O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024 yil 16 dekabr kungi «Yer to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida» gi 36-sonli Qarorining mazmun va mohiyati.
Xususan, Yer uchastkasini qonunga xilof ravishda egallash, yer berish tartibini buzish, ayniqsa, sug‘oriladigan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni sotish kabi jinoyatlar yo‘q emas. Bunday jinoyatlar nafaqat hozirgi, balki kelajak avlod manfaatlariga ham jiddiy zarar yetkazishi bilan o‘ta xavfli hisoblanadi.
– Sud amaliyoti tahlillari yer bilan bog‘liq jinoyatlar turlicha malakalanayotgani, ayrim hollarda talon-toroj sifatida baholanayotgani, rag‘batlantiruvchi normani qo‘llashda, jinoyat natijasida yetkazilgan zararni undirish va muammoli yer masalasini hal qilish borasida tafovutlar mavjudligini ko‘rsatgan.
Shu sababli, Oliy sud plenumining “Yer to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unda yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, yer berish tartibini buzish, sug‘oriladigan yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga bo‘lgan huquqni sotish yoxud qonunga xilof ravishda boshqacha tarzda o‘zga shaxsga berish jinoyatlarining zaruriy belgilari, ularni malakalashning o‘ziga xos jihatlari va o‘xshash tarkibli jinoyatlardan farqlari haqida batafsil tushuntirish berildi.
Qarorda Jinoyat kodeksining 229-1-moddasi dispozitsiyasida nazarda tutilgan yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olish tushunchasiga tarif berildi.
Unga ko‘ra, qonunchilikda belgilangan tartibda ajratilmagan, shu jumladan, realizatsiya qilingan yer uchastkasining chegaralari vakolatli organlar tomonidan joyning o‘zida belgilanmagan, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlaydigan hujjatlar berilmagan holda foydalanishda ifodalanishi, ushbu harakatlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 60-moddasi bilan ma’muriy jazo qo‘llash to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan paytdan boshlab, bir yil mobaynida sodir etilishi jinoiy javobgarlikka tortishning zaruriy sharti sifatida ko‘rsatildi.
Qarorning 5-bandida sug‘oriladigan yer uchastkalarini ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda o‘zboshimchalik bilan egallab olish ushbu yer maydonlarida hech qanday huquqiy asosga ega bo‘lmasdan qurilish ishlarini amalga oshirishda ifodalanishi, jinoyat aniqlangan paytdan boshlab tamom bo‘lgan, deb hisoblanishi haqida rahbariy tushuntirish berildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash bo‘lgan va tutash bo‘lmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish uchun javobgarlik belgilangan bo‘lib, mazkur norma Jinoyat kodeksida ham mavjud.
Tergov va sud organlari tomonidan bu kabi qilmishlarni baholashda xatoliklarga yo‘l qo‘yilishining oldini olish uchun ushbu huquqbuzarlik va jinoyat o‘rtasidagi farqni aniq ko‘rsatish zarurati mavjud edi.
Plenum qarorida bu masalaga alohida e’tibor qaratilib, sug‘oriladigan yer uchastkalari ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan bo‘lsa, aybdorning harakati Jinoyat kodeksining 229-1-moddasi 2-qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi haqida sudlarga tushuntirish berildi.
Amaliyotni birxillashtirish va qonunning to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida plenum qarorining 17-bandida sug‘oriladigan yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga bo‘lgan huquqni sotish deganda, uni boshqa shaxslarga moddiy manfaat yoki boshqa haq evaziga o‘tkazish tushunilishi qayd etildi.
Qonunga xilof ravishda boshqacha tarzda o‘zga shaxsga berish deganda, sug‘oriladigan yer uchastkasini yoki uning bir qismini huquqi bo‘lmagan shaxsning to‘liq egaligiga, vaqtincha foydalanishga yoxud boshqacha tarzda foydalanishga topshirish tushunilishi, 19-bandida sug‘oriladigan yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga bo‘lgan huquqni sotgan yoxud qonunga xilof ravishda boshqacha tarzda o‘zga shaxsga bergan har qanday shaxs bo‘lishi mumkinligi haqida tushuntirish berildi.
Xulosa o‘rnida aytganda, plenum qarorida yer bilan bog‘liq jinoyat ishlarini ko‘rish yuzasidan batafsil tushuntirishlar berilgan. Bu shu toifadagi ishlarni ko‘rish jarayonida odil sudlovni ta’minlash bilan birga, sud amaliyotini birxillashtirish, qonunlarni aniq va to‘g‘ri qo‘llashga xizmat qiladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on
shahar sudi raisi
Oltiboyev Abdixakim
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on
shahar sudi tergov sudyasi
Xakimov Muzafar