13-11-2024 17:50
Haqorat qilish uchun javobgarlik qanday?
Haqorat qilish shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish hisoblanib, ma’muriy javobgarlik uchun asos bo’ladi. Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeks 41-moddasiga ko’ra, haqorat qilish bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Haqorat qilish ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi. Jinoyat kodeksi 140-moddasiga binoan bu qilmish bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoxud ommaviy axborot vositalari orqali haqorat qilish ham jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi hamda bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Agar haqorat qilish: a) jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda; b) xavfli retsidivist tomonidan yoki tuhmat qilganligi uchun ilgari sudlangan shaxs tomonidan qilingan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi. Sizga nisbatan ushbu qilmish sodir etilgan bo’lsa, huquqni muhofaza etuvchi organlarga murojaat qilishingiz mumkin.
Z.Abduraximov,
Kattaqo`rg`on shahar YXKM bosh yuristkonsulti