insurez
13-06-2025 18:02

MUNOSABAT 2025


2025 yil 10-11 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan IV-Toshkent xalqaro investitsiya forumi hamda xorijiy investorlar kengashi majlisidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nutqlarida ilgari surilgan eng muhim tashabbus va iqtisodiy ko‘rsatkichlar mazmun-mohiyati bo‘yicha

2025-yil 11-iyun kuni Xalqaro kongress markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari yig‘ilishni ochar ekan, kuni kecha o‘tgan to‘rtinchi Toshkent investitsiya Forumning asosiy mavzusi bo‘lgan investitsiyalar – faqat iqtisodiy taraqqiyotning emas, balki tinchlik va barqarorlikning kafolatidir! Keling, birgalikda shunday investitsiya muhitini yarataylikki, u daromad keltirish bilan birga, inson qadrini ulug‘laydigan, uning hayotiy manfaatlarini ta’minlaydigan va jamiyat ravnaqiga xizmat qiladigan mustahkam poydevorga aylansin!

O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti sakkiz yilda 2 barobar ko‘paydi. 2030 yilga borib, bu ko‘rsatkichni 200 milliard dollarga yetkazishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ydik. O‘tgan yili investitsiya hajmi 35 milliard dollarga, eksportimiz 27 milliard dollarga yetgani bu – to‘rt yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumining ham amaliy natijasidir.

Yangi O‘zbekistondagi islohotlar samarasi xalqaro reytinglarda ham o‘zining munosib aksini topmoqda. “Iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi o‘rnimiz so‘nggi besh yilda 48 pog‘onaga yuqori ko‘tarildi. Garvardning “Iqtisodiyot murakkabligi indeksi”dagi o‘rnimiz 28 pog‘onaga yaxshilandi. O‘tgan oyda nufuzli “S&P” agentligi O‘zbekistonning suveren reytingi prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga oshirdi.

Bugun dunyo iqtisodiyoti yangi davr va o‘zgarishlar ostonasida turganini barchamiz yaxshi tushunamiz. Bu esa barqaror rivojlanish yo‘lidan borayotgan davlatlarni quyidagi to‘rtta yo‘nalishda hamkorlikda ishlashga undamoqda.

Birinchidan, “yashil” iqtisodiyot modeliga o‘tish. Biz iqtisodiyotimizni barqaror energiya resurslari bilan ta’minlash uchun aynan “yashil” energetikani rivojlantirishga qattiq bel bog‘laganmiz.

O‘tgan qisqa davrda bu sohaga qariyb 6 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kirib keldi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi

59 milliarddan 82 milliard kilovatt-soatga yetdi. Keyingi besh yilda bu ko‘rsatkich 120 milliard kilovatt-soatdan oshib, “yashil” energiya ulushi

54 foizga yetadi.

Elektr tarmoqlarini yangilashga ham 4 milliard dollar jalb qilamiz. Bu borada joriy yilda Samarqandda, kelgusi yildan yana 8 ta hududda elektr tarmoqlarini xususiy sheriklikka beramiz. Bundan tashqari, ilk bor “yashil” sertifikat va uglerod birliklari savdosini boshladik. Shu yil global uglerod bozorlariga qo‘shilib, “Yashil O‘zbekiston” iqlim investitsiyalari platformasini yaratamiz.

Ikkinchidan,raqamli texnologiya va sun’iy intellekt iqtisodiyotning “drayveri”ga aylanmoqda. Mamlakatimizda shu yilning o‘zida IT eksporti 1 milliard dollarga yetadi. 2030 yilga borib, bu ko‘rsatkichni 5 karra oshirish uchun salohiyatimiz ham, imkoniyatimiz ham yetarli.

Bu ishlarimiz xalqaro darajada e’tirof etilib, Sun’iy intellektga tayyorlik bo‘yicha xalqaro indeksda bir yilda 17 pog‘onaga ko‘tarildik. Kelgusi yil “Bulutli texnologiyalar” milliy platformasi ishga tushadi. Yaqin besh yilda xususiy investorlar bilan birga quvvati 500 megavattdan ziyod 20 ta “data markaz” barpo etamiz.

Boy tariximiz, azaliy qadriyatlarimiz hamda yangi kreativ g‘oyalarni mujassam etgan sun’iy intellektning milliy modelini ishlab chiqamiz. Bu tizim samaradorligini ta’minlash uchun “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasini boshladik. Ishonchim komil, sizlar bilan birgalikda O‘zbekistonni nufuzli IT va Fintech xabiga aylantiramiz.

Uchinchidan,biz yaqinda Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki bilan birga O‘zbekiston moliya sektorini ilk bor kompleks baholashdan o‘tkazdik. Ular bank, moliya, sug‘urta, kapital bozoridagi islohotlarimizni to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

Bu sohalarni keyingi rivojlanish bosqichiga olib chiqish maqsadida O‘zbekistonda Moliyaviy barqarorlik kengashi tashkil etiladi, Markaziy bankda kiberxavfsizlik va moliyaviy texnologiyalar platformalari ishga tushiriladi.

Sug‘urta tizimida ham katta islohotlarni boshladik. Milliy qayta sug‘urtalash kompaniyasi va Global qayta sug‘urtalash raqamli platformasi tashkil etildi.

Startaplar uchun muqobil moliyaviy instrument – venchurlar bizda tez rivojlanib boryapti. Misol uchun, o‘tgan yili 2 ta startap kompaniyamizning qiymati ilk bor 1 milliard dollardan oshdi. Bunday kompaniyalarni albatta ko‘paytiramiz. Shu bois “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

“To‘rtinchi sanoat inqilobi” “texnologik minerallar”ga talabni bir necha karra ko‘paytirmoqda. O‘zbekistonda volfram, molibden, magniy, litiy, grafit, vanadiy, titan va boshqa minerallarning katta zaxirasi aniqlangan. Umuman, yer osti boyliklarimizning salohiyati 3 trillion dollarga baholanmoqda.

Mintaqamizning minerallardan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish “xabi”ga aylanishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Bu borada Toshkent va Samarqand viloyatlarida “Kelajak metallari texnoparki”ni bunyod etmoqdamiz. Bu sohada geologiya-qidiruv ishlaridan boshlab, tayyor mahsulot zanjirini yo‘lga qo‘ygan investorlarga o‘n yil davomida renta solig‘i qaytarib beriladi.

Mamlakatimizda xorijiy sarmoyadorlarga yanada qulay muhit yaratish uchun mahalliy kompaniyalar bilan bir xil sharoitlarni kafolatlovchi “milliy rejim” joriy qilinadi, davlat organlari bilan munosabatga kirishishda “yagona darcha” tamoyili tatbiq etilishi belgilandi, investitsiya faoliyatini ortiqcha tekshiruvlardan kafolatli himoyalash tizimi yaratiladi.

Bular orqali 2030 yilga borib, O‘zbekistonning kredit reytingini “investitsion” darajaga olib chiqishni maqsad qilib qo‘yganmiz.

Biz davlat kompaniyalarini xususiylashtirishda ularni yurtimiz farovonligiga xizmat qiluvchi yirik aktivlarga aylantirish yo‘lini tanlaganmiz.

Shu bois, 18 ta yirik kompaniya va banklardagi qariyb 2 milliard dollarlik davlat ulushini o‘zida birlashtirgan “Milliy investitsiya jamg‘armasi” tashkil etildi. Jamg‘arma boshqaruviga nufuzli “Franklin Templeton” kompaniyasi jalb qilindi. Kelgusi yilning o‘zida jamg‘armaning aksiyalar paketi xalqaro IPO ga chiqariladi. Shuningdek, professional konsultantlar jalb qilinib, ikki yilda 29 ta yirik davlat kompaniyasi xususiylashtiriladi.

Biz transport va logistika sohasini iqtisodiyotimizning qon tomiri sifatida ko‘ramiz. Shu bois, bu sohaga ham xususiy kapitalni faol jalb qilmoqdamiz. Birgina misol, Samarqand, Namangan, Buxoro va Urganch xalqaro aeroportlari davlat-xususiy sheriklik asosida salohiyatli investorlar boshqaruviga berildi.

Urganch aeroporti boshqaruviga dunyoning yetakchi “Inchon” kompaniyasi jalb qilindi. Kelgusi yilda Nukus, Termiz, Farg‘ona, Navoiy aeroportlari bo‘yicha ham tenderlar o‘tkazamiz.

Yana bir muhim yo‘nalish – poytaxtimizda yashab va ishlayotgan aholi soni 5 milliondan oshdi. Shu bois, 2 million aholiga mo‘ljallangan “Yangi Toshkent” shahrini barpo etib, poytaxtni megapolisga aylantiramiz.

Bu yerda yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega aeroport, temir yo‘l va avtomobil transportini qamrab olgan “multimodal xab” quriladi. Yirik savdo komplekslari va moliya markazlari qad ko‘taradi.

So‘nggi sakkiz yilda qo‘shnilarimiz bilan tovar aylanmasi hajmi

3,5 barobardan ziyod oshib, qariyb 13 milliard dollarga yetdi. Katta investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Jumladan, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lini qurishni boshladik, yirik energetika va infratuzilma loyihalarini tayyorlash bo‘yicha salmoqli ishlar qilinmoqda. Umuman, biz Markaziy Osiyoda “Investitsiya va savdo uchun yaxlit hudud konsepsiyasi”ni ilgari surishni taklif qilamiz.

Biz uchun investitsiya – faqatgina moliyaviy manba emas. Bu – texnologiya, bilim, malakali kadrlar, xalqaro ishlab chiqarish zanjiriga qo‘shilish, ya’ni, haqiqiy taraqqiyot demakdir. O‘zbekiston mana shunday ezgu g‘oyalar bilan keladigan xorijiy investorlarga barcha sharoitlarni yaratib beradi, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi va buni kafolatlaydi.

Biz xalqaro moliya tashkilotlari bilan mutlaqo yangicha ishlashga o‘tib, aniq natijaga qaratilgan samarali hamkorlik tizimini joriy etdik. Xususan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘tgan yili O‘zbekistonga rekord miqdorda – 1 milliard dollarga yaqin investitsiya kiritdi. Mamlakatimiz ushbu bankning mintaqadagi eng yirik hamkoriga aylandi.

Shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlarining xususiy sektor bilan hamkorligi keskin kuchayib, ular bir qator ilg‘or korxonalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritishdi. Jumladan, bir yil davomida ularning xususiy kompaniya va banklar bilan qo‘shma loyihalari hajmi 1 milliard dollardan ortdi.

Bugun bu uchrashuvda qatnashayotgan kompaniyalar “yashil” energiya, chiqindilarni qayta ishlash, elektr energiyasini saqlash, “yashil” vodorod ishlab chiqarish kabi ilg‘or sohalarda yangi loyihalarni boshlaganini alohida ta’kidlamoqchiman.

Bu borada “Acwa Power”, “Masdar”, “Linde”, “Shanghai Environment”, “Total Energies” singari yetakchi kompaniyalar 8 milliard dollardan ziyod investitsiya kiritib, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda.

Raqamli texnologiyalar sohasida ham dunyo tan olgan nufuzli kompaniyalar yurtimizga jadal kirib kelmoqda. Ayniqsa, “DataVolt” kompaniyasi mintaqadagi eng yirik “yashil data markaz”ni, “Veon” kompaniyasi sun’iy intellektga asoslangan “mobil super-ilova”ni yaratish bo‘yicha loyihalarni boshlagani bizni juda quvontiradi. Hech shubhasiz, bunday loyihalar kelajakning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qiladi.

Umuman olganda, yurtimizda ishlayotgan investorlarning faolligi oshib, so‘nggi ikki yilda chet el kapitali ishtirokidagi 5,5 mingta yangi korxona tashkil etildi. Ularning umumiy soni 16 mingtaga yetdi.

Biz xorijiy korxonalar bilan birma-bir gaplashib, bildirilgan 40 dan ziyod tashabbuslarni saralab oldik. Jumladan, sarmoyadorlar soliq qonunchiligi barqarorligini ta’minlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunlarni ko‘paytirish, infratuzilma sohalarida xususiy sektor ulushini oshirish bo‘yicha takliflarni berdilar.

Tushgan takliflardan kelib chiqib, garov to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish, xorijiy kompaniyalar uchun professional kadrlarni tayyorlash, mahalliy kompaniyalarda korporativ boshqaruvni yaxshilash, soliq ma’murchiligi bo‘yicha qo‘shimcha ishchi guruhlar tashkil etiladi. Har bir taklif va mulohaza batafsil ko‘rib chiqiladi. Hukumatimiz tomonidan alohida “yo‘l xaritasi” qabul qilinadi.

Biz 2028 yilga qadar biznes uchun asosiy soliq stavkalari o‘zgarmasligini e’lon qildik. Joriy yilda yo‘l, transport, energiya, suv, irrigatsiya sohalarida qariyb 4,5 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini boshladik. Xalqaro moliya hisobotlari standartlariga o‘tish hamda ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruvni joriy etish bo‘yicha normativ huquqiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda.

Shuningdek nutqi yakunida Shavkat Mirziyoev bo‘lib o‘tgan sermahsul muloqotlardan juda mamnun ekanini, har bir taklif va mulohaza batafsil ko‘rib chiqilishini, hukumat tomonidan alohida «yo‘l xaritasi» qabul qilinishini aytdi.

Normurod Hakimov,

Xalq deputatlari shahar Kengashi Kotibiyat mudiri.

Teglar
- -