insurez
25-12-2024 15:47

O‘ZBOSHIMCHALIK BILAN YER O‘ZLASHTIRMANG, JAVOBGARLIK KUCHAYTIRILDI


Joriy yil 15 noyabrda qabul qilingan “Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yer uchastkalaridan samarali foydalanish, sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida”gi qonuni ham yerga boʼlgan munosabatlarda masʼuliyat hissimizni yanada oshirdi. Davlat mulki boʼlgan bu boylikni oʼzboshimchalik bilan oʼzlashtirishning oqibatlari aniq belgilab qoʼyildi. 
Qonunchilikdagi oʼzgarishlar davlat mulkida boʼlgan yer uchastkalarini qaytarish va noqonuniy imoratlarni buzish boʼyicha ish yuritishning oʼziga xos xususiyatlarini belgilab berdi. Prokuratura yoki vakolatli davlat organi oʼzboshimchalik bilan egallangan davlat yerlarini qaytarish va qurilmalarni buzish haqida sudga daʼvo arizasi kiritish huquqiga ega boʼldi. Endilikda davlat mulkida boʼlgan yer uchastkasini qaytarish va oʼzboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzish toʼgʼrisidagi daʼvo arizasiga dalolatnoma, vakolatli organ tomonidan qonunbuzarlik tasdiqlangan hujjat, ogohlantirish xati, vakolatli organ tomonidan qonunbuzarlikni ixtiyoriy bartaraf etish (buzish) boʼyicha xabar, koʼchmas mulkka boʼlgan huquqlar davlat roʼyxatidan oʼtganligi toʼgʼrisida maʼlumotlar, huquqbuzarlik sodir etilganini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinishi kerak boʼladi. Holat sud ishni qoʼzgʼatish toʼgʼrisida ajrim chiqargan kundan eʼtiboran 20 kun ichida koʼrib chiqiladi.
– Birinchidan, yerga oid qonunchilikda yuz bergan oʼzgartish va qoʼshimchalar yer uchastkalarini toʼgʼri boshqarish, noqonuniy harakatlarni bartaraf etish va fuqarolar uchun qonuniylikni taʼminlashga xizmat qiladi.
– Ikkinchidan, yer qonun buzilish holatlari uchun javobgarliklar yanada kuchaytirildi. Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksning 60-moddasi 2-qismi bilan yerlarni oʼzboshimchalik bilan egallab olinsa fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʼttiz baravari, mansabdor shaxslarga esa yetmish baravari miqdorida jarima solishga sabab boʼlishi belgilandi. Bundan tashqari, Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksning 60-moddasi 3-qismiga binoan oʼzboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash boʼlgan va tutash boʼlmagan yer uchastkalarida qurilish ishlari amalga oshirilsa, fuqarolar bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravari, mansabdor shaxslarga esa toʼrt yuz baravari miqdorida jarimaga tortiladi.
Keyingi yillarda yerga oid qonunchilikning mustahkamlanayotgani yer maydonlaridan oʼzboshimchalik bilan foydalanishni kamaytirayotgan boʼlsa-da, joylarda baʼzan umummilliy boylikning gʼayriqonuniy egallanishi bilan bogʼliq holatlarga ham duch kelinmoqda. 
Xullas, mamlakatimizda yerga oid huquqbuzarliklar nafaqat maʼmuriy, balki jinoiy javobgarlikka ham olib keladi. Bunday koʼngilsiz oqibatlarga duch kelmaslik uchun umummilliy boylikka koʼz olaytirib, yerlarni oʼzboshimchalik bilan egallab olishdan tiyilish lozim, xolos. 

Jinoyat ishlari boʼyicha Kattaqoʼrgʼon 
shahar sudining raisi
Oltiboev Аbdixakim

Jinoyat ishlari boʼyicha Jomboy 
tuman sudining raisi
Аbdurazakov Аbdusattor

Teglar
- -