insurez
13-03-2025 18:30

Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish va mazkur jinoyatni oldini olish


Hozirgi kunda transport vositalaridan foydalanishga boʼlgan ehtiyoj kundan kunga ortib bormoqda. Bu esa oʼz transport vositalari bilan bogʼliq huquqbuzarlik va jinoyatlarning sodir etilishiga ham sabab boʼlmoqda.
Mazkur turdagi jinoyat uchun Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 266-moddasi javobgarlik belgilangan boʼlib, JK 266-moddasida nazarda tutilgan jinoyat subʼekti sifatida transport vositasini boshqargan, yaʼni:
haydovchilik guvohnomasiga ega;
yoʼl harakati qoidalarini buzganligi uchun haydovchilik guvohnomasi olib qoʼyilgan;
tegishli turdagi transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilingan;
qoʼsh boshqaruvli oʼquv (mashq) transport vositasida transportni boshqarishni oʼrgatayotgan shaxs topilishi mumkin.
Shuni nazarda tutish lozimki, yoʼl harakati qoidalarini buzish transport vositasini boshqarish tartibiga doir belgilangan koʼrsatmalarga rioya etmaslikda (masalan, belgilangan harakatlanish tezligini oshirish, yoʼl belgilariga rioya qilmaslik, harakatlanishning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketish va shu kabilarda) ifodalanadi. Transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish esa, transport vositalaridan foydalanish tartibiga doir belgilangan koʼrsatmalarga rioya etmaslikda (masalan, nogabarit yuklarni yoki yoʼlovchilarni bunga moʼljallanmagan transport vositasida tashish, transport vositasi boshqaruvini shu vositani boshqarish huquqiga ega boʼlmagan shaxsga topshirish va shu kabilarda) ifodalanadi.
Yoʼl harakati qoidalari ikki yoki undan ortiq yoʼl harakati ishtirokchisi tomonidan buzilgan hollarda, JK 266-moddasi boʼyicha jinoiy javobgarlik faqat transport vositasini boshqarish borasidagi harakatlari mazkur moddada koʼrsatib oʼtilgan oqibatlar bilan sababiy bogʼlanishda boʼlgan haydovchidagina kelib chiqadi. Transport vositasini boshqarish borasidagi harakatlari kelib chiqqan oqibatlar bilan sababiy bogʼlanishda boʼlmagan boshqa haydovchi esa, yoʼl harakati qoidalarini buzganligi uchun maʼmuriy javobgarlikka tortiladi.
Haydovchining yoʼl-transport hodisasi sodir etilishida, jumladan, harakatlanish tezligini oshirganligi natijasida, aybdorligi yoki aybsizligi masalasini hal etishda “Yoʼl harakati qoidalari”ning XI boʼlimi talablaridan kelib chiqish lozim boʼlib, unga koʼra, haydovchi transport vositasini belgilangan cheklangan tezlikdan oshirmasdan harakatning serqatnovligini, transport vositasi va yukning xususiyati hamda holatini, yoʼl va ob-havo sharoitini, xususan, harakatlanish yoʼnalishidagi koʼrinishni hisobga olgan holda boshqarishi kerak.
Shu talabdan kelib chiqib, harakatlanish uchun xavf paydo boʼlganda, agar haydovchida buni payqashi imkoniyati boʼlsa, u transport vositasini toʼxtatish darajasigacha tezlikni kamaytirish choralarini koʼrishi kerak. JK 266-moddasi boʼyicha jinoiy javobgarlik, faqat, haydovchida yoʼl-transport hodisasining oldini olish uchun texnik imkoniyat mavjud boʼlganda va uning huquqqa xilof xatti-harakatlari bilan kelib chiqqan oqibatlar oʼrtasida sababiy bogʼlanish mavjudligi aniqlangan taqdirda kelib chiqadi.

 

Jinoyat ishlari boʼyicha Kattaqoʼrgʼon
shahar sudining raisi 
Аbdixakim Oltiboev

Jinoyat ishlari boʼyicha Kattaqoʼrgʼon
shahar sudining tergov sudьyasi
Xakimov Muzafar

Teglar
- -