Ish vaqti haqida muhim 8 savolga javob
Xodimga qisqartirilgan ish vaqti qo‘llanilganda uning ish haqi kamaytirilmaydi.
1. Ish vaqti qancha etib belgilangan?
Avvalo, ish vaqtining turlarini ajratib olish lozim. Ish vaqtining quyidagi turlari mavjud:
– ish vaqtining normal davomiyligi;
– ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi;
– to‘liqsiz ish vaqti.
Xodim uchun ish vaqtining normal davomiyligi besh kunlik yoki olti kunlik ish haftasida haftasiga qirq soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
2. Qisqartirilgan ish vaqti nima?
Ayrim toifadagi xodimlar uchun ularning yoshi, sog‘lig‘ining holati, mehnat shartlari, mehnat vazifalarining o‘ziga xos xususiyatlari va boshqa holatlar hisobga olingan holda ish haqini kamaytirmasdan ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilanadi.
Ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi quyidagilarga majburiy tartibda belgilanadi:
– o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan xodimlarga (16-18 yoshga haftasiga 36 soat,
15-16 yoshga 24 soatdan oshmaydigan);
– I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga (36 soat);
– noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlarga (36 soat);
– ishi yuqori darajadagi ruhiy, aqliy, asabiy zo‘riqish bilan bog‘liq bo‘lgan tibbiyot xodimlariga, pedagoglarga va boshqa toifadagi xodimlarga (36 soat);
– uch yoshgacha bo‘lgan bolaning byudjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda ishlaydigan ota-onasidan biriga (35 soat).
Xodimga qisqartirilgan ish vaqti qo‘llanilganda uning ish haqi kamaytirilmaydi.
3. To‘liqsiz ish vaqti nima?
Taraflarning kelishuviga ko‘ra xodimga ishga qabul qilish chog‘ida va keyinchalik to‘liqsiz ish vaqti belgilanishi mumkin. Bunda xodimning mehnatiga haq to‘lash u ishlab bergan vaqtga mutanosib ravishda yoki u bajargan ishning hajmiga qarab amalga oshiriladi.
To‘liqsiz ish vaqti shartlarida ishlash xodimlar uchun har yilgi asosiy mehnat ta’tili davomiyligining, mehnat stajini hisoblab chiqarishning va boshqa mehnat huquqlarining biror-bir cheklanishlariga sabab bo‘lmaydi.
Ish beruvchi homilador ayolning, o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bola (o‘n olti yoshgacha bo‘lgan nogironligi bo‘lgan bola) ota-onasidan birining, shuningdek oilaning betob a’zosini parvarishlashni amalga oshirayotgan shaxsning iltimosiga ko‘ra tibbiy xulosaga binoan xodimga to‘liqsiz ish kunini belgilashi shart.
4. Bayram kuni arafasidagi ishning davomiyligi qancha?
Ishlanmaydigan bayram kunlari arafasida har kunlik ishning (smenaning) davomiyligi barcha xodimlar uchun kamida bir soatga qisqartiriladi.
Bayramdan oldingi kuni ishning (smenaning) davomiyligini qisqartirish imkoni bo‘lmagan uzluksiz ishlaydigan tashkilotlarda va ayrim turdagi ishlarda ortiqcha ishlaganlik xodimga qo‘shimcha dam olish vaqti berish yoki xodimning roziligi bilan ish vaqtidan tashqari ish uchun belgilangan normalar bo‘yicha haq to‘lash orqali kompensatsiya qilinadi.
5. Tungi vaqtdagi ishning davomiyligi qancha?
Soat 22-00 dan to soat 6-00 gacha bo‘lgan vaqt tungi vaqt hisoblanadi.
Agar xodim uchun belgilangan har kungi ish (smena) davomiyligining kamida yarmi tungi vaqtga to‘g‘ri kelsa, tungi vaqtdagi ishning davomiyligi ish haftasining davomiyligi tegishli ravishda qisqartirilgan, keyinchalik ishlab berilmagan holda bir soatga qisqartiriladi.
Agar jamoa shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilangan xodimlar uchun, shuningdek tungi vaqtda ishlashga maxsus qabul qilingan xodimlar uchun tungi vaqtdagi ishning (smenaning) davomiyligi qisqartirilmaydi.
Homilador ayollarni va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni tungi ishlarga jalb qilishga bunday ish homilador ayolning hamda bolaning hayotiga va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmasligini tasdiqlovchi tibbiy xulosa mavjud bo‘lgan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi.
O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlarni tungi ishlarga jalb qilish taqiqlanadi. Tungi vaqtdagi ish uchun uchun kamida bir yarim hissa haq to‘lanishi lozim.
6. Ish vaqtidan tashqari ish nima?
Ish beruvchi tomonidan xodimni xodim uchun belgilangan ish vaqti davomiyligidan tashqari ishga jalb etish ish vaqtidan tashqari ish deb hisoblanadi.
Ish vaqtidan tashqari ishga jalb etishga xodimning yozma roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
Ish beruvchi tomonidan xodimni uning roziligisiz ish vaqtidan tashqari ishga jalb etishga quyidagi hollarda yo‘l qo‘yiladi:
1) tabiiy yoki texnogen xususiyatga ega halokatlarning, ishlab chiqarishdagi avariyalarning, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning, shuningdek yong‘inlarning, toshqinlarning, zilzilalarning, epidemiyalarning yoki epizootiyalarning oldini olish yoki oqibatlarini bartaraf etish hamda aholining yoxud uning bir qismining hayotiga yoki normal yashash sharoitlariga tahdid soladigan boshqa alohida hollarda bajarilgan ishlar amalga oshirilganda;
2) markazlashtirilgan issiq suv ta’minoti, sovuq suv ta’minoti va (yoki) suv chiqarish tizimlarining, gaz ta’minoti, issiqlik ta’minoti, yoritish, transport, aloqa tizimlarining normal ishlashini buzadigan kutilmagan holatlarni bartaraf etishga doir ijtimoiy jihatdan zarur ishlar amalga oshirilganda;
3) agar ishda tanaffusga yo‘l qo‘yilmasa, smena almashayotgan xodim kelmay qolganda ishni davom ettirish uchun. Bunday holda ish beruvchi zudlik bilan smenachini boshqa xodim bilan almashtirish choralarini ko‘rishi shart.
Ish vaqtidan tashqari ish uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi.
7. Smenali ishda ish vaqti rejimi qanday?
Ikki va undan ortiq smenadagi ish smenali ish deb hisoblanadi. Smenali ish ishlab chiqarish jarayonining (ishning) davomiyligi har kungi ishning belgilangan davomiyligidan oshadigan hollarda, shuningdek asbob-uskunalardan yanada samarali foydalanish, ishlab chiqarish (ishlar, xizmatlar) hajmini oshirish maqsadida joriy etiladi.
Smenali ishda ish vaqti rejimi smenalarga bo‘linib ishlash jadvali bilan belgilanadi. Xodimlar smenalar bo‘yicha bir maromda navbat almashadi.
Xodimni surunkasiga ikki smena davomida ishga jalb etish taqiqlanadi. Smenalar orasidagi har kungi dam olishning eng kam davomiyligi dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus vaqti bilan birga kamida o‘n ikki soatni tashkil etishi kerak.
8. Ish vaqtini hisobga olish qanday tashkil etiladi?
Ish beruvchi xodimlarning ishga kelishi va ishdan ketishi hisobga olinishini tashkil etishi shart. Ishga kelishni va ishdan ketishni hisobga olish belgilangan shakldagi ish vaqtidan foydalanish tabellarida hamda boshqa hujjatlarda yuritiladi, shuningdek, apparat, apparat-dasturiy va dasturiy vositalar yordamida qayd etilishi mumkin.
Z.Abduraximov,
Kattaqo‘rg‘on shahar adliya bo‘limi
yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i