insurez
22-10-2024 11:54

O‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki talon-taroj qilish jinoyati


Jazo tayin  lash ijtimoiy munosabatlarni jinoyat-huquqiy muhofaza qilish tizimining asosiy bo‘g‘inlaridan biri hisoblanadi. Jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan shaxsga nisbatan sud tomonidan jinoiy jazoning to‘g‘ri tayinlanishi odil sudlovni amalga oshirishning muhim kafolati hisoblanadi.
  Adolatli jazo tayinlanishi jazodan ko‘zlangan maqsadga erishish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Ma’lumki, jinoyat uchun jazo tayinlash faqat sudning vakolatiga tegishli. Shunga ko‘ra jazo tayinlash sud faoliyatining mas’uliyatli qismi hisoblanadi. Aynan ana shu jazo tayinlash bosqichida jiddiy masala hal etiladi. Chunki shu vaqtda jinoyat qonunining adolatlilik prinsipi amalda namoyon bo‘ladi, odil sudlovning qay darajada amalga oshirilganligining bosh mezoni hisoblanadi. Jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan uning shaxsini, sodir etilgan jinoyatining ijtimoiy xavfliligini, jinoyat tufayli keltirilgan zararning miqdorini va ishning boshqa holatlarini e’tiborga olgan holda adolatli jazo tayinlash, jinoyat sodir qilgan shaxsning o‘z qilmishiga yarasha jazosini olganlik hissini ham uyg‘otadi. Ana shunday hisning paydo bo‘lishi jazo maqsadining dastlabki, ammo eng muhim yutug‘i hisoblanadi.
  Sud tomonidan jazo tayinlashda hisobga olinishi kerak bo‘lgan holatlardan biri aybdorning shaxsi hisoblanadi. Aybdorning shaxsini o‘rganish o‘z navbatida jinoyatning sabablarini aniqlashga yordam beradi.
O‘zlashtirish talon-toroj qilishning mustaqil shaklidan iborat bo‘lib, unda aybdor o‘ziga ishonib topshirilgan mulkni qonunga xilof ravishda saqlab qolib, mulkdan o‘ziniki sifatida foydalanadi. Saqlab qolish aybdorga ishonib topshirilgan mol-mulkni qaytarmaslik yoki shartnomada belgilangan muhlatda qaytarmaslikdan iborat.
Mazkur jinoyat uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasida quyidagicha javobgarlik belgilangan;
Aybdorga ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida bo‘lgan o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
O‘sha harakat:
a) ko‘p miqdorda;
b) takroran yoki xavfli residivist tomonidan;
v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
g) mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan sodir etilgan bo‘lsa, 
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakat:
a) juda ko‘p miqdorda;
b) o‘ta xavfli residivist tomonidan;
v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab;
g) kompyuter texnikasi vositalaridan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.

Samarqand viloyat sudining sudyasi
To‘raev Zayniddin

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on
shahar sudining raisi
Abdixakim Oltiboev

Teglar
- -