insurez
06-12-2024 10:59

ELNING YUKI ERNING YELKASIGA YARASHAR


Lavhamiz qahramoni urgutlik Barot aka hamda Tojixol opaning ahil-inoq­likdagi oilasida o‘sib ulg‘aygan olti farzandning ikkinchisi. U kelajagini ichki ishlar organlaridek mashaqqati bisyor sohada ko‘rib, 2002-yilda IIV Akademiyasining jinoyat qidiruv yo‘nalishiga hujjatlarini topshiradi. Tahsilni tamomlab, ilk xizmatini 

2006-yilda Samarqand shahar IIB Huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘limi militsiya tayanch punktlari profilaktika inspektori lavozimida boshlagan G‘ulom Islomov o‘ziga nisbatan talabchanligi va tirishqoqligi bilan tezda hamkasblari ishonchini qozonadi. Ustozi, iste’fodagi 

podpolkovnik Ravshan Zohidovdan sohaning o‘ziga xos jihatlarini sinchkovlik bilan o‘rganadi.

 – Akademiyada o‘qigan nazariy bilimlarimni ilk xizmat boshlaganimda amaliyot bilan uyg‘unlashtirish men uchun oson kechgan, – deydi 

podpolkovnik G‘ulom Islomov. – Chunki ustozim nihoyatda jonkuyar edi. Xizmatni har tomonlama to‘kis va sifatli bajarishda uch muhim jihat – zukkolik, ziyraklik va tezkorlik bo‘lishi kerakligini uqtirardi. O‘rni kelganida, sodir bo‘lgan holatlarning har bir jihatini tahlil qilib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishdan erinmasdi. Ustozning maslahatlariga amal qilib, kam bo‘lmadim. Bugun o‘zim ham mayorlar – Farrux Xushvaqtov, Azamat Yo‘ldoshev singari shogirdlarim bilan yillar davomida orttirgan tajribamni bo‘lishaman. Xizmat sifatining oshishi xodimlarning bir-biri­ni qo‘llab-quvvatlab, hamjihatlikda faoliyat yuritishiga bog‘liq ekanligini yoshlarga tushuntiraman. 

– Ushbu ko‘rik-tanlov kasbning haqiqiy bilimdonlari bahsi bo‘ldi, – deydi qahramonimiz. – Joylarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilarning har biri salohiyati yuqori xodimlar edi. Menga g‘oliblik nasib qilganidan xursandman. Ushbu muvaffaqiyatni Kattaqo‘rg‘on shahar IIB shaxsiy tarkibining hamjihatlikdagi mehnatlari natijasi deb bilaman. Endilikda ham zimmamizdagi vazifalarni bajarishda yangi kuch-g‘ayrat bilan davom etib, bildirilgan ishonchni oqlaymiz. 

 Aytgancha, yaqinda Ichki ishlar vazirligida o‘tkazilgan «Eng yaxshi hududiy ichki ishlar organi boshlig‘i» ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida podpolkovnik G‘ulom Islomov faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. 

Kasbga sadoqati va o‘ziga nisbatan talabchanligi bilan tanlagan sohasining fidoyilaridan biriga aylanib ulgurgan qahramonimiz oilasining suyanchi, farzandlari Shohruxbek, Abrorbek, Shahbozbek, Solihaxonlarga mehribon ota. U rafiqasi Saodatxon bilan farzand­larining ta’lim-tarbiyasi uchun doim qayg‘uradi. Xalqimizda «Qush uyasida ko‘rganini qiladi», degan maqol bejiz yaralmagan. Podpolkovnik G‘ulom Islomovning oila qo‘rg‘onida kamolga yetayotgan farzandlar xuddi uningdek, el yukiga yelka tutguvchi, yurt koriga kamarbasta insonlar bo‘lib ulg‘ayishiga bizning ham ishonchimiz komil.

Gulnoza TURG‘UNBOYEVA, 

o‘z muxbirimiz.

Samarqand viloyati.

Teglar
- -