SHAHAR KENGASHINING SESSIYASI O‘TKAZILDI
Bugun Xalq deputatlari shahar Kengashining navbatdagi 92 sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda shahar hokimi o‘rinbosarlari, deputatlar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda tegishli tashkilotlar rahbarlari qatnashdilar.
Sessiyada 7 ta masala muhokama qilindi.
Dastlab, joriy yilning 6 oyi davomida Kattaqo‘rg‘on shahri hududida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i G‘ulom Islomovning hisoboti eshitildi.
Xalq qabulxonasi, sektorlar va tashkilot rahbarlarining aholi murojaatlari va muammolari bilan ishlash faoliyati yuzasidan shahar Xalq qabulxonasi mudiri Xamrotosh Shodievaning hamda “Aholi farovonligini ta’minlash va mahallalardagi mavjud muammolarni hal etishda mahalla yettiligining mas’uliyatini oshirish, faoliyati va rolini kuchaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar” yuzasidan mahalla uyushmasi shahar bo‘limi raisi Abdulla Raxmanovlar hisobot berdi.
Shundan so‘ng Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri Alisher Daminovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-fevraldagi “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini“, "Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-27-son Farmoni shuningdek 2024-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” PF-37-son Farmoni ijrosi yuzasidan hududda maktabgacha va maktab ta’limi tizimida amalga oshirib kelinayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti deputatlar e’tiboriga havola etildi.
Shuningdek, sessiyada deputatlar tomonidan Xalq deputatlari shahar Kengashi deputatlari va kotibiyati xodimlarining xorijiy mamlakatlarga chiqishi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish to‘g‘risida, Xalq deputatlari mahalliy Kengash deputatlari tomonidan o‘z saylovchilari oldida axborot berish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi va tartibini tasdiqlash to‘g‘risida hamda Xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on shahar Kengashi tomonidan shahar huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari hisobotlarini eshitishning tartibini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorlar tasdiqlandi.
Shuning bilan sessiya o‘z ishini yakunladi.
Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi axborot xizmati.