KATTAQOʻRGʻON SHAHAR HOKIMI ALIMOVA GAVHAR ZAYIROVNANING MAHALLA TIZIMI XODIMLARIGA TABRIGI
Assalomu alaykum, qadrli mahalla tizimi xodimlari va mahalla faollari!
Sizlarni 22-mart-Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan samimiy tabriklayman.
Mahalla – asrlar osha milliy urf-odat va anʼanalarimizni bezavol saqlab, xalqimiz uchun ezgulik va tarbiya beshigi, yaxshi qoʻshnichilik va hamjihatlik maskani boʻlib kelmoqda. Mahallada kelajak avlod ulgʻayadi.
Bugun Prezidentimiz tashabbusiga koʻra, mahallalarda yangi tizim ish boshladi. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tuzilib, joylarda uning boshqarma va boʻlimlari tashkil etildi. Mahallalarda esa “mahalla yettiligi” faoliyati yoʻlga qoʻyilib, fuqarolar bilan ishlashning yangi mexanizmi asosida amaliy ishlar qilinayapti.
Jumladan, shahrimizdagi 36 ta mahallalarda ham bugun “mahalla yettiligi”ning hamjihat va hamfikrliligi bois aholining mahallaga, mahalla xodimlari orqali davlatga yanada ishonchi mustahakamlanmoqda. Bu ishlar avvalo bandlikni taʼminlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, xotin-qizlar, yoshlar, nuroniy otaxon va onaxonlarimizga manzilli yordam koʻrsatish, fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish, kambagʻallikni qisqartirish hamda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar bilan uygʻun holda olib borilayotgani diqqatga sazovordir.
Azizlar!
Yana bir bor Sizlarni 22 mart - Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan samimiy tabriklayman. Hamisha mahallalarimiz tinch, oilalarda yaxshi kunlar koʻp boʻlsin! Kasb bayramingiz muborak boʻlsin. Sizlarga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat, xonadoningizga qut-baraka, tinchlik va xotirjamlik tilayman.
Mahallalarda sogʻlom maʼnaviy muhitni qaror toptirish, yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, mahallaning obodligi va xavfsizligi, tinch va farovonligi yoʻlida qilayotgan samarali mehnatlaringizga yanada barakali boʻlsin!
Kattaqoʻrgʻon shahar hokimi Gavhar ALIMOVA