insurez
12-03-2025 08:36

Mamlakatimizda oʼtgan davrda sud-huquq sohasini demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud hokimiyatining fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi roli va ahamiyatini oshirish borasida amalga oshirilgan muhim islohotlar.


Mamlakatimizni demokratik yangilashning muhim yoʼnalishlaridan biri - qonun ustuvorligi va qonuniylikni mustahkamlash, inson huquqi va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan sud-huquq tizimini demokratlashtirish va erkinlashtirishdan iborat. Sud odil sudlovning oliy nuqtasi va uning rolini oshirish huquqiy davlat barpo etish yoʼlidagi qonuniy jarayon, aynan shunday yondashuv tufayli bu sohadagi ishlar koʼlami va samaradorligi keyingi davrda nihoyatda kengayib, yangi-yangi bosqichga koʼtarilmoqda.
2001 yilda huquqni qoʼllash va sud amaliyotiga yarashuv instituti kiritilgan sohadagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan muhim qadamlardan biri boʼldi. Oʼlim jazosi bekor qilinib, uning oʼrniga umrbod yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo turi joriy etilgani sud-huquq tizimini erkinlashtirish va yanada insonparvarlashtirish yoʼlidagi yana bir muhim qadamlardan biri boʼldi.
Jumladan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktyabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Farmoni inson huquq va erkinliklarini toʼliq hamda ishonchli himoya qilishni taʼminlash borasida yangi davrni boshlab berdi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 21 fevraldagi «Oʼzbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi Farmoni bilan yagona sud amaliyotini taʼminlash maqsadida Oliy sud va Oliy xoʼjalik sudi fuqarolik, jinoiy, maʼmuriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasida sud hokimiyatining yagona oliy organi – Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirildi.
207 ta maʼmuriy sud tashkil etildi, tadbirkorlik subʼektlarining qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilishga qaratilgan tumanlararo va tuman (shahar) miqyosida ham jami 85 ta iqtisodiy sud faoliyati yoʼlga qoʼyildi.
Sudьyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlashda noqonuniy aralashuvlarning oldini olish, bu borada ochiq, oshkora va muqobil tanlov tizimini yaratish maqsadida Sudьyalar oliy kengashi taʼsis etildi.
Oʼzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi va Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʼgʼrisidagi kodeksi 2018 yilning yanvarь oyida tasdiqlandi va 2018 yil 1 apreldan kuchga kirdi.
2017 yil 1 iyundan eʼtiboran Oliy sud va Oliy xoʼjalik sudini birlashtirish yoʼli bilan fuqarolik, jinoiy, maʼmuriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organi - Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudi tashkil etildi.
Bundan tashqari, Davlatimiz rahbarining 2017 yil 30 noyabrdagi “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Farmoni asosida 2018 yil 4 apreldagi qabul qilingan Oʼzbekiston Respublikasining “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish boʼyicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida”gi qonuni bilan Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga butunlay yangi – “Dalillarning maqbul emasligi” haqidagi norma kiritildi.
Sudlarning jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan ishlari qoniqarsiz darajada tashkil etilganligi sud faoliyatini lozim darajada yoritish imkonini bermayotganligi hamda aholining sud hokimiyatiga ishonchi pasayishiga olib kelayotganligi, sud hokimiyatining alohida mavqei va obroʼsiga, sudьyalar mustaqilligi printsiplariga muvofiq emasligi kasbiy oʼsishni yanada ragʼbatlantirishga toʼsqinlik qilib kadrlar qoʼnimsizligiga olib kelayotganligi inobatga olinib, 2018 yil 13 iyulda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida” Farmoni qabul qilindi.
Shuningdek, 2018 yil 4 apreldagi «Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish boʼyicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida»gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.
Yana bir islohot, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 yanvardagi «Sudьyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudьyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi Qarori bilan Oʼzbekiston Respublikasi Sudьyalar oliy kengashi huzurida Sudьyalar oliy maktabi tashkil etildi.
Shuningdek, 2019 yil 14 yanvardagi «Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish toʼgʼrisida»gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi jabrlanuvchi, guvoh va jinoyat protsessi boshqa ishtirokchilarining hayoti, sogʼligʼi hamda mol-mulkini himoya qilishning qonuniy kafolatlarini belgilab berdi.
Muhtaram Prezidentimiz Sh. Mirziyoev tomonidan 2020 yil 2 mart kuni imzolangan «2017–2021 yillarda Oʼzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʼnalishi boʼyicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʼgʼrisida»gi PF-5953-sonli Farmon bilan tasdiqlangan Davlat dasturida yuqorida qayd etilgan masalalarni hal qilish vazifasi qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yoʼnalishlari sifatida belgilab berilgan. Zero, ushbu vazifalar sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash, sudning nufuzini oshirish, sud tizimini demokratlashtirish va takomillashtirishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Bundan tashqari, 2020 yilning 24 iyulь kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan "Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida"gi Farmon sohada olib borilayotgan islohotlarning davomi boʼldi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 avgustdagi "Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida"gi Farmoni mazkur sohadagi davlat siyosatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʼtarib, Oʼzbekistonda inson huquq va erkinliklarini toʼliq hamda ishonchli himoya qilishni taʼminlash borasida yangi davrni boshlab berdi desak, mubolagʼa boʼlmaydi.
Maʼlumki, sudьya mustaqil boʼlsa, qonunga soʼzsiz boʼysunsa, masʼuliyatni chuqur his qilsa, begʼaraz va xolis boʼlgandagina adolat oʼrnatiladi.
Keyingi islohot, 2020 yil 7 dekabrь kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Sudьyalarning chinakam mustaqilligini taʼminlash hamda sud tizimida korruptsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Farmon sud tizimida yetarli bilim va hayotiy tajribaga ega boʼlgan munosib kadrlarni tanlash va lavozimga tayinlashda hamda sudьyalar faoliyatini xolis baholash jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash orqali fuqarolar va tadbirkorlik subʼektlarining sud hokimiyatiga boʼlgan ishonchini yanada oshirishga zamin yaratdi.
Shuningdek, Sud organlari faoliyatini moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish va sudьyalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida 2021 yil 13 yanvarda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud organlari faoliyatini moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Farmoni qabul qilindi.
Mamlakatimizda tergov faoliyatida «Inson qadri uchun» degan ezgu gʼoyani toʼliq roʼyobga chiqarish, jinoyatlarni oʼz vaqtida fosh etishni tashkil etish tergov organlarining faoliyatini qonun ustuvorligini va qilmish uchun jazo muqarrarligini taʼminlash tamoyili asosida takomillashtirishning muhim vazifalaridan biri hisoblanganligi inobatga olinib, 2022 yil 28 noyabrda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʼgʼrisida”gi Farmoni qabul qilindi.
Zero, chinakam adolatli sud tizimini shakllantirish va adolatli sud qarorlari qabul qilinishiga erishish orqaligina xalqning, shu jumladan, tadbirkorlarning sud tizimiga boʼlgan ishonchini mustahkamlash, suddan, pirovardida esa davlatdan rozi boʼlishiga erishish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo etish, qonun va adolat ustuvorligini taʼminlash mumkinligi hech kimga sir emas.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, 2022-2026 yillarga moʼljallangan Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasi Harakatlar strategiyasining uzviy davomidir. Unda bugungi global oʼzgarishlar, aholi turmush tarzi, hayot talabi va qadriyatlarimizdan kelib chiqqan holda yettita ustuvor yoʼnalishdagi maqsad va vazifalar belgilangan.
Taraqqiyot strategiyasi 100 ta ustuvor maqsadni oʼzida mujassam etgan boʼlsa, shundan sud islohotlari bilan bogʼliq bandlar bevosita ikkinchi yoʼnalish doirasida belgilangan. Bu ustuvor yoʼnalish “Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish” deb nomlangan.
Bundan tashqari, 2023 yil 16 yanvarda Prezidentimiz tomonidan imzolangan ikkita tarixiy hujjat, yaʼni “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Farmon va ushbu Farmon ijrosini samarali taʼminlash maqsadida imzolangan “Odil sudlov faoliyatini amalga oshirishni samarali tashkil etish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Farmon, murojaatnomada bildirilgan takliflarning ijrosini amalda taʼminlashga qaratilgan.
Bundan tashqari, mamlakatimizda 2025 yil 1 yanvardan boshlab, jinoyat ishini yuritishga masʼul shaxslar roʼyxatiga “tergov sudьyasi” lavozimi qoʼshildi. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 10 iyunda qabul qilingan «Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi Farmoni bu yangi lavozimning joriy etilishiga huquqiy asos boʼlib xizmat qildi.
Mazkur Farmondan kelib chiqqan xolda, 2025 yil 28 yanvarda “Oʼzbekiston Respublikasi ayrim qonun hujjatlariga shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida”gi qonun qabul qilinib, matbuotda eʼlon qilindi.
Inson huquq va erkinliklarini taʼminlash sudlar zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi. 
Darhaqiqat, bugun yurtimizda olib borilayotgan barcha yoʼnalishdagi islohotlarning markazida inson omili turibdi. Bu hayotiy haqiqatni Prezidentimiz Sh.Mirziyoevning Oliy Majlisga yoʼllagan murojaatnomasidagi “Inson manfaatlari va yana bir bor inson manfaati islohotlarning bosh maqsadi etib belgilandi”-deb, bildirgan soʼzlari ham isbotlab turibdi.
Zero, islohotlardan koʼzlangan asosiy maqsad ham shu muqaddas zaminda istiqomat qilayotgan har bir insoning orzularini roʼyobga chiqarish hamda uning uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishdan iborat ekan, har birimiz bu borada zimmamizdagi ulkan masʼuliyatni toʼla his etib, masʼuliyatli vazifalarni sidqidildan, halol va vijdonan bajarishga, odil sudlovni faqat qonunga boʼysungan holda amalga oshirishga, xalqimiz va Prezidentimiz oldida bergan qasamyodimizga hamisha sodiq qolishga vaʼda berganligimizni unutmasligimiz, shu ezgu maqsadlarga xizmat qilishni faoliyatimizning asosiy mezoniga aylantirib, daxldorlik hissi bilan mehnat qilishimiz darkor.
Bu esa fuqarolik sudlariga nizolar soni kamayishiga, odamlarda huquqiy ong, huquqiy madaniyat oshishiga, bevosita xalq manfaatlarini roʼyobga chiqarishga, uning turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qiladi. 
Mazkur ezgu maqsadni roʼyobga chiqarishda esa sudьyalar zimmasiga oʼta muhim vazifa – odil sudlovni Konstitutsiya va qonunlardan hamda adolat tamoyilidan ogʼishmay amalga oshirish yuklatiladi.

Gʼ.S.Vohidov
Samarqand viloyat fuqarolik ishlari 
boʼyicha sudlov hayʼati sudьyasi     
            

Teglar
- -