insurez
21-10-2024 14:06

O‘ZBEK TILIGA DAVLAT TILI MAQOMI BERILGAN KUN KENG NISHONLANDI


Bugun respublikamiz bo‘ylab o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganligining 35 yilligi munosabati bilan bayram tadbirlari o‘tkazildi.

Shu munosabat bilan Kattaqo‘rg‘on shahrida tashkil qilingan ushbu tadbir Alisher Navoiy istirohat bog‘ida tantanali o‘tkazildi.

Tadbirda shahar hokimi Gavhar Alimova, idora va tashkilotlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari va yoshlar ishtirok etdilar.

So‘zga chiqqan shahar hokimi yig‘ilganlarni muborakbod etib, bayramning mohiyati haqida gapirdi.

-Atoqli ma’rifatparvar Abdulla Avloniy bobomiz aytganidek, til – millat ruhini yuksaltiruvchi buyuk kuchdir. Ushbu buyuk ne’matni har bir millat qanchalik e’zozlasa, qadrlasa, uning taraqqiyoti uchun jon kuydirsa, til yanada go‘zal va betakror bo‘lib qolaveradi! Zero, unda xalq tarixi, milliy qadriyatlari, madaniyati mujassamdir.

Ushbu bayramning yurtimizda keng nishonlanishi ona tilimizning naqadar boyligini ko‘rsatib bera olishi bilan birga unga bo‘lgan hurmat va e’tiborni yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Shuni alohida ta’kidlash joizki, har birimiz tilimizning pokligi va o‘ziga xosligini saqlash, uni boyitish va takomillashtirishga o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim. Millatimiz g‘ururi va iftixori bo‘lgan, noyob xazina – ona tilimizni asrash barchamizning burchimizdir,- deya ta’kidladi shahar hokimi o‘z so‘zida.

Shuningdek, tadbirda so‘z olganlar O‘zbek tilining qadimiy ildizlari, qudrati, mamlakat hamda xalqaro maydondagi nufuziga to‘xtalib o‘tdi. Tilimizni rivojlantirish, bu borada davlat va hukumat doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida ta'kidlashdi.

Tadbir davomida Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi. Ona tilimizni madh etuvchi ijod namunalari yangradi.

Teglar
- -