Firibgarlik jinoyati tushunchasi
Jamiyat kishilarsiz boʼlmaganidek, jamiyat muksiz ham boʼlishi mumkin emas. Har qanday jamiyat asosida mulk va mulk huquqi mavjud boʼladi. Demak, shaxs va mulk jamiyat asosini tashkil etadi, desak xato qilmagan boʼlamiz. Shu sababli, shaxsni va mulkni himoya qilish jinoyat qonunining ustuvor vazifalari boʼlib kelgan.
Mulkni firibgarlik yoʼli bilan talon-taroj qilishning ancha koʼp tarqalganligi va uning jamiyatga koʼp miqdorda zarar yetkazishi, uning oldini olish zaruriyatini keltirib chiqaradi.
Bugungi kunda oʼzgalar mulkini talon-toroj qilishga qaratilgan jinoyatlarning koʼplab sodir etilishi, davlat va jamiyat iqtisodiy negizlariga jiddiy zarar yetkazmoqda.
Xususan, bozor iqtisodiyoti sharoitida mulkka tajovuz qilish bilan bogʼliq jinoyatlar orasida oʼzganing mulkini firibgarlik yoʼli bilan talon-toroj qilish tariqasidagi jinoyatlar soni yildan-yil keskin ortib bormoqda.
Firibgarlik aldov va yolgʼonga asoslangan.
Firibgarlik tushunchasi. Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasiga muvofiq, firibgarlik deganda, aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʼli bilan oʼzganing mulkini yoki oʼzganing mulkiga boʼlgan huquqni qoʼlga kiritish tushuniladi.
Firibgarlik mulkka tafovuz qilishning bir turidir. Firibgarlik sharoitga moslashuvchan boʼlib, turli koʼrinishlarda namoyon boʼladi. Shu sababli, firibgarlikka qarshi kurashni kuchaytirish lozim.
Bundan tashqari, Oʼzbek tilining izohli lugʼatida “firibgarlik” tushunchasining lugʼaviy maʼnosi – “aldamchilik, hiylagarlik” maʼnolari bilan izohlangan. Shuningdek, firibgarlikning usuli hisoblangan ishonchni suiisteʼmol qilishning lugʼaviy maʼnosi esa, “insofsizlarcha, noqonuniy yoki yomonlik uchun foydalanish”ni anglatadi.
Demak, firibgarlik shaxsning boshqa bir shaxsni aldash yoki ishonchini suiisteʼmol qilish orqali sodir etgan harakatida namoyon boʼladigan qilmish sifatida ifodalanadi.
Tarixiy manbalarga koʼra kishilik jamiyatda insonlar azaldan bir birlari bilan ijtimoiy, iqtisodiy munosabatlarida, jamiyatda maʼnaviy-axloqiy muhitni sogʼlomligida rostgoʼylik alohida muhim oʼrin tutadi. Rostgoʼylikning qarama-qarshisi - yolgʼonchilikdir.
Firibgarlik jinoyatining bevosita obʼekti — oʼzganing mulki yoki mulkiy huquqlarini muhofaza qilishga qaratilgan ijtimoiy munosabatlar.
Obʼektiv tomondan firibgarlik aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʼli bilan oʼzganing mulkini yoki oʼzganing mulkiy huquqini egallashdan iborat.
Ushbu jinoyatning oʼziga xosligi shundaki, tashqi tarafdan mulkdor tomonidan mulkni “ixtiyoriy” ravishda berish yoki begonalashtirish va jinoyatchiga oʼtkazish kuzatiladi. Bunda, aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish talon-toroj qilishning zaruriy usuli sifatida ifodalanadi.
Xususan, aybdor tomonidan, bila turib, haqiqatga toʼgʼri kelmaydigan yolgʼon maʼlumotlar xabar qilinishi yoki ish holati boʼyicha mulkdor, mulkning boshqa egasiga maʼlum qilinishi lozim boʼlgan haqiqiy faktlarni yashirish yoxud bunday shaxslarni yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etilgan harakatlar aktiv aldov hisoblanadi. Passiv aldov esa, shaxs qonuniy asoslarga muvofiq maʼlum qilishi lozim boʼlgan haqiqiy faktlarni qasddan xabar qilmasligida ifodalanadi.
Yuridik adabiyotlarda aldash deganda, mol-mulk egasi yoki mol-mulk ishonib topshirilgan shaxsning oʼzi uni firibgarga ixtiyoriy ravishda, oʼz xohishi bilan berishiga erishish maqsadida, jabrlanuvchini chalgʼitish uchun aybdor shaxs tomonidan har qanday faktni buzib koʼrsatish yoki haqiqatni yashirish yoxud bila turib yolgʼon maʼlumotlarni xabar qilish tushunilishi bayon etilgan.
Firibgarlikning talon-tarojdagi oʼgʼrilik, talonchilik, bosqinchilik shakllaridan farqi ham jabrlanuvchining oʼzi mulkni aybdor shaxsga ishongani yoki aldangani sababli ixtiyoriy ravishda berib yuborishida ifodalanadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, aldashda firibgarning asosiy maqsadiga, yaʼni aldangan kishi jinoyatchiga uz mulkini yoki mulkiy huquqini ixtiyoriy ravishda berishiga erishish kuzda tutiladi deyish mumkin.
Аybdor oʼzganing mulkini qoʼlga kiritish maqsadida jabrlanuvchini chalgʼitayotganligini yoki bila turib ishonchini suiisteʼmol qilayotganligini anglab etadi va buning sodir etilishini xohlaydi. Shuningdek, ushbu jinoiy qilmishni aybdor mulkiy foyda olish va boyib ketish maqsadida sodir etadi. Gʼaraz maqsadning mavjudligi firibgarlikning zaruriy elementi hisoblanadi.
Qayd etib oʼtilgan masalalar hamda firibgarlik jinoyatining global miqyosda keng rivojlanib borishi, qonunchilikni va mavjud amaliyotni takomillashtirishni taqazo etmoqda.
Jinoyat ishlari boʼyicha Kattaqoʼrgʼon
shahar sudining raisi
Oltiboev Аbdixakim
Jinoyat ishlari boʼyicha Kattaqoʼrgʼon
shahar sudining tergov sudьyasi
Xakimov Muzafar