insurez
03-07-2025 16:36

Isloxotlar markazida - Yangi O‘zbekistonda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar.


30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoev nutq so‘zlab, quyidagilarni ta’kidladi: «Birinchi va ikkinchi Renessansni buyuk alloma va mutafakkirlarimiz yaratgan bo‘lsa, bugun tarix navbatni sizlarga bermoqda. Ishonchim komil, sizlar barcha sohalarda mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga qodirsiz. Sizlar – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida yangi tarix yaratadigan oltin avlodsiz». Prezidentimizning yoshlarga bo‘lgan ishonchi Yangi O‘zbekistonda yosh avlodning jamiyatdagi o‘rni va kelajakni yaratishdagi ahamiyatiga berilayotgan yuksak baho hisoblaniladi.

Ayniqsa, yoshlar uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar o‘z samarasini bermoqda. Bunga aniq misol sifatida oliy ta’lim sohasida erishilgan natijalarni keltirish mumkin. 2024 yili O‘zbekiston yoshlari “TOP-500” talik jahon universitetlariga kirish bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqasida birinchi o‘rinni egalladi. Bugungi kunda 30 nafar yosh vatandoshimiz dunyodagi eng nufuzli “TOP-10” oliygohlarda, 500 nafardan ortig‘i “TOP-100”da, 1 500 nafar yosh esa “TOP-300” universitetlarda tahsil olmoqda. Bu O‘zbekiston yoshlarining intellektual salohiyati, global raqobatbardoshligi va davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan tizimli qo‘llab-quvvatlashning amaliy ifodasi hisoblaniladi.

Ta’kidlanganidek, startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizim yaratilib, ularni moliyalashtirishga 145 million dollar venchur sarmoya kiritildi. Endi bu mablag‘ 1 milliard dollarga yetkaziladi. Maktablarda o‘quvchilar uchun “mohirlik va biznes soati” kiritilib, ularning g‘oyasini startapga aylantirishga 100 milliard so‘m grant yo‘naltiriladi. Oliygohlar o‘rtasida ham startaplar bo‘yicha har yili “Eng yaxshi kreativ g‘oya” tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblarga oliygoh jamg‘armasidan 300 million so‘mgacha grant beriladi. Bu tashabbuslar yoshlarni ilmiy-texnik ijodkorlikka, innovatsion fikrlashga va mustaqil tadbirkorlikka keng jalb etishga xizmat qiladi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati milliy taraqqiyotning strategik ustuvor yo‘nalishi sifatida izchil amalga oshirilmoqda. Prezident Sh.Mirziyoev boshchiligida yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim olishi, kasbga ega bo‘lishi, innovatsion tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishi, jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun mustahkam zamin yaratilmoqda.

Bu borada joylardagi barcha xalq vakillari, shu jumladan, biz, deputatlar ham, yoshlar manfaatini himoya qilish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarishga qaratilgan chora-tadbirlarning amaliy ijrosini ta’minlashimiz shart.

Xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on shahar Kengashi deputati Nosirov Jamshid Mamadjonovich

Teglar
- -