UCH AVLOD VAKILLARI UCHRASHDI
Kattaqoʻrgʻon shahar Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida uch avlod uchrashuviga bagʻishlangan “Tarix bilan yuzma yuz” mavzusida maʼnaviy -maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.
Unda shahar hokimi Gavhar Alimova, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining viloyat kengashi vakili hamda bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan bir guruh tibbiyot sohasi vakillari va mehnat faxriylari ishtirok etdi.
Tadbirda soʻz olgan shahar hokimi bu kabi tadbirlarning yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, keksa avlod vakillariga hurmat hissini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. Kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat kengashi vakili kasaba uyushmalari harakatiga 120 yil boʻlganligi hamda bugungi kunda sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida soʻz yuritdi.
Shuningdek, mehnat faxriylari ham oʻzlarining hayotiy hamda ish tajribalarini yoshlar bilan oʻrtoqlashdilar. Yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldilar.
Tadbir davomida texnikumning oʻquvchilari tomonidan ajoyib kuy va qoʻshiqlar, raqslar ijro etildi.
Uchrashuv yakunida bir guruh mehnat faxriylariga kasaba uyushma tashkilotining esdalik sovgʻalari hamda tashakkurnomalari taqdim etildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining viloyat kengashi tomonidan Xorazm viloyatiga tashkil etiladigan sayohatlarda ishtirok etishi uchun sertifikatlar topshirildi.