SESSIYADA 7 TA MASALA KO‘RILDI
Xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on shahar Kengashining NAVBATDAGI 95-sessiyasi o‘tkazildi. Unda deputatlar, tegishli tashkilotlar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. Sessiyada quyidagi 7 ta masala ko‘rib chiqildi.
Kun tartibidagi birinchi masala bo‘yicha shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i A.Alimovning “Sayxunobod, “Uychi”, “Zarbdor” va “G‘ijduvon” tajribalari asosida aholini biznesga jalb qilish, bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish yuzasidan alohida berilgan topshiriqlar ijrosi hamda 2024-yilning ikkinchi yarim yilligida barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash hamda kambag‘allikni qisqartirish borasidagi vazifalari to‘g‘risida”gi hisoboti eshitildi.
Shundan so‘ng Samarqand suv ta’minoti MChJ Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘lim boshlig‘i A.Mamedovning “Shahar aholisini ichimlik va oqava suv bilan ta’minlash darajasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar to‘g‘risida”gi hamda shahar hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i F.Qurbanovning “2024-yilning 6 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida”gi hisobotlari deputatlar e’tiboriga havola etildi.
Sessiyada shuningdek, Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlarni hududiy saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etish to‘g‘risida, 2024-yil 1-iyul holatiga shahar mahalliy byudjetining erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan ajratiladigan mablag‘lar to‘g‘risida, shahar hokimining 2024-yil 7-avgustdagi “Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi boshqaruv apparatining yangilangan tashkiliy-tuzulmasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 319-7-106-Q/24- sonli qarorini tasdiqlash to‘g‘risidagi hamda Xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on shahar Kengashi kotibiyatining ichki mehnat tartib qoidalari to‘g‘risidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Shuning bilan sessiya o'z ishini yakunladi.
Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi axborot xizmati.