insurez
12-03-2025 18:05

PORA OLISH HAM, BЕRISH HAM JINOYAT


Dastlab poraxo‘rlik tushunchasi kelib chiqishi va ommalashib borishi tarixdan kishida moyillik (xohish) uyg‘otish uchun sovg‘a berish odatiga borib taqaladi. O‘z-o‘zidan qimmatbaho, ya’ni qiymati yuqori bo‘lgan sovg‘a odamni boshqalar orasidan ajratib  ko‘rsatib,  pora beruvchining manfaati yo‘lida uning iltimosi bajarilishiga xizmat qilgan.  Shu sababli ibtidoiy jamiyatlarda  kohin  yoki qabila boshlig‘iga to‘lov berish odat, an’ana tusiga kirib qolgan.
Bejizga Qu’roni Karimda “Boshqalarning mulkini nohaq yo‘l bilan olmangiz va boshqalarga tegishli bo‘lgan narsalarni olish uchun o‘z mulkingizdan hokimlaringizga pora qilib uzatmangizlar” deyilgan.
Poraxo‘rlik jinoyatlari O‘zbekiston Respublikasi jinoyat qonunchiligida alohida ahamiyat kasb etishini aholining davlat xizmatchilariga nisbatan ishonchini susaytirib yuboradigan, jamiyatning iqtisodiy negizlariga zarar yetkazadigan va eng asosiysi inson huquqlarining poymol bo‘lishiga olib keladigan ijtimoiy xavfli qilmish ekanligi bilan baholashimiz mumkin. Zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “korrupsiyaning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib  bo‘lmaydi, umuman, jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmaydi”.
Haqiqatdan ham, korrupsiyaviy jinoyatlar davlatning rivojlanishiga to‘sqinlik qilib, xalqning davlat organlariga nisbatan ishonchini susaytiradi.
Poraxo‘rlik jinoyatlari tushunchasi poraxo‘rlik bilan bog‘liq holda sodir etiladigan har qanday jinoyatlarni qamrab oladi. Shunga  ko‘ra, ushbu turdagi jinoyatlarni bilish orqali poraxo‘rlik jinoyatlari tushunchasi anglashiladi. Masalan, pora olish, pora berish, pora olish va berishda vositachilik qilish, xususiy sektordagi pora va hokazolar umumiy poraxo‘rlik jinoyatari tushunchasini keltirib  chiqaradi.
Poraxo‘rlikka oid jinoyatlarning ijtimoiy xavfliligi mansabdor shaxslar tomonidan o‘zlarining mansab vakolatlarini ijro etishning  o‘rnatilgan tartibini keskin o‘zgartirish va bu bilan davlat manfaatlarini qo‘pol ravishda buzishda ko‘rinadi. Poraxo‘rlik korrupsiyaning asosiy ko‘rinishlaridan biri bo‘lib, hokimiyat va boshqaruv asoslarini yemiradigan, uning aholi oldidagi obro‘siga putur yetkazadigan va unga nisbatan ishonchni susaytiradigan, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlariga daxl qiladigan xavfli jinoiy hodisa  hisoblanadi.
Milliy qonunchiligimizda poraxo‘rlikka oid jinoyatlar va ular uchun javobgarlik masalalari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat  kodeksining (1929 - 19210 -, va 210-214-moddalari) tegishli moddalarida belgilab qo‘yilgan.
Shu asosda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ham qo‘yidagi 611-modda “Nodavlat tijorat  tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish” huquqbuzarligi kiritilgan.
Afsuski, poraxo‘rlik kabi jinoiy qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilishi ushbu harakatlarni sodir etgan shaxsning javobgarlikdan qo‘rquv hissining kamayishiga sabab bo‘lishi tabiiy.
Pora olish — mansabdor shaxsning pora beruvchining manfaatlarini ko‘zlab muayyan harakatlarni sodir etganlik uchun g‘ayriqonuniy haq olishidir.
Poraxo‘rlik jinoyati uchun javobgarlikni belgilashdagi muammolardan yana biri bu pora predmeti hisoblanadi. Milliy qonunchiligimizda poraxo‘rlikka oid jinoyatlar sodir etilishi pora beruvchining pora oluvchini mulkiy, ya’ni moddiy manfaatdor etishi orqali sodir etilishi nazarda tutilgan. Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1999 yil 24 sentyabrdagi “Poraxo‘rlik ishlari bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 19-sonli qarorining 2-bandiga muvofiq “pul, qimmatbaho qog‘ozlar, moddiy boyliklar, shuningdek, pora oladiganga qaytarmaslik sharti bilan, lekin mulkiy mohiyatga molik bo‘lgan (masalan, ta’mirlash, qurilish, qayta tiklash ishlarini bajarish va boshqalar) xizmatlar pora predmeti bo‘lishi mumkin.” Pora oluvchining nafaqat mulkiy manfaatdor bo‘lishi balki, uning nomulkiy ko‘rinishdagi naf olishi ham poraxo‘rlik sifatida baholanishi lozim. Mazkur sohaga oid xalqaro standartlar hamda xorijiy davlatlar tajribasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, har qanday ko‘rinishdagi noqonuniy afzallik (nomoddiy qimmatliklar va nomulkiy manfaatdorlik) poraxo‘rlik jinoyati predmeti bo‘la olishini ko‘rishimiz mumkin. Nomulkiy naf - shaxsning mulkiy holatini yaxshilashga  (oshirish) qaratilmagan, uning shaxsiy  (kundalik) ehtiyojlarni qondirishga yo‘naltirilgan, har qanday ko‘rinishdagi moddiy tusga ega bo‘lmagan xizmatlar (mansabni oshirish, shohona ovqatlanish, massaj va sauna xizmatlari, sport o‘yinlari va boshqa ko‘rgilochar tadbirlarga tekinga kirish, chet elda dam olish va boshqalar).
Poraxo‘rlikka oid xatti-harakatlarni kamaytirish va oldini olish uchun unga nisbatan qat’i choralar  ko‘rilishi zarurligi  sababli  ushbu  jinoyatni  sodir etganlik uchun jazo choralarining muqarrarligini ta’minlash lozim.
Poraxo‘rlikka oid jinoyatlar o‘zining xavflilik darajasi bilan shaxs, davlat va jamiyat manfaatlariga sezilarli darajada zarar  keltiradigan qilmish hisoblanadi. Shunga ko‘ra. ushbu turdagi jinoyatlar o‘zining ichki obyektiv va subyekti belgilaridan ega  bo‘lishi bilan bir qatorda birinchidan, uyushgan jinoyatchilikning davlat xizmati faoliyatiga kirib borishiga olib keladi;
Ikkinchidan, demokratik qadriyatlar qaror topib borayotgan sharoitda davlat amaldorlari tomonidan mansab mavqeini suiiste’mol  qilish hollari hokimiyat obro‘yiga putur yetkazadi;
Uchinchidan, amalga oshirilayotgan jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizatsiya qilish jarayonlarini susaytiradi;
To‘rtinchidan, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarining buzilishiga olib keladi;
Beshinchidan, davlat hokimiyatini xalq oldida obro‘sizlantiradi, o‘sib kelayotgan yosh avlod ongini zaharlaydi;
Oltinchidan, xalqaro hamjamiyatda davlat to‘g‘risidagi salbiy tasavvurni yuzaga keltiradi;
Yettinchidan, iqtisodiyotni rivojlanishi va mustahkamlanishiga o‘zining ayanchli ta’sirini ko‘rsatadi, natijada iqtisodiyot mexanizmlari inqirozga qarab ketadi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, poraxo‘rlik jinoyatlari uchun javobgarlik masalalari o‘zining tarixiy rivojlanishi davomidan takomillashib, har doim dunyo hamjamiyati e’tiborida turgan jiddiy muammolardan biri hisoblanadi. Qanday turlari mavjudligi yoki qanday shaklda sodir etilishidan qat’i-nazar poraxo‘rlikka qarshi kurash, uni oldini olish bugungi kun davlat siyosatining ajralmas qismidir. Chunki, davlat tomonidan aholining huquq va erkinliklarini amalga oshirish, qonuniy manfaatlarini himoya qilishda korrupsiyaviy holatlarga barham berilishi orqali xalqaro miqyosda yuqori o‘rinlarda e’tirofga sabab bo‘lishiga zamin yaratadi.


Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on
shahar sudining raisi
OLTIBOYEV ABDIXAKIM

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on
shahar sudining tergov sudyasi
XAKIMOV MUZAFAR    
 

Teglar
- -