SHAHAR HOKIMI ALIMOVA GAVHAR ZAYIROVNANING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT BAYROG‘I QABUL QILINGANLIGINING 33 YILLIGI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI
Assalomu alaykum qadrli hamshaharlar!
Avvalambor barchangizni O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan chin dildan muborakbod etaman.
1991 yil 18 noyabrda Mustaqilligimiz ramzlaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan kundan boshlab ushbu kun milliy iftixorimiz sifatida katta tantana bilan nishonlanib kelinmoqda. Zero, Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulug‘ sanaladi. Chunki u xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir.
Davlat bayrog‘i — xalq tarixi va istiqboli ramzidir. Sohibqiron Amir Temur saltanatida davlat tug‘i adolat, buyuk kuch-qudrat ramzi hisoblangan. “Temur tuzuklari”da qayd etilishicha, yov ustidan shijoat va mardlik ko‘rsatib g‘alaba qozongan amirlar hamda sipohiylarga davlat timsollari — tug‘ va nog‘ora in’om qilingan. Bu esa saltanat ramzlari nechog‘li baland maqom tutganidan dalolat beradi.
Bayrog‘imiz o‘zida butun O‘zbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, g‘ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo‘stlikni mujassam etgan.
Bayroqdagi moviy rang – uning ostida barcha millatlar turli xil xavf-xatarlardan xoli, emin-erkin holda ahil-inoq yashab kelayotgan musaffo osmonimiz hamda obi hayot ramzidir.
Bayroqdagi oq rang – davlatimiz fuqarolarining o‘zaro hamjihatlikda, bir-birini hurmat qilib, diniy bag‘rikenglik tamoyillari asosida tinch-totuv yashayotganining timsoli.
Yashil rang esa tabiatning yangilanishi hamda yurtimizning jannatmonand ekanligi ramzidir. Bu rang ko‘pgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi.
Qizil chiziqlar davlatimiz farovonligi, jamiyat taraqqiyoti yo‘lida o‘zaro hamjihatlik bilan hormay-tolmay mehnat qilayotgan yurt farzandlarining vujudida oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlaridir.
Tug‘ini jonidan ortiq asragan To‘maris, Spitamen, Muqanna, Temur Malik, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi o‘nlab sarkardalar hayoti ham bugun avlodlarimizga katta ibrat. Aslida Vatan bayrog‘ini ko‘zga surtish, uni to‘tiyo qilish Vatanni sevish, uning uchun jonini fido qilishga tayyor bo‘lish deganidir.
Davlatimiz bayrog‘i mamlakatimizning mustaqilligini ifodalovchi muqaddas belgidir. U xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, tinch va osoyishta, ozod va erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonchimizni ifoda etadi.
Bugun milliy bayrog‘imiz davlat idora hamda muassasalari, o‘quv yurtlari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turibdi. Turli bayram tantanalari, mamlakatimiz a’zolari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, nufuzli sport musobaqalarida ham bayrog‘imiz Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘ururini yorqin aks ettirmoqda.
1992 yilning 2 martidan boshlab davlatimiz bayrog‘i Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh qarorgohi binosida hilpirab turibdi. Davlatimiz bayrog‘i xalqaro maydonda mamlakatimizning o‘ziga xos o‘rni, mustaqilligimiz e’tirofi, xalqimiz g‘urur va iftixori timsoli bo‘lib xizmat qilmoqda. Ana shunday lahzalarda qalblarimizda shu bayroqqa, uning timsolida ona Vatanimizga bo‘lgan cheksiz hurmat, chuqur daxldorlik hissi jo‘sh uradi.
Darhaqiqat, dunyoda millat va elatlar, xalqlar va davlatlar ko‘p, lekin O‘zbekiston bitta. Har bir inson ongu shuuriga Vatanimiz ramzlariga nisbatan chuqur hurmat tuyg‘ularini singdirish, umummilliy va ehtirom timsollari bo‘lgan bayroq, gerb va madhiyamizni ulug‘lash va ardoqlash barchamizning muqaddas burchimizdir.
Toki bayroq bor ekan, millat bor, davlat bor, Vatan bor. O‘zbekiston farzandlari qaerda bo‘lmasin, qanday natijalarga erishmasin Vatan bayrog‘ini ardoqlaydi. Chunki bayroq — hurlik timsoli, ezgulik, tinchlik ramzidir!
Aziz do‘stlar!
Sizlarni yana bir bor O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan muborakbod etaman.