Kattaqo‘rg‘on shahrida Yuksalish maktabi ochildi
Mamlakatimizda ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratilgan holda yoshlarni zamon talablari darajasida ta’lim-tarbiya olishlari yo‘lida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shahrimizda bugungi kun talablariga mos ravishda Yuksalish maktabining ochilgani bu boradagi isharning davomi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Avvalroq kattaqo‘rg‘onlik yoshlar bilan shahar hokimi Gavhar Alimova sektor rahbarlari va moderator Muhammadali Eshonqulov ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda Kattaqo‘rg‘onda ham Yuksalish maktabining ochilishi haqida taklif bildirilgan edi. Qarangki, bugun ushbu taklif amalga oshib, Yuksalishning 13- maktabi shahrimizda o‘z faoliyatini boshladi.
Maktabning ochilishida shahar hokimi Gavhar Alimova, sektor rahbarlari, ta’lim sohasi va jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etdilar.
So‘zga chiqqan shahar hokimi milliy qadriyatlarga tayangan mana shunday maktabning ochilishi albatta, yoshlarimizni vatanparavarlik, ajdodlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, tadbirda so‘z olganlar maktabning kelgusidagi faoliyatida muvaffaqiyat tiladilar va ta’lim maskanidan yetuk, buyuk ajdodlarimizga munosib avlodlar yetishib chiqishiga tilak bildirdilar.
Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari maktabdagi imkoniyatlar, dars mashg‘ulotlarini o‘tish uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar.
Mazkur o‘quv muassasasi 11 yillik tizimga asoslangan bo‘lib, 1-9 sinflarga o‘quvchilar qabul qilingan. Darslar davlat ta’lim standartlari asosida o‘tiladi. Bundan tashqari kitobxonlik, ingliz tili, matematika va zamonaviy kasblarni o‘rgatish bo‘yicha to‘garaklar tashkil qilingan. Maktabda koordinatorlik lavozimi bo‘lib, ular ota-onalar bilan muloqotda bo‘ladilar va o‘zlashtirishi qiyin bo‘lgan o‘quvchilar bilan doimiy ravishda qo‘shimcha mashg‘u,lotlar olib boradilar. O‘quvchilar uchun shifokor nazorati, logoped va psixolog xizmatlari ham mavjud.
Yuksalish maktabidagi alohida e’tirof etiladigan jihat shundaki, har bir sinflar ulug‘ allomalarimizning nomlari bilan qayd etiladi. Albatta, ta’limga bunday yondashuv yoshlarda ta’lim, fan taraqqiyotiga hissa qo‘shib, bugun dunyo tamaddunida nomlari tildan tilga o‘tib kelayotgan ulug‘ ajdodlarimizga hurmat va ulardan faxrlanish hissini uyg‘otishi shubhasiz.
O‘ylaymizki, ushbu maktab shahrimizda iqtidorli yoshlarni ruyobga chiqarish, ta’lim sohasini yanada taraqqiy ettirishga munosib hissa qo‘shadi.