insurez
23-10-2024 09:58

Qozilik odoblari


“Qozi” atamasi arab tilida (“qaza” so‘zidan yasalgan) “ijro etuvchi”, “amalga oshiruvchi”, “hukm chiqaruvchi” ma’nolarini anglatib, musulmon davlatlarida hukmdor tomonidan tayinlangan va shariat asosida sud vazifasini bajaruvchi, sudya, shar’iy mahkama raisi tushuniladi. Uning “ijro etmoq”, “bartaraf qilmoq”, “sud qilmoq”, “hal etmoq” singari ma’nolarni ifodalovchi yana bir qancha shakllari ham mavjud.
Asrlar davomida qozilik sudlarida ish yuritish tartib-qoidalari, tamoyillari, qozilik maqomi va bu mansab egalarining odob-ahloqiga oid talablar takomillashib, sayqallanib borgan. Islom fiqhshunos olimlarining jinoyat va jazo, nizolarni hal etish, sud ishlarini yuritish masalalarida olib borgan ilmiy izlanishlari hozirgi zamon huquqiy doktorinalarining vujudga kelishiga zamin yaratdi.

Tarixda ilk bor “Qozi al-quzzot” (buyuk qozi) nomiga sazovor bo‘lgan Abu Yusufning (113—182 hijriy/731—798 milodiy) islom huquqi va jinoyat va jazoga oid dastlabki manba hisoblangan “Xiroj” kitobida dalillar nazariyasi hamda aybsizlik prezumpsiyasi (xabeas korpus), bir necha jinoyatlar uchun jazo masalasi, qozilarga davlat xazinasidan maosh to‘lanishi haqidagi prinsipial qoidalar yoritilgan. U o‘z faoliyati davomida orttirgan tajribalari va ilmiga asoslanib, qozilik odobi va vazifalariga bag‘ishlangan ilk kitob “Adabul-Qozi” asarini yozgan.
Qozilik odobi haqida bitilgan alohida kitoblar ichida Imom al-Movardiyning “Odob-ul qoziy” kitobi mashhurdir. Bu asarda qadimda qozilik ishlari qanchalik mukammal tarzda, eng nozik tomonlarini ham hisobga olingan holda yuritilishini ko‘rish mumkin. Hattoki, qozi hukm chiqarish uchun o‘tirganda qanday kiyimda bo‘lishi lozimligigacha ko‘rsatib qo‘yilgan.
Qozilikka taalluqli ilk risola Muhammad ibn Abdulloh Xatib Tamartoshiyning “Al-Ahkom fima yataallaqu bil quzoti val hukkom” (qozi va hokimlarga taalluqli hukmlar) kitobidir. Unda hanafiy mazhabi qozisiga qo‘yilgan talablar sanab o‘tilgan. Jumladan, asarda qozi lavozimiga da’vogar shaxs aql-zakovatli, balog‘atga yetgan, musulmon, ozod (hur), ko‘zi ojiz bo‘lmagan, gapira oladigan, jismoniy sog‘lom hamda tuhmat bilan had urilmagan (sudlanmagan) bo‘lishi kerakligi zikr etilgan.
Burhoniddin Marg‘inoniy “Hidoya” asarining “Qozilik maqomi” bo‘limida qozilik mansabiga qo‘yiladigan talablar bayon etilgan bo‘lib, unga ko‘ra qozi shariat ilmlarini yaxshi bilishi, ozod bo‘lishi, mustaqil qarorlar qabul qilish layoqatiga ega bo‘lishi, adolat ila hukm etishi, huquq va muomalada ishonchli bo‘lishi hamda aqli raso shaxs bo‘lishi lozimligi ko‘rsatilgan. Ular Qur’on va Sunnat ilmlari bilimdoni, fiqh bobida mohir olim, shariat qonunlarini tadbiq etuvchi shaxslar sanalgan.
Qozilik uchun asosiy qo‘llanma “Umar ibn Xattobning Abu Muso Ash’oriyga maktubi” hisoblangan. Umar roziyallohu anhuning xalifalik davrida Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhu viloyatlardan birida qozi bo‘lgan. Ushbu maktub keyinchalik qozilik ishlari dasturiga aylangan. Yevropa tillariga tarjima qilinib, qozilik mahkamalarida keng qo‘llanilgan, o‘quv yurtlarida darslik sifatida o‘rganilgan. Ushbu mashhur maktubda qozilar uchun muhim qoidalar o‘z aksini topgan: “Qachon senga biror hujjat keltirilsa, uni yaxshilab fahmlab ol. Haq ravshan bo‘lgan holda uni yuzaga chiqar... Ikki taraf orasida yuzing, majlising va adolating bir xil qilgin. Toinki, sening javring (yon bosishing)ga sharaf (tomon) tama’ qilib qolmasin va zaif (tomon) sening adolatingdan noumid bo‘lib qolmasin”. Bu qoidalar keyinchalik zamoniy sud ishlarini yuritish prinsiplari sifatida qonunchilikda mustahkamlangani bejiz emas. Bulardan tashqari qozi mustahkam xotira, o‘tkir sezgi va zehnga ham ega bo‘lishi talab qilingan.

Aytishlaricha, zamonasining mashhur qozilaridan Abu Usmon Salam ibn Hafs: “Alloh taolo menga uch fazilat ato etgan. Birinchisi, bir kishidan bir marta ismini so‘rayman. Keyin uni ellik yil ko‘rmay uchratsam, ismini eslay olaman. Ikkinchisi, qarshimda ikki kishi o‘tirib bir masala xususida guvohlik beradi. Rost yo yolg‘on gapirayotganini bilib turaman. Uchinchisi, huzurimga ikki kishi keladi. Qarab, xayrli yo janjalli masala bo‘yicha kelganini sezaman”, deya ta’kidlagan.
Shu tariqa zamonlar osha islom odoblari qatorida muayyan qozilik odoblari shakllana bordi.
Ularning muhimlari quyidagilardan iborat:
1). Ezgu niyatda bo‘lish. Bu kasb sohiblarining niyati pok, xolis va ezgu bo‘lishi lozim. Ular bu kasbni katta daromad topish, jamiyatda yuqori mavqega ega bo‘lish uchun emas, balki Alloh taoloning roziligini topish, odamlar orasida adolat o‘rnatish, kishilarning dardiga malham bo‘lish uchun tanlashlari joiz.
2).Qozi bo‘lishga intilmaslik. Nomzod qozilikka taklif qilinmasdan oldin bu lavozimga intilmasligi, mol-davlati, tanish-bilishlari orqali lavozimga erishishga urinmasligi kerak. Bu uning niyati xolis emasligidan dalolat beradi. Ilmsiz, iqtidorsiz kishilar zinhor bu lavozimga yaqin yo‘lamasliklari lozim.
3).Hukm chiqarishda shoshilmaslik. Qozi qaror chiqarish, hukm qilishdan avval “etti o‘lchab bir kesishi” kerak. Shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymasligi, puxta o‘ylab, so‘ng xulosa qilishi lozim.
4). Da’vogar bilan javobgar o‘rtasida adolat qilish. Qozining taraflardan biriga alohida hurmat qo‘rsatishi, ulardan birini o‘ziga yaqin tutib, so‘zda, imo-ishorada yoki boshqacha shaklda unga yon bosishi adolatsizlik hisoblanadi.
5).Ikki tomonning ham gaplarini eshitmay turib hukm chiqarmaslik. Negaki, faqat bir tomonni eshitib, undan ta’sirlanib, noto‘g‘ri qaror chiqarib qo‘yishi mumkin. Qozi har qanday sharoitda ham taraflarni to‘la eshitib, vajlarini tinglab, so‘ng xulosa chiqarishi zarur.
6). Majlisning avvalida da’vogar va javobgarlarni yolg‘on, tuhmat va zulmdan ogohlantirishi. Bunga rioya qilmaslik oqibatlarini tushuntirishi, ularni haqiqatni aytishga chaqirib, va’z qilishi lozim. Bu chora taraflarning mas’uliyatini oshirish bilan birga, ishning to‘g‘ri va adolatli hal etilishiga zamin yaratadi.
7). G‘azablangan holda hukm chiqarmaslik. “Jahl chiqsa, aql ketadi”, degan naql bor. Qozi asabiylashgan, g‘azab otiga mingan holda qaror qabul qilganda hissiyotlarga berilib, noto‘g‘ri xulosaga kelishi tabiiy. Shuningdek, qozi qattiq och qolganda, o‘ta chanqaganda, uyqu bosib turganda, siqilgan va boshqa qalb jarohati ta’sirida qaror qabul qilishi joiz emas.
8).Pora olmaslik. Pora arab tilida “rishva” deb atalib, shar’iy istilohda adolatni yo‘qqa chiqarish va botilni yuzaga chiqarish uchun beriladigan narsaga ishlatiladi. Pora olish Qur’on va sunnat hamda ijmo’ga ko‘ra harom. Muborak hadisda: “Amirning sovg‘a olishi harom va qozining pora olishi dindan chiqishdir”, deyilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam pora beruvchini ham, pora oluvchini ham la’natlagan.

9).Hadya qabul qilmaslik. Har qanday turdagi sovg‘ani rad etish. Muqaddas kitoblarda hadya-sovg‘aning uch xili sanab o‘tilgan: birinchisi, hadya beruvchi tarafga ham, oluvchiga ham halol. Bu mehr-muhabbat sababli sovg‘a oldi-berdisidir. Ikkinchisi, ikki tarafga ham – hadya beruvchiga ham, uni oluvchiga ham haromdir. Bu zulmga yordam berish uchun hadya berishdir. Uchinchisi, hadya beruvchi tomonga halol. Bu o‘ziga qaratilgan zulmni to‘sish uchun hadya berishdir. Bu oluvchiga harom. (Shu o‘rinda muhim ma’lumot:O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining 2021 yil 4 avgust kungi qarori bilan “Sudyalar tomonidan sovg‘alar qabul qilinganligi haqida xabar berish, topshirish, baholash va hisobga olish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra sudyaga xizmat safarlari hamda boshqa rasmiy tadbirlarda berilgan sovg‘aning qiymati BHMning uch baravaridan qimmat bo‘lmasligi va odatiy hamda axloqiy me’yorlarga mos kelishi lozim. Sudyaning biror tadbir ishtirokchisi sifatida beriladigan kanselyariya anjomlari yoki rag‘batlantirish (mukofotlash) maqsadida topshirilgan kichik esdalik sovg‘alar hamda tez yaroqsiz holga keladigan buyumlar, mahsulotlarni (masalan, gullar, tort va hokazo) qabul qilishiga hech qanday monelik yo‘q. Agar sovg‘a beminnat, biroq qiymati belgilangan miqdordan qimmat bo‘lsa, sudya bu haqda tegishli malaka hay’ati yoki Sudyalar oliy kengashiga xabar berishi lozim. Bu holda sovg‘a Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti va uning hududiy bo‘limlariga topshiriladi. Shundan so‘ng, sudya ikki oy muddatda sovg‘ani (agar u beminnat berilgan bo‘lsa) qayta sotib olishi mumkin).
10).Boshqalardan alohida xoslab chaqirgan joyga bormaslik. Negaki, kelajakda qozi shu shaxs ishtirokidagi nizoni ko‘rishga to‘g‘ri kelganda xolislik va adolat mezonlari buzilishiga sabab bo‘ladi.
11). Shubhali o‘rinlardan yiroq bo‘lish. Qozi tuhmatga qolish ehtimoli bo‘lgan joylarga borishdan, gap-so‘zlardan va boshqa xatti-harkatlardan tiyilishi, sha’n, qadr-qimmatini asrashi lozim.
12). Bevosita shaxsan o‘zi tijorat qilmaslik.
13).Insonlarga namuna bo‘lish. Qozilar munosib hulqi, ijobiy hislatlari, fazilatlari bilan ishda, hayotda, oilada boshqalarga o‘rnak bo‘lishi lozim. Bu ularning kishilar o‘rtasida nizolarni ko‘rish, adolat tarozisini qo‘lda tutishlariga man’an haqli bo‘lishini anglatgan.
Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, qadimdan qozilar alohida maqomga ega mansabdor shaxs sifatida jamiyat hayotida muhim o‘rin tutgan. Bu kasb egalaridan yuksak mas’uliyat va javobgarlik hissi talab etilgan.  Asrlar silsilasida sayqallangan qozilik odoblari bugungi davr sudyalari uchun muqaddas manba, muhim qo‘llanma, o‘ziga xos dasturulamal bo‘lishi tabiiy.

Samarqand viloyat sudining sudyasi
To‘raev Zayniddin

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on
shahar sudining raisi
Oltiboev Abdixakim

Teglar
- -