Huquqiy maslahat
Savol bering javob beramiz...
Savol: Xodimaning kredit qarzdorligi bor. U dekretga chiqqan MIB uning dekret pulidan kredit qarzdorligi uchun ushlab qolishi mumkinmi?
Javob: Yo‘q, mumkin emas. O‘zbekiston Respublikasining «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunining 69-moddasida undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan summalar ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston Respublikasining «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunining 69-moddasi undiruv quyidagi pul summalariga qaratilishi mumkin emas:
· mayib bo‘lganlik yoki sog‘liqqa boshqacha tarzda shikast yetganlik, shuningdek boquvchisining vafot etganligi sababli ko‘rilgan zararni to‘lash summalariga;
· xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida mayib bo‘lgan (yaralangan, shikastlangan, kontuziyaga uchragan) shaxslarga va mazkur shaxslar halok bo‘lgan (vafot etgan) taqdirda ularning oila a'zolariga to‘lanadigan summalarga;
· bola tug‘ilganligi munosabati bilan to‘lanadigan summalarga;
· aliment majburiyatlari bo‘yicha to‘lanadigan summalarga;
· mehnat sharoiti noqulay va o‘ziga xos bo‘lgan ishlar uchun to‘lanadigan summalarga, shuningdek radiatsiya ta'siriga uchragan shaxslarga va qonunchilikda belgilangan boshqa hollarda to‘lanadigan summalarga;
· homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha to‘lanadigan nafaqa summalariga;
· dafn etish marosimi uchun beriladigan nafaqa summalariga;
· qisman haq to‘lanadigan ta'til davrida bolani parvarishlash uchun to‘lanadigan summalarga;
· bola tug‘ilishi, qarindoshlar vafot etishi, nikoh tuzish munosabati bilan korxona, muassasa yoki tashkilot tomonidan to‘lanadigan summalarga;
· xizmat safari, boshqa joyga ishga o‘tkazilganligi, qabul qilinganligi yoki yuborilganligi munosabati bilan to‘lanadigan summalarga;
· mehnatga oid munosabatlar bekor qilinganda ishdan bo‘shatish nafaqasi tariqasida to‘lanadigan summalarga.
Kattaqo‘rg`on shahar Adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
yuristkonsulti Z.Abduraximov