insurez
15-08-2025 18:19

KATTAQO‘RG‘ON MADHI TILLARDA


Arxeologik izlanishlar hozirgi Kattaqo‘rg‘on shahri o‘rnida eramiz boshidan misgarlik rivojlanganligini ko‘rsatgan. 12 asrga kelib xarobaga aylangan Robinjon shahri ham shu yerda bo‘lgan. Tarixiy kitoblarda yozilishicha, Kattaqo‘rg‘on shahriga xijriy 1095, milodiy 1684 yilda Buxoro xoni Subxonqulixonning ko‘zga ko‘ringan nufuzli amaldorlaridan uch aka-uka: So‘fi Olloxyor, Farxod Otaliq va Olla Nazarbiylar tomonidan asos solingan.

Bugun Kattaqo‘rg‘on davlat Pedagogika institutida Kattaqo‘rg‘on shahrining tashkil etilishiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Kattaqo‘rg‘on: kecha va bugun” nomli tadbirda so‘z olganlar tomonidan shahar hayoti bilan bog‘liq tarixiy manbalarga asoslangan ana shunday qimmatli ma’lumotlar keltirildi.

Tadbirda so‘z olganlar buyuk ipak yo‘lida joylashgan, hunarmandchilik, savdo sotiq, sanoat rivojlangan Kattaqo‘rg‘on shahrining bugungi kunda ham ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi o‘zgarishlari bilan Respublikamizning rivojlanayotgan, ziyolilar shahri sifatida o‘z o‘rniga ega ekanligini ta’kidladilar. Xususan keyingi yillarda shaharda ta’lim, sog‘liqni saqlash, yo‘l-infratuzilmasini yaxshilash, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, mahallalar, xonadonlar, shahar obodligi yo‘lida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari kattaqo‘rg‘onliklarni ertangi kunga ishonchini, orzu- umidlarini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Shahar tarixi, kechasi va buguniga bag‘ishlangan tadbirning madaniy qismi ham mazmunli bo‘ldi. Ayniqsa, 2-son Bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilari, Madaniyat bo‘limi, shahar Drama teatri aktyorlari tomonidan shaharning uzoq yillik tarixi, ilm-fan, madaniyat, san’atni rivojlanishi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan ziyolilarning hayoti namoyish etilgan sahna ko‘rinishlari tomoshabinlarga manzur bo‘ldi. San’atkorlar tomonidan ijro etilgan kattaqo‘rg‘onlik ijodkorlar qalamiga mansub “Dog‘man” kabi mashxur qo‘shiqlar tadbirga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

Tadbir so‘nggida nuroniylar shahrimizni kelgusida yanada taraqqiy etishi, gullab-yashnashini tilab duoga qo‘l ochdilar.

Albatta, bu kabi tadbirlar shahar aholisiga, xususan yoshlarimizda tug‘ilib o‘sgan ona vataniga muhabbat, xalqiga sadoqatni uyg‘otishi, buyuk tarixi, ajdodlariga hurmat hissini shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, o‘z tarixini bilmagan millatning kelajagi ham yuksak bo‘lmaydi.

Teglar
- -