KATTAQOʻRGʻON SHAHAR HOKIMI ALIMOVA GAVHAR ZAYIROVNANING 8 DEKABR -OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASINING 32 YILLIGI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI
Assalomu alaykum, aziz hamshaharlar!
Avvalambor, Sizlarni ulug‘ ayyom – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.
Konstitutsiya milliy davlatchiligimiz, suverenitetimiz, shu kunga qadar erishgan barcha yutuq va marralarimiz, demokratik huquqiy davlat barpo etish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizning mustahkam poydevori hisoblanadi. Qolaversa, milliy tariximizda birinchi marta umumxalq referendumida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinganligi tom ma’noda tarixiy voqea bo‘ldi. Unda xalqimizning oliy maqsadi – Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topdi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki «Yangi O‘zbekiston» degan tushuncha har bir yurtdoshimizning qalbidan chuqur joy olib, jamiyatimizning barcha sohasiga yanada yaqinroq kirib bormoqda. Shu boisdan bugun shahrimizda ham “Konstitutsiya - erkin va farovon hayot garovi!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tmoqda.
Ta’lim maskanlarida, mehnat jamoalarida, mahallalarda bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda yoshlar, mahallalar, xotin-qizlar, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillarining faol ishtirok etayotganligi quvonarli, albatta.
Demak, har bir fuqaro o‘zini jamiyatning teng huquqli a’zosi, o‘z taqdirining chinakam egasi, erkin va bunyodkor inson sifatida his etmoqda va islohotlarning faol ishtirokchisiga aylanmoqda.
Azizlar!
Bosh Qomusimizda aholini kuchli ijtimoiy himoyaga asoslangan prinsip va normalar o‘z ifodasini topgan. Shunga ko‘ra shahrimizda ham Konstitutsiyada belgilingan malakali tibbiy xizmatdan foydalanish va kuchli ijtimoiy himoyani ta’minlashda borasida fuqarolar huquqlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha barcha imkoniyatlar ishga solinib, aholi salomatligini saqlash, ishsiz fuqarolarga yordam berishga alohida e’tibor qaratilgan.
Shahardagi mavjud 36 ta mahallada xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlash tadbirkorlik markazlari tashkil qilindi. Mazkur markazlarda hamda savdo-sanoat, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalar kesimida yangi ish o‘rinlari yaratilishi natijasida 2000 ga yaqin kattaqo‘rg‘onlik xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi.
Kattaqo‘rg‘on shahrida 2024 yil yanvar - oktyabr oylarida 836 mlrd.so‘mlik 15 ta loyihalar ishga tushirilib, 266 ta ish o‘rni yaratildi.
Shahardan 35 km uzoqlikda joylashgan Ingichka qo‘rg‘onchasida ham ishsizlikni kamaytirish hamda ijtimoiy muhitni yaxshilash maqsadida Olmaliq kon metallurgiya kombinatining "Ingichka" boyitish fabrikasi ishga tushirilishi natijasida 200 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Qolaversa, ingichkalik xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash maqsadida qo‘rg‘onchadagi Abdulla Qahhor mahallasida 100 o‘rinli tikuv sexi tashkil qilindi.
Aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida Tibbiyot birlashmasi so‘nggi rusumdagi tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi. Tumanlararo gemodializ markazining tashkil qilingani, laporaskopik, artroskop hamda ko‘z kasalliklari mikroskopik jarroxlik, multispiralli kompyuter tomografiyasi tekshiruv apparatlarining keltirilgani shahar aholisi uchun katta qulaylik bo‘ldi.
Ishsiz fuqarolarni bandligini ta’minlash maqsadida ularni shahrimizdagi Ishga marhamat Monomarkazida kasb-hunar o‘rganishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi. 30 dan ortiq yo‘nalishlar bo‘yicha kasb-hunarga o‘qigan yoshlar, xotin-qizlarni tadbirkorlik va o‘qigan yo‘nalishi bo‘yicha faoliyatini boshlashlariga ko‘maklashildi. Joriy yilning o‘zida ushbu markazda 2500 ga yaqin fuqarolar kasb-hunarga o‘qitildi.
Shuningdek, ijtimoiy muammosi bo‘lgan fuqarolarni arzon uy-joylar bilan ta’minlash, og‘ir turmush sharoitidagi xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Navbahor” mahallasida “Mehr uyi”, “Ermachit” mahallasida Ijtimoiy uy, “Yakkabog‘” mahallasida homiy tadbirkor tomonidan 14 xonadonli uy-joylar barpo etildi.
Shuningdek, 128 km ichki yo‘llar asfaltlashtirildi. Shaharning markaziy ko‘chalarini bog‘lovchi yangi zamonaviy ko‘prik barpo etildi. 37 ta ko‘p qavatli uylar mukammal ta’mirlandi. 5 ta yangi 7 va 12 qavatli, 424 kvartirali uy-joylar qurilib aholiga foydalanishga topshirildi.
Qadrli hamshaharlar!
Konstitutsiyamizda ta’lim-tarbiya masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Pedagoglarning maqomini asosiy qonun bilan mustahkamlab qo‘yilganligi fikrimizning isbotidir. Konstitutsiya- ning 52 moddasida O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatidi e’tirof etilishi, Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi belgilab qo‘yilganligi o‘qituvchi-pedagoglarning o‘z ishlariga yanada mas’uliyat bilan yondashishga undaydi.
Shahrimizda ham ta’lim-tarbiya borasidagi islohotlarni hayotga keng targ‘ib qilish yo‘lida ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘quvchi-yoshlarni munosib-ta’lim-tarbiya olishlarini ta’minlash maqsadida 2- va 20- maktablar uchun yangi o‘quv binolari barpo etildi. 8 ta umumta’lim maktablari, 7 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari mukammal ta’mirlanib, yangi 9 ta xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etildi.
Quvonarlisi, Kattaqo‘rg‘on shahrida ta’lim sifatini yanada yaxshilash maqsadida Samarqand Davlat Universiteti Kattaqo‘rg‘on filiali ochilib, bugun ushbu oliy ta’lim muassasasida 2500 dan ortiq talabalar tahsil olmoqda. Prezident ta’lim muassasalari agentligiga qarashli ixtisoslashtirilgan maktab faoliyatini boshlagani bolajonlarning ta’lim-tarbiya olishlari uchun zamon talablari darajasidagi shart-sharoitlarning yaratilganligi bu boradagi ishlarning amaldagi natijasi bo‘ldi.
Qolaversa, shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholiga qulaylik yaratish maqsadida Soliq inspeksiyasi, Mudofaa ishlari bo‘limi, Ko‘zi ojizlar kutubxonasi, Madaniyat saroyi, 50 ming kitob fondiga ega bo‘lgan Axborot kutubxona markazi, Ishbilarmonlar markazi, “Inson” xizmatlari markazi, Maktabgacha va maktab ta’lim bo‘limi hamda 20 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarining binolari yangidan barpo etildi. Bu ishlar sohalar rivojiga shu jumladan, aholining ushbu yo‘nalishdagi huquqlari va erkinliklarini amalga oshirish yo‘lida xizmat ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on suv omborida 10 mingga yaqin aholiga xizmat ko‘rsatadigan Madaniyat va turizm klasterining barpo etilayotgani ham aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish borasidagi ishlar samaradorligini oshirishda xizmat qiladi.
Albatta, shahrimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlar aholining Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ta’minlash, huquqiy demokratik jamiyat barpo etish yo‘lidagi ishlarni hayotga keng tadbiq etishga muhim omil bo‘lishiga ishonamiz.
Aziz kattaqo‘rg‘onliklar!
Sizlarga yana bir bor, Bosh Qomusimiz–O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yillik bayrami muborak bo‘lsin deyman. Barchangizga sihat-salomatlik, saodatli uzoq umr, xalq farovonligi, yurt taraqqiyoti yo‘lidagi ishlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Xonadonlaringizni tinchlik-osoyishtalik, fayz - u - baraka tark etmasin!