insurez
20-12-2024 18:05

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi “ICLEI” xalqaro tashkiloti seminarida qatnashdi


Xalqaro Nordik (Nordik) universiteti delegatsiyasi “ICLEI” xalqaro tashkiloti va Janubiy Koreya Respublikasining Seul shahar hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Capacity Building Program” (“Salohiyatni oshirish dasturi”) doirasida Seul shahrida hududiy boshqaruvni takomillashtirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va shaharsozlik masalalarida salohiyatni oshirishga qaratilgan muhim tadbirlar tashkil etildi.

Mazkur dasturning asosiy maqsadi – ishtirokchilarning yashil iqtisodiyot, qayta tiklanadigan energiya manbalari, ekologik transport tizimlari hamda kam uglerodli infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini kengaytirishdan iborat.

Joriy yilning aprel oyida “ICLEI” xalqaro tashkiloti rahbariyati O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi. Tashrif davomida vazirliklar, Samarqand, Navoiy va Toshkent shahar hokimliklari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, kelgusida qo‘shma loyihalar, seminar-treninglar hamda o‘quv dasturlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlar imzolangandi. Uchrashuvlar davomida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, barqaror rivojlanish tamoyillarini tatbiq etish hamda hududiy boshqaruv salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilingandi.

Shunga muvofiq, joriy yil 15-20 dekabr kunlari Janubiy Koreyaning Seul shahrida Xalqaro Nordik universiteti va “ICLEI” tashkilotining Sharqiy Osiyo kotibiyati o‘zaro hamkorlik doirasida o‘quv-seminar tashkil qildi. Ushbu seminar qayta tiklanadigan energiya manbalarini samarali boshqarish, shaharsozlikni rivojlantirish, kam uglerodli binolarni joriy qilish va yashil transport tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirishga qaratildi. Tadbirda shahar va tuman boshqaruvini optimallashtirish va yashil iqtisodiyot tamoyillarini amaliyotga tatbiq etishning ilg‘or tajribalari o‘rganildi.

Seminarda Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Gavhar Alimova ham ishtirok etdi va “ICLEI” xalqaro tashkilotining Sharqiy Osiyo kotibiyati rahbari janob Shu Ju bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida Kattaqo‘rg‘on shahrining investitsiyaviy salohiyatidan kelib chiqqan holda energiya tejovchi texnologiyalar, qayta tiklanadigan energiya manbalari va barqaror transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashildi.

Shuningdek, tadbir davomida seminar ishtirokchilariga Kattaqo‘rg‘on shahrining investitsiya salohiyati va tadbirkorlik imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot namoyish etildi. Ushbu taqdimot tumanni iqtisodiy rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha istiqbolli rejalarni o‘z ichiga oladi.

Teglar
- -