insurez
12-11-2024 09:35

O‘rindoshlik asosida ishlovchi homilador xodimani ishdan bo‘shatish mumkinmi


«Kompaniyada to‘liqsiz ish vaqti sharti bilan o‘rindosh xodima ishlaydi. Direktor bu joyga asosiy ish joyi bo‘yicha to‘liq ish kuniga boshqa odamni ishga qabul qilishga va shu sababli o‘rindosh xodimani ishdan bo‘shatishga qaror qildi. Ammo u homilador ekanligi ma'lum bo‘ldi. Bunday vaziyatda ish beruvchi homilador o‘rindosh xodima bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga haqlimi? Agar Mehnat kodeksining 161-moddasida «boshqa xodimning asosiy ish bo‘yicha qabul qilinishi munosabati bilan» ishdan bo‘shatish uchun bunday sabab ko‘rsatilmagan bo‘lsa, bu ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra ishdan bo‘shatish hisoblanadimi?»

– O‘rindoshlik asosida ishlaydigan xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishning umumiy asoslaridan tashqari MK 441-moddasida ko‘rsatilgan qo‘shimcha asoslar ham mavjud:

1) mazkur ishga o‘zi uchun asosiy ish joyi bo‘lgan xodim qabul qilingan taqdirda;

2) o‘rindoshlik asosida ishlashga cheklovlar joriy etilganligi munosabati bilan. 

Ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi Mehnat kodeksining 161-moddasida ushbu asoslar bevosita ko‘rsatilmagan. Ammo ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra ishdan bo‘shatishning boshqa asoslari nazarda tutilgan Mehnat kodeksining boshqa moddalari va boshqa qonunlar ko‘rsatilgan mazkur moddaning 2-qismi 6-bandi ham bor. Mehnat kodeksining 441-moddasida faqat o‘rindoshlik asosida ishlaydigan shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan aynan shunday asoslar mavjud.

Ammo ko‘rib chiqilayotgan vaziyatda ularni qo‘llash mumkin emas, chunki homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) tugatilgan yoki yakka tartibdagi tadbirkorning ish faoliyati to‘xtatilgan hollar mustasno. Ushbu taqiq o‘rindoshlik asosida ishlaydigan homilador ayollarga ham tegishli. Mehnat kodeksining mehnat shartnomasini bekor qilish chog‘ida homilador ayollar uchun kafolatlar to‘g‘risidagi 408-moddasida ular uchun hyech qanday istisnolar nazarda tutilmagan.

Tegishincha, homilador xodima bu ish o‘zi uchun asosiy ish joyi bo‘lgan boshqa xodimni qabul qilish munosabati bilan egallab turgan lavozimidan bo‘shatilishi mumkin emas. Albatta buning uchun u homiladorlikni tasdiqlovchi tibbiy hujjatlarni taqdim etishi kerak.

Shuningdek o‘qing, xodimadan homiladorlik to‘g‘risidagi ma'lumotnomani talab qilish qonuniymi.

O‘rindosh xodima bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzilgan hamda uning amal qilish muddati tugayotgan bo‘lsa-chi?

Darhaqiqat, o‘rindoshlik asosida ishga kirayotgan shaxs bilan u va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi mumkin  MK 113-m. 1-q. 9-xatboshi. Shuning uchun homilador xodima bunday shartlarda ishlashiga yo‘l qo‘yiladi. Ammo hatto shartnoma muddati nihoyasiga yetayotgan bo‘lsa ham bu boshqa xodimni ishga qabul qilish sababli homilador ayol bilan darhol xayrlashish mumkinligini anglatmaydi. Bu yerda Mehnat kodeksining 408-moddasida nazarda tutilgan o‘ziga xos jihatlar mavjud.

Mehnat shartnomasining muddati ayolning homiladorligi davrida tugagan taqdirda ish beruvchi uning yozma arizasiga ko‘ra va homiladorlik holatini tasdiqlovchi tibbiy ma'lumotnoma taqdim etgan taqdirda shartnomaning amal qilish muddatini homiladorlikning oxiriga qadar, homiladorlik va tug‘ish ta'tilini taqdim qilishda esa – bunday ta'til tugaguniga qadar uzaytirishi shart. Aytgancha, bunday ta'til boshlangan birinchi kundan boshlab bu ish o‘zi uchun asosiy ish joyi sanaladigan boshqa shaxsni ishga qabul qilish mumkin bo‘ladi.

Mehnat shartnomasi homiladorlikning oxiriga qadar uzaytirilgan ayol ish beruvchining so‘roviga binoan, lekin uch oyda ko‘pi bilan bir marta homiladorlik holatini tasdiqlovchi tibbiy ma'lumotnoma taqdim etishi shart. Agar bunda ayol homiladorlik tugaganidan keyin haqiqatda ishlashni davom ettirsa, ish beruvchi homiladorlikning tugaganligi faktini bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan kundan e'tiboran bir hafta ichida mehnat shartnomasini uning muddati tugaganligi sababli bekor qilishga haqli.

 

                                                                                                T.Abdullayev,

Kattaqo`rg`on shahar  YXKM bosh yuristkonsulti

             

Teglar
- -