insurez
12-02-2025 10:27

Tomorqa daromad manbai: Bu borada «Oq-oltin» mahallasi tajribasi


Tomorqa daromad manbai. Undan unumli foydalanib, mehnat qilgan inson, albatta buning foydasini ko‘radi. Bu borada Davlatimiz Rahbari tomonidan “Tomorqada va ijaraga berilgan yerlarda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar yetishtirishning yangi tizimi” to‘g‘risida o‘tkazilgan videselektor yig‘ilishida tomorqalardan foydalanish aholining daromadlarini oshirish yo‘llari bo‘yicha aniq tavsiya va topshiriqlar berilib, bir qator imtiyozlar yaratib berildi.

Bu imtiyozlardan samarali foydalanib kelayotgan shahrimizdagi “Oq oltin” mahallasida yashovchi ko‘plab oilalar munosib hayot kechirmoqdalar.

1 sektor hududida joylashgan mazkur mahallada yashovchi Ibroyim Yangiboev xonadonida «2025 yil mobaynida aholining tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanishini tashkil etish» yuzasidan ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.

Unda shahar hokimi Gavhar Alimova, sektor rahbarlari, 1-sektordagi mahallalar vakillari ishtirok etdilar.

Seminar davomida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi hamda hokim yordamchilari tomonidan tomorqalardan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish orqali oilalarning daromadlarini oshirish hamda bandligini ta’minlash maqsadida amalga oshirilishi belgilangan ishlar hamda kelgusidagi vazifalar yuzasidan taqdimotlari namoyish etildi.

Shundan so‘ng mahallada yashovchi Ibroyim Yangiboev xonadonida bo‘lgan seminar ishtirokchilari oila a’zolari tomonidan tashkil qilingan issiqxonada mahsulotlarning yetishtirish jarayonlari bilan tanishdilar. Xonadon sohibi tomorqada daromad olish bo‘yicha o‘z tajribasi haqida gapirar ekan, albatta, har bir inson o‘z tomorqasida mavjud imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalansa yaxshigina daromad qilishi mumkinligini ta’kidladi.

Seminar doirasida mahalla yettiligi va boshqa mas’ullarni jalb qilgan holda sektordagi mahallalarda yashovchi aholi xonadonlaridagi tomorqalar to‘liq o‘rganilib, xatlov qilinishi, tomorqalarning suv ta’minoti o‘rganilishi, uni yaxshilash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, yerdan samarasiz foydalanayotgan xonadonlarga mahalladagi ilg‘or xonadonlarni biriktirilishi haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida aholi tomorqalariga, mahallalarning ichki ko‘chalariga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish ishlari davom ettirilishi, yangicha yondashuv asosida tomorqa egalarining bilimlari oshirilishi, seminarlar tashkil etilishi belgilab olindi.

Teglar
- -