KATTAQO‘RG‘ONDA TIBBIYOT XODIMLARI O‘RTASIDA ODOB-AXLOQ ME’YORLARI MUHOKAMA QILINDI
Bugun, Kattaqo‘rg‘on shahar Tibbiyot birlashmasida tibbiyot muassasalarida xizmat qilayotgan xodimlar o‘rtasida odob-axloq qoidalari yuzasidan muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika (KTMP), 1-son oilaviy poliklinika (1-OP) rahbariyati, bo‘lim mudirlari, katta hamshiralar, shifokorlar, hamshira va boshqa mutaxassislar hamda rahbar o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishga shahar Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i X.X. Xamrayev boshchilik qildi. U o‘z nutqida davlat fuqarolik xizmatida faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari tomonidan xizmat intizomi va axloqiy mezonlarga qat’iy amal qilish lozimligini alohida ta’kidladi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 oktabrdagi 595-sonli qarorida belgilangan talablar har bir xodim faoliyatida asosiy yo‘l-yo‘riq bo‘lishi zarurligi qayd etildi.
Muhokama jarayonida bosh shifokor X.X. Xamrayev bemorlar bilan muomala madaniyatini yuksaltirish, tibbiy sohadagi yuksak obro‘-e’tiborni saqlash, shuningdek, xizmat mavqeini suiiste’mol qilish, intizom buzilishi kabi holatlarga qat’iy chora ko‘rilishini ta’kidlab o‘tdi. Yig‘ilish yakunida barcha ishtirokchilarga tibbiyot xodimlari orasida odob-axloq qoidalarini tushuntirish, mehnat intizomini mustahkamlash, xulq-atvor madaniyatini oshirish bo‘yicha muntazam targ‘ibot ishlari olib borish, jamoa ichidagi o‘zaro hurmat, bemorlar bilan muloqotda ehtiyotkorlik va mas’uliyatli yondashuvni ta’minlash vazifalari topshirildi.