insurez
26-11-2024 14:57

Tuhmat qilish uchun javobgarlik qanday?


Tuhmat – bila turib yolg‘on, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish. Tuhmat uchun qonunda ma’muriy javobgarlik belgilangan bo’lib, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Agar tuhmat qilish ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi hamda jinoyat kodeksi 139-moddasiga binoan bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Shuningdek, nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan tarzda, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali tuhmat qilish, — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi. Agar tuhmat:  a) og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab; b) og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan holda; v) xavfli retsidivist tomonidan; g) g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda qilinsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan to‘rt yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi. Sizga nisbatan tuhmat qilishgan bo’lsa, unda tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organga murojaat qilishingiz lozim. 

 

 

                                                                                       T.Abdullayev,

Kattaqo`rg`on shahar  YXKM bosh yuristkonsulti

                                                                                                                                     

Teglar
- -