Transport vositasini mast holda boshqarishning oqibatlari
Spirtli ichimlik ichib mashina boshqarsangiz …
O‘n besh million so‘m jarima 36 oy rulga o‘tirish huquqidan mahrum bo‘lish…
Ish joyidan ayrilish…
Hozirgi kunda transport infratuzilmasi tez sur’atlarda rivojlanib bormoqda. Shu bilan birga transport bilan bog‘liq bo‘lgan huquqbuzarlik va jinoyatlar soni ham ortgan. Ulardan biri transport vositasini mast holda boshqarishdir.
Ko‘plar qo‘rqmay transportni mast holda boshqarayapti (ayrimlar 100 gramm alkogol ichgan holda, ayrimlar esa umuman es-hushini yo‘qotgan holda).
Endi o‘ylab ko‘raylik, transport vositasini mast holda boshqarish bizga qanchalik zarar?
Agar haydovchi transport vositasini alkogolli ichimlik, giyovand modda ta’sirida yoki o‘zgacha tarzda mast holda boshqarsa, u kamida transport vositasini boshqarish huquqidan o‘ttiz olti oy va bazaviy hisoblash miqdorining qirq baravari (hozirda 15 mln so‘m) miqdorida jarima to‘lashiga olib kelishi mumkin. Bu summaga hali transport vositasini jarima maydonchasiga qo‘yilgani uchun belgilangan jarima summasi ham qo‘shiladi. Demak, transportni mast holda boshqarish kamida 16 mln. so‘mga yaqin zarar bilan birga 36 oy rulga o‘tirish huquqidan mahrum qiladi.
Transportni mast holda transport huquqiga ega bo‘lmagan (“prava”siz) fuqaro boshqarsa-chi?
Transport vositasini alkogolli ichimlikdan, giyovand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holda transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxs boshqarsa, bazaviy hisoblash miqdorining qirq baravari miqdorida (hozirda 18 mln. 750 ming so‘m) jarima solishga yoki o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi. Demak, fuqaro bunday holda 19 mln. so‘mdan ko‘proq to‘laydi yoki 15 sutka ma’muriy qamoq jazosini oladi. Fuqaro ma’muriy qamoq davrida o‘z ish joyidan ayrilib qolish ehtimoli ham yo‘q emas.
Yurtimizda mast holda transport vositalarini boshqarganlik uchun bunday jazolar belgilanganligining sababi ushbu huquqbuzarlikning oqibatida jamiyatga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararni kamaytirish hisoblanadi. Chunki fuqaro mast holda transport vositasini boshqarishi og‘ir oqibatlarga, hattoki, fuqarolarning o‘limiga ham olib kelayotganining guvohi bo‘layapmiz (bu esa jinoiy javobgarlikka olib keladi). Shu boisdan, haydovchilarni mastlikka yetaklovchi ichimliklarni iste’mol qilgan holda transport boshqarmaslikka chaqiramiz.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on
shahar sudining raisi
Oltiboyev Abdixakim
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on
shahar sudining tergov sudyasi
Xakimov Muzafar