KATTAQO‘RG‘ON ShAHAR HOKIMI ALIMOVA GAVHAR ZAYIROVNANING NAVRO‘Z UMUMXALQ BAYRAMI MUNOSABATI BILAN TABRIGI
Assalomu alaykum aziz hamshaharlar va shahrimiz mehmonlari!
Avvalo, Siz, azizlarni sharqona yangi yil – Navro‘z bayrami bilan samimiy tabriklayman. Barchangizga tinchlik-omonlik, sihat-salomatlik, baxtu saodat va ulkan yutuqlar tilayman.
Biz, yasharish va yangilanish ayyomi – Navro‘zi olamni hamisha intizorlik bilan orziqib kutamiz. Dunyoda turli bayramlar va qutlug‘ sanalar ko‘p. Lekin inson qadri va sha’nini ulug‘lashda Navro‘z ayyomining o‘rni alohida, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Navro‘zi olam bizni tabiat farzandi bo‘lib, Vatan tuprog‘ini, ona zamindagi har bir giyohni ko‘zimizga to‘tiyo qilib yashashga o‘rgatadi.
U barchamizga insoniylik, mehr-oqibat va bag‘rikenglikdan saboq beradi. Shu fayzli lahzalarda barchamiz tinchlik va osoyishtalik naqadar bebaho ne’mat ekanini, uning qadr-qimmati va ahamiyatini yaxshi anglaymiz.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Bugun yurtimizda boshlangan Inson qadrini ulug‘lashga asoslangan ulkan islohotlarga hamohang tarzda yurtdoshlarimiz milliy rivojlanishning yangi davriga ulug‘ maqsadlar va amaliy ishlar bilan kirib bormoqda. Buning tasdig‘ini biz bugun har bir oila, har bir mahalla, shahrimiz misolida ko‘rishimiz mumkin.
Zero shahrimizda ham bugun ko‘plab zamonaviy bino va inshootlar, yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlari, shinam turar-joylar, yangi bog‘cha va maktablar, oliygohlar hamda madaniyat maskanlari, tibbiyot va sport inshootlari barpo etilmoqda. “Obod mahalla” dasturi asosida shahrimiz bo‘ylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida keng ko‘lamdagi ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Ushbu betakror ayyomda Navro‘zning olijanob qadriyatlaridan kuch-quvvat va ilhom olgan fidoyi hamshaharlarimiz mahallalarda hasharlar qilib, ko‘chat va gullar ekib, shahrimizni obod qilish va ko‘kalamzorlashtirishda o‘z hissalarini qo‘shishmoqda.
Shuni ishonchi bilan aytish mumkin-ki, ayni paytda shahrimiz fuqarolari bayram kayfiyati va bunyodkorlik ruhi bilan yashamoqda.
Qadrli do‘stlar!
Ayni ulug‘ ayyom arafasida bag‘rikeng diyorimizda o‘zaro hurmat, saxovat va muruvvat tuyg‘ulari yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Shu kunlarda yurtimizda bo‘lgani singari shahrimizda ham “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. 15 martdan- 15 aprelgacha belgilangan “Milliy qadriyatlar oyligi” doirasida milliy urf-odatlarimizni, axloqiy-ma’naviy qadriyatlarimizni shakllantirish va yoshlar orasida targ‘ib qilish oila, mahalla va ta’lim muassasalarida milliy qadriyatlar muhitini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilgan.
“Har kuni, har kimga savob qil” loyihasi doirasida keng jamoatchilik bemorlar, keksa va nogironlarga, ko‘makka muhtoj oilalarga mehr-oqibat, amaliy yordam ko‘rsatmoqda.
Biz, barcha havas qiladigan bunday boqiy urf-odatlarimizni ko‘z qorachig‘idek asrab, aziz farzandlarimizni mana shunday yuksak odamiylik ruhida tarbiyalashni davom ettirishimiz lozim.
Albatta bu kabi ezgu ishlar natijasida milliy qadriyatlarimiz bo‘lgan hurmat va e’tibor kuchayadi, mahallalar tashkilot va korxonalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit yanada yaxshilanadi va oilaviy qadriyatlar mustahkamlanadi, yoshlarning ijodiy faolligi va milliy madaniyatga qiziqishi ortadi.
Azizlar
Navro‘z va yoshlik tushunchalari bir-biriga juda yaqin va mushtarakdir.Bugun azmu shijoatli millionlab farzandlarimizga g‘urur bilan qarar ekanmiz, bu haqiqatga ishonch hosil qilamiz.
Mana shu damda ezgu orzu- umidlar bilan yangi hayot sari qadam qo‘yayotgan siz kattaqo‘rg‘onlik o‘g‘il-qizlarga murojaat qilib aytmoqchiman:
-Aziz yoshlar siz bugun erkin va obod Vatan bag‘rida voyaga yetmoqdasiz. Bu esa juda katta boylik va baxt, qolaversa ulkan mas’uliyat hamdir. Zero, siz ota-onangiz, ustozlaringiz boshlagan ulkan ishlarning davomchilarisiz.
Bu ulug‘ vazifaga hozirdan tayyor bo‘lishingiz, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashingiz, muqaddas Vatanimizni ko‘z qorachig‘idek asrashingiz, unga hamisha sodiq bo‘lib yashashingiz zarur.
Sizlar bo‘lg‘usi Xorazmiy va Farg‘oniylar, Beruniy va Ibn Sinolar, Ulug‘bek va Navoiylar, Boburlar sifatida Vatanimiz shonu-shuhratini butun dunyoga, albatta, tarannum etasizlar.
Albatta buning uchun doimo oldinga, ilm va fan cho‘qqilarini egallashga intiling.
Aziz hamshaharlar!
22 mart kuni yurtimizda yana bir qutlug‘ bayram – “Mahalla kuni” keng nishonlanadi. Mahalla biz uchun Vatan ichra kichik vatandir.
Shu bois, biz inson qadrini mahalla bilan uyg‘un holda tasavvur etamiz. Mahalla tinch bo‘lsa – butun yurt tinch, mahalla obod bo‘lsa, butun mamlakat farovon bo‘ladi.
Ayni shu sababli, hayotimizda mahallaning o‘rni va nufuzini oshirish, uning vakolat va imkoniyatlarini kengaytirishga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz.
“Mahallabay” ishlash asosida aholining yashash sharoitlarini yaxshilash, sog‘lig‘ini asrash, ijtimoiy muammolarni yechish, xotin-qizlar va yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish, ularni ish o‘rinlari va uy-joy bilan ta’minlash, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar yangi bosqichga chiqmoqda.
Fursatdan foydalanib, aholining og‘irini yengil, mushkulini oson qilish maqsadida astoydil xizmat qilayotgan barcha-barcha insonlar – mahalla xodimlarini va faollarini, muhtaram nuroniylar va kayvoni opa-singillarimizni samimiy tabriklab, yangi zafarlar va omadlar tilayman.
Aziz do‘stlar!
Siz, azizlarni Navro‘z bayrami bilan, yana bir bor muborakbod etaman. Navro‘zi olam har bir inson, har bir oilaga tinchlik-xotirjamlik, yaxshilik va fayzu baraka olib kelsin! Yurtimiz tinch va osoyishta, xalqimiz doimo sog‘-omon bo‘lsin!