarining samimiy dil izhorlarini bildirdilar hamda shirin xotiralarni esga oldilar.

Bahodir Yo‘ldoshev 1945-yil 7-sentyabrda Kattaqo‘rg‘on shahrida san’atkorlar oilasida ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Shirin (Soraxon) Melieva va aktyor Tursun Yo‘ldoshevlar oilasida dunyoga kelgan. Mehnat faoliyatini O‘zbek davlat akademik drama teatri artisti lavozimida boshlagan. Yigirma yetti yoshida ushbu nufuzli teatrga bosh rejissyor va badiiy rahbar etib tayinlangan.

1984-2004 yillarda Abror Hidoyatov nomidagi O‘zbek davlat drama teatrida badiiy rahbar sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Xalqimiz qalbidan joy olgan ko‘plab spektakllarga rejissyorlik qilgan Bahodir Yo‘ldoshev, mamlakatimizning turli sanalariga bag‘ishlangan bayram tomoshalarini ham sahnalashtirgan.

Bahodir Yo‘ldoshevning samarali faoliyati e’tirof etilib, «O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi» hamda «O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti» faxriy unvonlari, «Mehnat shuhrati», «Fidokorona xizmatlari uchun», «El-yurt hurmati», “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan.

Tadbir davomida Bahodir Yo‘ldoshev tomonidan sahnalashtirilgan spektakllardan parchalar namoyish etildi.

Albatta, serqirra ijodkor Bahodir Yo‘ldoshevning hayot va ijod yo‘li ko‘plab madaniyat va san’at sohasi vakillari uchun katta mahorat va ibrat maktabi bo‘lgan,- desak adashmaymiz.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek o‘zbek xalqining buyuk san’atkor farzandi, betakror shaxs, samimiy va kamtarin inson, yoshlarning mehribon va talabchan ustozi Bahodir Yo‘ldoshevning yorqin xotirasi barcha yaqinlari, shogirdlari va muxlislari qalbida hamisha saqlanib qoladi.

Teglar
- -