Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish va mazkur jinoyatni oldini olish
Hozirgi kunda transport vositalaridan foydalanishga bo‘lgan ehtiyoj kundan kunga ortib bormoqda. Bu esa o‘z transport vositalari bilan bog‘liq huquqbuzarlik va jinoyatlarning sodir etilishiga ham sabab bo‘lmoqda.
Mazkur turdagi jinoyat uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 266-moddasi javobgarlik belgilangan bo‘lib, JK 266-moddasida nazarda tutilgan jinoyat sub’ekti sifatida transport vositasini boshqargan, ya’ni:
haydovchilik guvohnomasiga ega;
yo‘l harakati qoidalarini buzganligi uchun haydovchilik guvohnomasi olib qo‘yilgan;
tegishli turdagi transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilingan;
qo‘sh boshqaruvli o‘quv (mashq) transport vositasida transportni boshqarishni o‘rgatayotgan shaxs topilishi mumkin.
Shuni nazarda tutish lozimki, yo‘l harakati qoidalarini buzish transport vositasini boshqarish tartibiga doir belgilangan ko‘rsatmalarga rioya etmaslikda (masalan, belgilangan harakatlanish tezligini oshirish, yo‘l belgilariga rioya qilmaslik, harakatlanishning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketish va shu kabilarda) ifodalanadi. Transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish esa, transport vositalaridan foydalanish tartibiga doir belgilangan ko‘rsatmalarga rioya etmaslikda (masalan, nogabarit yuklarni yoki yo‘lovchilarni bunga mo‘ljallanmagan transport vositasida tashish, transport vositasi boshqaruvini shu vositani boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan shaxsga topshirish va shu kabilarda) ifodalanadi.
Yo‘l harakati qoidalari ikki yoki undan ortiq yo‘l harakati ishtirokchisi tomonidan buzilgan hollarda, JK 266-moddasi bo‘yicha jinoiy javobgarlik faqat transport vositasini boshqarish borasidagi harakatlari mazkur moddada ko‘rsatib o‘tilgan oqibatlar bilan sababiy bog‘lanishda bo‘lgan haydovchidagina kelib chiqadi. Transport vositasini boshqarish borasidagi harakatlari kelib chiqqan oqibatlar bilan sababiy bog‘lanishda bo‘lmagan boshqa haydovchi esa, yo‘l harakati qoidalarini buzganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
Haydovchining yo‘l-transport hodisasi sodir etilishida, jumladan, harakatlanish tezligini oshirganligi natijasida, aybdorligi yoki aybsizligi masalasini hal etishda “Yo‘l harakati qoidalari”ning XI bo‘limi talablaridan kelib chiqish lozim bo‘lib, unga ko‘ra, haydovchi transport vositasini belgilangan cheklangan tezlikdan oshirmasdan harakatning serqatnovligini, transport vositasi va yukning xususiyati hamda holatini, yo‘l va ob-havo sharoitini, xususan, harakatlanish yo‘nalishidagi ko‘rinishni hisobga olgan holda boshqarishi kerak.
Shu talabdan kelib chiqib, harakatlanish uchun xavf paydo bo‘lganda, agar haydovchida buni payqashi imkoniyati bo‘lsa, u transport vositasini to‘xtatish darajasigacha tezlikni kamaytirish choralarini ko‘rishi kerak. JK 266-moddasi bo‘yicha jinoiy javobgarlik, faqat, haydovchida yo‘l-transport hodisasining oldini olish uchun texnik imkoniyat mavjud bo‘lganda va uning huquqqa xilof xatti-harakatlari bilan kelib chiqqan oqibatlar o‘rtasida sababiy bog‘lanish mavjudligi aniqlangan taqdirda kelib chiqadi.
Samarqand viloyat sudining sudyasi
To‘raev Zayniddin
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on
shahar sudining raisi
Abdixakim Oltiboev