insurez
25-12-2024 09:57

RAQAMLI DALILLARNI SUDGA TAQDIM ETISH TARTIBI TASDIQLANDI


Prezident tomonidan joriy yilning 21 noyabrь kuni «Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida»gi qonunni imzoladi.
Hujjat bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga, Fuqarolik-protsessual kodeksiga, Iqtisodiy protsessual kodeksga, Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksga va Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʼgʼrisidagi kodeksga raqamli dalillar tushunchasi, raqamli dalillarni toʼplash, taqdim etish, mustahkamlash, koʼzdan kechirish, tekshirish va baholash, ularni saqlash, qaytarish hamda yoʼq qilish tartibini belgilovchi oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritilmoqda.
Xususan, jinoyat ishi doirasida guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va boshqa shaxslar elektron maʼlumotlarni ushbu maʼlumotlarning koʼchirma nusxasini elektron jismdan elektron maʼlumotlar mavjud boʼlgan boshqa elektron jismga olish orqali taqdim etishga haqli.
Elektron maʼlumotlar elektron qurilmalardan va axborot tizimlaridan, shuningdek, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda yaratiladigan, ishlov beriladigan hamda saqlanadigan maʼlumotlardir.
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud taqdim etilgan elektron maʼlumotlarni mutaxassis ishtirokida qabul qilib oladi hamda elektron maʼlumotlar mavjud boʼlgan birlamchi elektron jismlarni koʼzdan kechiradi.
Ish uchun ahamiyatga ega boʼlmagan elektron maʼlumotlar mavjud boʼlgan elektron jismlar egalariga darhol qaytarib beriladi.
Ish uchun ahamiyatga ega boʼlgan holatlar toʼgʼrisidagi maʼlumotlar mavjud boʼlgan elektron maʼlumotlar, shu jumladan, elektron tarzdagi fayllar, audio, videoyozuvlar, internet tarmogʼida saqlanayotgan maʼlumotlar, shuningdek, boshqa elektron maʼlumotlar raqamli dalillardir.
Raqamli dalildan koʼchirma nusxa olishga, basharti uning yaxlitligi va aynan oʼxshashligi saqlansa, yoʼl qoʼyiladi. Raqamli dalildan koʼchirma nusxa olishga yoʼl qoʼyilishi oʼzidan mazkur koʼchirma nusxa olingan raqamli dalilning asli mavjudligi bilan taʼminlanadi.
Guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va boshqa shaxslar raqamli dalillarning koʼchirma nusxalarini qogʼozda chop etilgan shaklda taqdim etish huquqiga ega. Bunda raqamli dalilning qogʼozdagi shakli yozma dalil deb hisoblanishi mumkin emas.
Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, tergov va sud jarayonida tuzilgan protsessual bayonnomalarga ilova qilingan, elektron maʼlumotlar tarzida shakllantirilgan audio, videoyozuvlar ham raqamli dalillar hisoblanadi.
Raqamli dalilning koʼchirma nusxasi ish materiallari bilan birga saqlanadi.
Ushbu Qonun fuqarolar va tashkilotlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini sudlarda ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Jinoyat ishlari boʼyicha Kattaqoʼrgʼon 
shahar sudining raisi
Oltiboev Аbdixakim

Jinoyat ishlari boʼyicha Jomboy 
tuman sudining raisi
Аbdurazakov Аbdusattor

Teglar
- -