G‘OLIBLAR EʼTIROF ETILDI
Mamlakatimizda iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash, ularning isteʼdodlarini ro‘yobga chiqarishga imkon yaratish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilib, ulkan imkoniyatlar yaratilmoqda. Albatta, bu imkoniyatlarga javoban yoshlarning ilm-fan, madaniyat va sanʼat, sport va boshqa sohalarda ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritayotganliklari quvonarli.
Bugun 11-IDUMda shahar hokimi Gavhar Alimova, taʼlim sohasi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda kattaqo‘rg‘onlik ana shunday o‘quvchilarning iqtidorlari eʼtirof etildi. Dastlab, so‘z olgan shahar hokimi bugun har bir yoshning ilm olishi, kasb egallashi uchun imkoniyatlar mavjudligini, yoshlar bundan unumli foydalanishlari lozimligini taʼkidladi. Tanlovlarda faxrli o‘rinlarni egallagan o‘quvchilarning ota-onalariga o‘z tashakkurini bildirdi.
Shundan so‘ng “Yil tarbiyachisi-2025” tanlovi respublika bosqichi g‘olibi 19- MTT tarbiyachisi F.Zubaydullayeva, shu MTT tarbiyalanuvchisi “Shaxmat” festivali viloyat bosqichi g‘olibi S.Tolibjonova, “Eng yaxshi xorijiy til maktabi” tanlovi viloyat bosqichi g‘oliblari 14 IDUM o‘quvchilari, “Iqtidor maktab ansambli”, “Yosh gvardiyachi” tanlovlari viloyat bosqichi g‘oliblari 11- IDUM o‘quvchilari”, “Men giyohvandlikka qarshiman” tanlovi viloyat bosiqichi g‘olibi 17- IDUM o‘quvchisi M.Boyitova, “ICT4Girls & EGOI 2025” qizlar olimpiadasi g‘olibi 20- maktab o‘quvchisi S. Dagarovalar davraga taklif qilindi. O‘quvchilarning ota-onalariga shahar hokimligining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Shuningdek, o‘quvchilarning yutuqlarni qo‘lga kiritishlarida munosib hissa qo‘shgan ustozlarning ham mehnatlari eʼtirof etilib, tashakkurnoma va sovg‘alari topshirildi.
Tadbir davomida o‘quvchilarga tanlovlarning respublika bosqichida ham faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritishlariga tilak bildirdilar.