KATTAQO‘RG‘ON SHAHAR HOKIMI ALIMOVA GAVHAR ZAYIROVNANING 21 OKTABR - O‘ZBEK TILI BAYRAMI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI
Assalomu alaykum hurmatli hamshaharlar!
Bugun 21 oktyabr - O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun.
Avvalambor Sizlarni ushbu qutlug‘ sana, ya’ni, milliy qadriyatlarimiz, ma’naviyatimiz va o‘zligimizni dunyoga tanitadigan, millatimiz faxri va g‘ururi bo‘lgan ona tilimiz -o‘zbek tili bayramining 35 yilligi bilan muborakbod etaman.
Atoqli ma’rifatparvar Abdulla Avloniy bobomiz aytganidek, Til – millat ruhini yuksaltiruvchi buyuk kuchdir. Ushbu buyuk ne’matni har bir millat qanchalik e’zozlasa, qadrlasa, uning taraqqiyoti uchun jon kuydirsa, til yanada go‘zal va betakror bo‘lib qolaveradi! Zero, unda xalq tarixi, milliy qadriyatlari, madaniyati mujassamdir.
1989 yil 21 oktyabrda o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilishi ham xalqimiz hayotidagi buyuk tarixiy voqea va O‘zbekistonning mustaqillik sari qo‘ygan ilk tamal toshi bo‘ldi. Davlatimiz mustaqilligining e’lon qilinishi bilan esa ona tilimiz o‘zining haqiqiy o‘rniga ega bo‘ldi.
Albatta, o‘tgan yillar mobaynida ona tilimizga milliy merosimizning asoslaridan biri sifatida katta e’tibor qaratilib, uning sofligini saqlash, bu boradagi qonunchiligimizning mazmun-mohiyatini yosh avlod ongiga singdirish yo‘lida ulkan ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotidagi va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini oshirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik, milliy an’analarimiz, qadriyatlarimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etilishini ta’minlash maqsadida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi arafasida, ya’ni 2019 yil 21 oktabrda Davlatimiz rahbarining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
Davlat tilini rivojlantirish, uning o‘rni va mavqeini mustahkamlashga qaratilgan ishlarning davomi sifatida Prezidentimiz 2020 yil 10 aprelda O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonunni imzoladi. Qonunga muvofiq 21 oktabr mamlakatimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilandi.
BMT ning ma’lumotiga ko‘ra, asrimizning oxiriga borib dunyodagi bor tillarning yarmi yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida ekan. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, har bir millat, xalq o‘z ona tilini saqlab qolish bo‘yicha harakatni to‘xtatmasligi lozim.
Hozirgi kunda o‘zbek tili rivojlanib borayotgan tillar sirasiga kiradi. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda dunyoda bu tilda so‘zlashuvchilar soni 50 million kishiga yetdi. Bu albatta ona tilimiz taraqqiyotini bildiradi, lekin bu biz tilimiz haqida qayg‘urmasak ham bo‘ladi degani emas. Aslida XX asr boshlaridayoq tilni saqlash qayg‘usi jadid bobolarimizni tashvishlantirgan edi. Jadid olimlaridan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Is’hoqxon Ibrat, Abdurauf Fitrat, Munavvarqori Abdurashidovlar tilni kelgusi avlodga sofligicha yetkazish uchun bir qancha ishlarni amalga oshirishgan.
Is’hoqxon Ibrat tilimiz ravnaqi yo‘lida yoshlarni “vataniy ish” qilishga chorlab, “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tillarni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat- bu vataniy ishdir”,- deydi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy esa til sofligini saqlash uchun ona tilimizda mavjud so‘zlardan kengroq foydalanish kerakligini ta’kidlab, bunga “millat onalarini o‘qitish bilan erishish mumkin”ligini aytadi.
Ushbu bayramning yurtimizda keng nishonlanishi ona tilimizning naqadar boyligini ko‘rsatib bera olishi bilan birga unga bo‘lgan hurmat va e’tiborni yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Shuni alohida ta’kidlash joizki, har birimiz tilimizning pokligi va o‘ziga xosligini saqlash, uni boyitish va takomillashtirishga o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim. Millatimiz g‘ururi va iftixori bo‘lgan, noyob xazina – ona tilimizni asrash barchamizning burchimizdir.
Azizlar!
Sizlarni yana bir bor O‘zbek tili bayrami bilan samimiy tabriklayman. Barchangizga sog‘lik-omonlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu -baraka tilayman.