insurez
01-10-2025 08:54

KATTAQO‘RG‘ON SHAHAR HOKIMI ALIMOVA GAVHAR ZAYIROVNANING 1 OKTABR-O‘QITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI


Assalomu alaykum hurmatli ustoz va murabbiylar!

Avvalambor, Siz aziz ta’lim sohasining fidoyi va jonkuyar xodimlarini 1-oktabr - “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bilan samimiy muborakbod etaman.

Bugungi kunda bunyodkorlik salohiyati bilan Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans poydevorini barpo etayotgan muallim va ustozlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyati ortib bormoqda. Dunyodagi kasblar orasida eng sharaflisi va eng ulug‘i o‘qituvchilikdir. Zero, har bir inson muallim sabog‘i orqali o‘z yo‘lini topadi. Buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayxon Beruniy aytganidek: Ustoz ilmga yo‘naltiruvchi, yo‘l ko‘rsatuvchi farishtadir. Shu boisdan ham dono xalqimiz azaldan o‘qituvchi-pedagoglarni hayotimiz charog‘bonlari, yo‘limizni yorituvchi nur, deya ta’riflaydi va e’zozlaydi.

Bugungi kunda ham ushbu azaliy qadriyatning uzviy davomi sifatida Prezidentimiz rahnamoligida ustoz va murabbiylarga cheksiz hurmat hamda ehtirom ko‘rsatib kelinmoqda. Har yili 1 oktabr sanasining umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanishi ham fikrimizning isbotidir.

Ulug‘ bobokalonimiz hazrat Alisher Navoiy ta’kidlaganidek, dunyoning bor boylik va xazinasi bilan ham Sizning oliyjanob mehnatingiz haqini ado etib bo‘lmaydi.

Qadrli soha fidoyilari!

Barchamizga ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim sohasida misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatlarga erishildi. Ayniqsa, o‘qituvchining sha’ni, qadr-qimmatining davlat himoyasiga olingani, yangi Konstitutsiyamizda huquqiy maqomining mustahkamlab qo‘yilgani katta tarixiy yangilik bo‘ldi, desak adashmaymiz.

Shu o‘rinda respublikamizning ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lgan Kattaqo‘rg‘on shahrida ham ta’lim-tarbiya yo‘nalishida keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotganligi quvonarlidir.

Aziz ustozlar!

Sizning fidokorona mehnatingiz natijasida shahrimiz maktab ta’limi sohasi reyting natijalariga ko‘ra viloyatda va respublikada bir necha yillardan buyon yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.

Shu o‘rinda, raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, so‘nggi yillarda maktabgacha ta’lim tashkilotlari 58 taga yetgan bo‘lsa, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 88 foizga oshishiga erishildi. Albatta, bu natijalar maktabgacha ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan barcha pedagog xodimlarning fidokorona mehnatlari samarasidir.

Umumta’lim maktablarimizdagi pedagoglarning 148 nafari oliy toifali, 191 nafari I toifali, 181 nafari II toifali va 401 nafari mutaxassis o‘qituvchilarni tashkil qiladi.

Bundan tashqari, shahrimizdagi 321 nafar pedagoglar milliy va xalqaro sertifikatlarga ega.

2024-2025 o‘quv yili yakunida shahrimiz maktab bitiruvchilarining 34 nafari oltin va 4 nafari kumush medallar bilan o‘qishni tamomladi. Oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi esa 30 foizdan 40 foizga yetkazildi.

Bu yutuqlar albatta, Siz aziz soha fidoyilarining fidokorona mehnatlaringiz evaziga qo‘lga kiritilganligini barchamiz yaxshi bilamiz. Fursatdan foydalanib barchangizga o‘zimizning cheksiz minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Qadrli o‘qituvchi va murabbiylar!

Shunday quvonchli kunda ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarimizga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bugungi kunda 3-sonli umumta’lim maktabi hamda 22-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida qurilish ta’mirlash ishlari, 15-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida “Tashabbusli budjet” loyihasi bo‘yicha 1 mlrd. 500 mln so‘mlik mukammal ta’mirlash ishlari bajarildi. 6- maktab uchun 300 o‘rinli 4.7 mlrd so‘mlik qo‘shimcha bino qurildi. 17- maktabgacha ta’lim tashkiloti 1 mlrd. hamda 18- maktabgacha ta’lim tashkiloti 5.7 mlrd so‘mlik mukammal ta’mirlanib foydalanishga topshirildi.

Alohida e’tirof etish kerakki, yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar samarasida pedagoglarimiz va ular saboq berayotgan o‘quvchilarimizning yutuqlari ham yil sayin ortib bormoqda. Shahrimizdagi umumta’lim muassasalari o‘tgan o‘quv yilida viloyat va Respublika miqyosida o‘tkazilgan tanlovlarda bir qator sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi.

Jumladan, 11-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi “Yosh gvardiyachi” tanlovining Respublika bosqichida 1-o‘rinni, “Iqtidor maktab ansambli” tanlovining Respublika bosqichida 1-o‘rinni, 14-IDUM o‘quvchilarining “Kichik mutafakkirlar” tanlovida viloyatda 1-o‘rinni, 17-maktabning “Men giyohvandlikka qarshiman” hamda “Eng yaxshi kitobxon” tanlovida viloyatda 1-o‘rinni egallaganlari shular jumlasidandir.

Shuningdek, 3-maktab o‘quvchisi Sevara Mamatovaning boks bo‘yicha 4 karra O‘zbekiston, 3 karra Osiyo hamda 1 karra Jahon chempioni bo‘lganligi, ushbu maktab o‘quvchisi Parvina Shakarovaning boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida 1-o‘rinni qo‘lga kiritganligini faxr bilan tilga olsak arziydi.

Aziz ustozlar, bu kabi yutuqlarni joriy o‘quv yilida ham tizimli davom ettirib, keyingi yil reyting natijalari bo‘yicha ham shahrimiz sha’nini munosib himoya qilishlaringizga ishonamiz.

Bunday yutuq va muvaffaqiyatlarni oliy va kasbiy ta’lim yo‘nalishida ham davom ettirishimiz mumkin.

Jumladan, shahrimizda faoliyat yuritayotgan Tibbiyot, Pedagogika, Transport, Iqtisodiyot va boshqa yo‘nalishlardagi bilim yurtlari, “Ishga marhamat” monomarkazi, maxsus internat, San’at va sport maktablaridagi jonkuyar ustoz-murabbiylar o‘quvchi-yoshlarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashlari bilan birga muayyan bir kasb-hunarli bo‘lishlarini ta’minlash borasida samarali mehnat qilib kelmoqdalar.

Nafaqat shahrimiz va viloyatda, balki respublikaga malakali tibbiyot xodimlarini yetkazib kelayotgan shahrimizdagi Abu Ali Ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumida bugungi kunda 80 nafarga yaqin o‘qituvchilar faoliyat yuritib, 1000 nafardan ortiq yoshlarga ta’lim-tarbiya berib kelishmoqda. So‘nggi 3 yil ichida texnikum pedagoglari tomonidan 20 dan ortiq ilmiy maqolalar nashr etilgan.

Bugun shahrimizdagi Pedagogika kolleji viloyat bo‘yicha Samarqand Pedagogika texnikumi sifatida faoliyat yuritmoqda. Texnikum joriy yilda o‘quv qo‘llanmalarini chop etish loyihasi bo‘yicha vazirlik grantini qo‘lga kiritdi. Unga ko‘ra 600 nashrda inklyuziv ta’lim o‘quv qo‘llanmasi chop etilib, respublika bo‘yicha tarqatiladi. Davlatimiz rahbarining topshiriqlaridan kelib chiqib, birinchilardan bo‘lib texnikumda Dual ta’lim bo‘yicha 50 o‘rinli tikuv sexi tashkil qilinib, qizlarning ham o‘qishlari ham ishlashlari uchun imkoniyat yaratildi.

Barchamizga ma’lumki shahrimizda Davlatimiz rahbarining qo‘llab-quvvatlashlari bilan oliy ta’lim muassasasi Samarqand davlat universiteti Kattaqo‘rg‘on filiali tashkil qilindi. Quvonarlisi, joriy o‘quv yilida filial Kattaqo‘rg‘on davlat Pedagogika instituti sifatida faoliyat olib bormoqda. Bugungi kunda institutda 2500 nafardan ortiq talabalarga 102 nafar professor-o‘qituvchilar ta’lim berib kelmoqda. Ularning 3 nafari fan doktori hamda 31 nafari fan nomzodi.

Albatta, o‘qituvchi-pedagoglar ilmiy salohiyatining yildan - yilga oshib borayotgani quvonarli.

Bugun ushbu qutlug‘ ayyom arafasida shahrimizdagi barcha kasb-hunar ta’limi muassasalarida oliy ta’lim tizmida faoliyat yuritayotgan fidoyi va jonkuyar ustozlarga o‘zimizning chuqur minnatdorchiligimizni izhor etamiz.

Qadrli ustoz va murabbiylar,

Hurmatli Prezidentimizning: “Men sizlarning timsolingizda o‘z hayotini dunyodagi eng ulug‘ va olijanob ishga – yangi avlod tarbiyasiga bag‘ishlagan, o‘z kasbiga sodiq va fidoyi insonlarni ko‘raman”, degan purma’no so‘zlari Siz aziz ustozlarga bo‘lgan yuksak ehtirom namunasi desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Sizlarni yana bir bor kasb bayramingiz - 1 oktabr – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bilan samimiy tabriklayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman. Yosh avlod tarbiyasi yo‘lidagi ezgu va xayrli ishlaringizga omad va zafarlar yor bo‘lsin!

Teglar
- -