BOLALARNI BARCHA TURDAGI ZOʼRAVONLIKDAN HIMOYA QILISH TOʼGʼRISIDAGI QONUN IMZOLANDI. NIMALAR OʼZGARADI?
Bolalarni barcha turdagi zoʼravonlikdan himoya qilish toʼgʼrisidagi qonunda zoʼravonlik turlari aniq belgilab berildi. Hujjat jabrlanuvchi bolalar va ularning oilalarini qoʼllab-quvvatlash hamda maktablarda zoʼravonlikning oldini olish choralarini koʼzda tutadi.
Oʼzbekiston prezidenti 14 noyabrь kuni uzoq kutilgan «Bolalarni barcha turdagi zoʼravonlikdan himoya qilish toʼgʼrisida»gi qonunni imzoladi.
Qonunni ishlab chiqish bilan 2023 yil oktyabrь oyidan boshlab prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Аdliya vazirligi va YuNISEF shugʼullanib kelayotgandi. Qonunning asosiy maqsadi zoʼravonlikning oldini olish, undan jabr koʼrgan bolalar bilan ishlash va oilalarda farovonlikni taʼminlash tizimini yaratishdan iborat. Qonun 2025 yil 15 maydan kuchga kiradi.
Qonunga koʼra, bolaning hayoti, sogʼligʼi, jinsiy daxlsizligi, shaʼni, qadr-qimmati hamda qonun bilan himoyalanadigan boshqa huquq va erkinliklariga tajovuz qiladigan, jismoniy yoki ruhiy azob yetkazayotgan yoki yetkazishi mumkin boʼlgan va uning asosiy ehtiyojlariga zid boʼlgan harakatlar yoki harakatsizlik, shu jumladan, internetdan foydalangan holda sodir etilgan harakatlar (harakatsizlik) bolalarga nisbatan zoʼravonlik deb eʼtirof etiladi.
Jismoniy zoʼravonlik, jinsiy zoʼravonlik, ruhiy zoʼravonlik, gʼamxoʼrlik koʼrsatmaslik, ekspluatatsiya qilish va taʼqib etish (bulling) bolalarga nisbatan zoʼravonlikning shakllari boʼlib, qonun bilan taqiqlanadi va taʼqib qilinadi, deyiladi hujjatda.
Bolalarga nisbatan zoʼravonlik turlari
Jismoniy zoʼravonlik — bolalarga turli darajadagi tan jarohatlarini yetkazish, ularni xavf ostida qoldirish, hayoti va sogʼligʼi uchun xavfli ahvolda boʼlgan bolalarga yordam koʼrsatmaslik.
Jinsiy zoʼravonlik — bolaga nisbatan shahvoniy xususiyatga ega boʼlgan harakatlar qilish orqali uning jinsiy daxlsizligiga tajovuz qilish, shu jumladan:
• nomusga tegish;
• jinsiy ehtiyojni zoʼrlik ishlatib gʼayritabiiy usulda qondirish;
• jinsiy aloqa qilishga majburlash;
• 16 yoshga toʼlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish;
• voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega boʼlgan harakatlarga ijrochi sifatida jalb qilish;
• voyaga yetmagan shaxsni jalb qilgan holda qoʼshmachilik qilish, fohishaxonalar tashkil etish yoxud unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etish;
• aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoxud bolaning ojizligidan foydalangan holda shahvoniy xususiyatga ega harakatlarni sodir etish;
• shahvoning shilqimlik, shuningdek, qonunda taqiqlangan, shahvoniy xususiyatga ega boʼlgan har qanday boshqa jinsiy harakatlar.
Ruhiy zoʼravonlik — bolalarni haqoratlash, ularga tuhmat qilish, tahdid qilish, ularning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish, ularni tahqirlash, shuningdek, bolalarning asosiy ehtiyojlarini cheklashga qaratilgan boshqa harakatlarda ifodalangan zoʼravonlik shakli, shu jumladan zoʼravonlikdan jabrlanuvchida oʼz xavfsizligidan xavotir uygʼotadigan, oʼzini himoya qila olmasligiga olib keladigan yoki ruhiy salomatligiga zarar yetkazadigan harakatlar (harakatsizlik).
Gʼamxoʼrlik koʼrsatmaslik — zarur imkoniyatlarga, bilim va koʼnikmalarga, shu jumladan, buning uchun tegishli xizmatlardan (davlat, tibbiy, taʼlim, ijtimoiy va boshqa xizmatlardan) foydalanish imkoniyatiga ega boʼlgan ota-ona (ular oʼrnini bosuvchi yoki bolaga qarab turgan shaxslar) tomonidan bolaning sogʼligʼi, jismoniy, aqliy va axloqiy rivojlanishining buzilishiga olib kelishi.
Bolaning asosiy ehtiyojlari — bolaning toʼlaqonli rivojlanishi, jismoniy va ruhiy salomatligi uchun oziq-ovqat, uy-joy va boshqa zarur sharoitlar bilan taʼminlash, xavfsizlik, taʼlim olish, ijtimoiy aloqalarni oʼrnatish, hayotiy koʼnikmalarni rivojlantirish va imkoniyatlarni roʼyobga chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratish.
Bolalarni ekspluatatsiya qilish — boladan iqtisodiy, jinsiy va boshqa maqsadlarda foydalanish, shu jumladan, odam savdosi, gʼayriijtimoiy xatti-harakatlarga va tilanchilik qilishga jalb etish, jinsiy ekspluatatsiya, shuningdek, nikohga yoki er-xotin boʼlib yashashga majburlash, maʼlum bir diniy taʼlim olishga undash, har qanday shaklda mehnatga majburlash uchun jismoniy yoki ruhiy taʼsir oʼtkazish kiradi.
Taʼqib qilish (bulling) — bir guruh bolalar yoki bitta bola tomonidan boshqa bolaga yoki bolalarga nisbatan haqoratli laqablardan foydalanishi, u bilan har qanday muloqotni rad etishi, uning mulkini tortib olishi va zarar yetkazishi, jismoniy, ruhiy yoki aqliy xususiyatlarini omma oldida muhokama qilishi, shaʼni va qadr-qimmatini kamsitishi yoki sogʼligʼi va hayotiga zarar yetkazishi, shu jumladan, internet orqali amalga oshiriladigan uzoq muddatli ruhiy va jismoniy tajovuzkor taʼsir oʼtkazishidir.
Hujjatda davlat bolalarni zoʼravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish uchun huquqiy, maʼmuriy, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa choralarni koʼrishi, shu jumladan, bola va uning oilasini qoʼllab-quvvatlashi hamda bolalarga nisbatan zoʼravonlik holatlarini aniqlash va oldini olish, zoʼravonlik holatlari haqida xabar berish, ushbu holatlarni tergov qilish, aybdorlarni javobgarlikka tortishning muqarrarligini taʼminlash, zoʼravonlik qurbonlarini reabilitatsiya qilish, ularning huquqlarini tiklash va ijtimoiy moslashtirishni taʼminlash mexanizmlarini yaratishi kerakligi belgilangan.
Oʼzbekiston prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bolalarni zoʼravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi vakolatli davlat organi etib tayinlandi.
Zoʼravonlik qurbonlarining huquqlari
Har qanday turdagi zoʼravonlikdan jabr koʼrgan bola zoʼravonlikdan jabrlanuvchi deb tan olinadi. Zoʼravonlik qurboni quyidagi huquqlarga ega:
• zoʼravonlikning barcha shakllaridan himoyalanish;
• oʼziga nisbatan zoʼravonlik sodir etilganligi yoki tahdid qilinganligi toʼgʼrisida davlat organlariga, tashkilotlariga yoxud sudga bevosita yoki qonuniy vakili orqali ariza bilan murojaat qilish;
• tekin huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ruhiy, tibbiy va boshqa yordam olish, shu jumladan, ishonch telefoni orqali koʼrsatiladigan yordam olish;
• davlat organlariga himoya orderi berish toʼgʼrisidagi talab bilan bevosita yoki oʼzining qonuniy vakili orqali murojaat qilish, himoya orderi shartlari buzilgan taqdirda esa bu haqda xabar berish;
• zoʼravonlik oqibatida yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni qoplash.
Bola huquqlarini himoya qilish uning ota-onasi yoki vasiylari, vasiylik va homiylik organlari, prokuror yoki sud tomonidan amalga oshiriladi.
Zoʼravonlikdan jabrlanuvchi va uning qonuniy vakili moddiy va maʼnaviy zararni qoplash toʼgʼrisidagi ariza bilan sudga murojaat qilganda qonunga muvofiq davlat bojini toʼlashdan ozod etiladi.
Bolalarni zoʼravonlikdan himoya qilish choralari
Qonun bolalarni zoʼravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish boʼyicha umumiy va individual chora-tadbirlarni belgilab beradi.
Umumiy chora-tadbirlarga bolalar uchun xavfsiz muhit yaratish, zoʼravonlik omillarining oldini olish va bartaraf etish, oilalarni qoʼllab-quvvatlash, bolalar huquqlari toʼgʼrisida xabardorlikni oshirish va ularni buzganlik uchun javobgarlik masalalari kiradi.
Individual chora-tadbirlar:
• himoya orderini berish;
• zoʼravonlikdan jabrlangan va uning sodir etilishi xavfi ostida boʼlgan bolalarga huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ruhiy, tibbiy yordam koʼrsatish;
• zoʼravonlikdan jabrlangan va uning sodir etilishi xavfi ostida boʼlgan bolalar oilalarini mustahkamlash va qoʼllab-quvvatlash;
• zoʼravonlikdan jabr koʼrgan yoki zoʼravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʼlgan bolani, uning hayoti yoki sogʼligʼiga bevosita xavf tugʼilganda, ota-onasidan (ulardan biridan) yoki vasiylaridan olib qoʼyish;
• bolalarga nisbatan zoʼravonlik sodir etgan shaxslarning zoʼravon xulq-atvorini oʼzgartirish boʼyicha tuzatish dasturlaridan oʼtishi;
• sogʼliq, jinsiy erkinlik, oila, yoshlar va axloqqa qarshi jinoyatlar sodir etgan shaxslarning huquqlarini cheklash.
Bolalarni zoʼravonlikdan himoya qilish boʼyicha yakka tartibdagi choralarni qoʼllash uchun asoslar:
• zoʼravonlik qurbonining yoki uning qonuniy vakilining murojaati;
• jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari;
• davlat organlari xodimlari tomonidan bolalarga nisbatan zoʼravonlik sodir etilgani yoki sodir etishga urinish holatlari bevosita aniqlanganda;
• ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi eʼlonlar.
Bolalarga nisbatan zoʼravonlik holatlarining oldini olish, maslahat berish va yordam choralari toʼgʼrisida xabardor qilish uchun butun Oʼzbekiston boʼylab kechayu kunduz ishlaydigan maxfiy ishonch telefoni tashkil etiladi.
Zoʼravonlikdan jabr koʼrgan va uni sodir etish xavfi ostida boʼlgan bolalarni aniqlash
Ijtimoiy himoya milliy agentligi boshqa davlat organlari bilan hamkorlikda zoʼravonlikdan jabr koʼrgan bolalarni aniqlashda ishtirok etadi, bunday bolalarni hisobga oladi va bolalarni zoʼravonlikdan himoya qilish boʼyicha individual choralar qoʼllanilishini taʼminlaydi.
Oʼziga nisbatan zoʼravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʼlgan toifalarga quyidagilar kiradi:
• etim bolalar va ota-ona qaramogʼidan mahrum boʼlgan bolalar;
• oʼz hayoti yoki sogʼligʼiga tahdid soladigan yoxud bolalarni taʼminlash, tarbiyalash, ularga taʼlim berish va ularni parvarish qilish talablariga javob bermaydigan sharoitlarda turgan bolalar;
• qarovsiz va nazoratsiz qolgan bolalar;
• ijtimoiy xavfli vaziyatda boʼlgan bolalar;
• nogironligi boʼlgan bolalar, shu jumladan, ruhiy va jismoniy rivojlanishida nuqsonlari boʼlgan bolalar;
• ota yoki onasi (ularning oʼrnini bosuvchi shaxslar) ruhiy holati buzilganligi va narkologik kasalliklari sababli dispanser hisobida turgan bolalar;
• bolani yolgʼiz tarbiyalayotgan ota yoki onaga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʼllanilgan yoki ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo chorasi qoʼllanilgan bolalar;
• ota yoki onasi tomonidan maʼlum turdagi jinoyatlar (masalan, onaning yangi tugʼilgan bolani qasddan oʼldirishi, oʼz joniga qasd qilish darajasiga yetkazish, qiynoqqa solish va jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar) yoki huquqbuzarliklar (gʼayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish, tilanchilik, fohishalik) sodir etilgan bolalar;
• gʼayriijtimoiy xulq-atvorli bolalar;
• fohishabozlik bilan shugʼullanadigan bolalar.
Bolalarni zoʼravonlikdan himoya qilish ustida ishlayotgan davlat organlari va tashkilotlari, jismoniy va yuridik shaxslar hamda sudlar zoʼravonlikdan jabrlangan yoki uning sodir etilishi xavfi ostida boʼlgan bolalar toʼgʼrisida faktlar aniqlangan taqdirda, bu haqda zudlik bilan vakolatli organlar va ichki ishlar organlariga xabar berishi shart.
Ichki ishlar organlari bolalarga nisbatan zoʼravonlik toʼgʼrisida ogʼzaki yoki yozma xabar olganlarida bunday xatti-harakatlarga chek qoʼyish va ularning oldini olish boʼyicha kechiktirib boʼlmaydigan choralarni koʼrishlari, shuningdek bu haqda Ijtimoiy himoya agentligiga xabar berishi shart.
Zoʼravonlik sodir etish natijasida bolaning hayoti yoki sogʼligʼiga bevosita xavf tugʼilganda quyidagi choralar koʼriladi:
• zoʼravonlik sodir etgan shaxsni maʼmuriy tarzda ushlab turish;
• himoya orderini berish;
• bolani qaramoqdan olib qoʼyish.
Himoya orderi
Himoya orderi zoʼravonlikdan jabrlanuvchini himoya qiladi va aybdorlarga yoki zoʼravonlik sodir etish bilan tahdid qiluvchilarga taʼsir choralarini qoʼyadi. U ichki ishlar organlari tomonidan zoʼravonlik yoki tahdid fakti aniqlangandan keyin 24 soat ichida sud tomonidan uzaytirish imkoniyati bilan 30 kungacha muddatga beriladi. Uning ijrosini nazorat qilish ichki ishlar organlari zimmasiga yuklatilgan.
Himoya orderida quyidagi cheklovlar nazarda tutilishi mumkin:
• zoʼravonlikdan jabrlanuvchiga nisbatan zoʼravonlik sodir etishni taqiqlash;
• zoʼravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil boʼlgan shaxsga zoʼravonlik qurboni bilan aloqa qilishni taqiqlash (ish joylarida va taʼlim muassasalarida bilvosita aloqaga ruxsat beriladi);
• zoʼravonlik sodir etgan shaxsning zoʼravonlik qurboni bilan bir xonada yoki transport vositasida yolgʼiz qolishini taqiqlash;
• zoʼravonlik sodir etgan shaxsga zoʼravonlik qurbonini davolash, maslahat berish, joylashtirish xarajatlarini qoplash majburiyatini yuklash zoʼravonlik qurbonlariga yordam koʼrsatish boʼyicha maxsus markazga, yetkazilgan moddiy zararni qoplash, shuningdek maʼnaviy zararni kompensatsiya qilish;
• zoʼravonlik sodir etgan shaxsning muayyan joylarga borishini taqiqlash;
• zoʼravonlik sodir etgan shaxsga narkologik kasallikdan ambulatoriya yoki statsionar davolanish kabi majburiyatlarni yuklash;
• zoʼravonlik sodir etgan shaxsning turar joy maydonidan yoki uning zoʼravonlik qurboni yashayotgan qismidan foydalanish, oʼqish yoki ish joyiga yoxud uning boshqa joylariga yaqinlashish huquqini vaqtincha cheklash.
Zoʼravonlikdan jabr koʼrgan bolalarga yordam koʼrsatish
Zoʼravonlikdan jabr koʼrgan va uni sodir etilishi xavfi ostida boʼlgan bolalarga huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy yordam koʼrsatilishi kerak, bu quyidagilarni oʼz ichiga oladi:
• bolaning rivojlanishiga taʼsir qiluvchi ruhiy yoki jismoniy jarohatning salbiy taʼsirini kamaytirish;
• hayot sifatini oshirish va ruhiy-hissiy osoyishtalikni taʼminlash;
• oila aʼzolari, tengdoshlari bilan munosabatlardagi xulq ogʼishlarining oldini olish yoki oqibatlarini bartaraf etish;
• sogʼliqni tiklash va mustahkamlash;
• bolaning jamiyatda, shu jumladan tengdoshlari guruhida, oilaviy muhitda reabilitatsiyasi va ijtimoiy moslashuvini yengillashtirish;
• zoʼravonlik sodir etgan shaxsdan moddiy zararni qoplash va maʼnaviy zararni kompensatsiya qilish choralarini koʼrish;
• yuridik yordam koʼrsatish, huquqiy axborot va maslahatlar berish;
• zoʼravonlik sodir etgan yoki bunga moyilligi boʼlgan shaxs bilan muloqotni cheklash yoki unga toʼsqinlik qilish;
• vaqtinchalik xavfsizlik va gʼamxoʼrlikni taʼminlash;
• xavfsiz boshpana berish.
Qonunda, shuningdek, bolalar zoʼravonlikdan jabr koʼrgan oilalarni mustahkamlash va qoʼllab-quvvatlash boʼyicha xizmatlar ham nazarda tutilgan:
• zoʼravonlik sodir etishda aybdor shaxsning hissiy barqarorligini taʼminlash, shuningdek, uning ota-onalik salohiyatini, javobgarligini va xatti-harakatlarining oqibatlarini anglashi uchun ijtimoiy, psixologik, pedagogik qoʼllab-quvvatlash;
• oila aʼzolarining huquqiy savodxonligini oshirish;
• zoʼravonlik sodir etgan shaxsda ruhiy kasallik aniqlangan taqdirda psixiatriya yordami koʼrsatish;
• narkologik kasalliklarga chalingan ota-onalarning narkologiya muassasalarida majburiy davolanishini taʼminlash;
• oilalarning moliyaviy barqarorligini taʼminlashga koʼmaklashish, jumladan, ishga joylashishga yordam berish, tadbirkorlikka jalb qilish, bolalarga nisbatan zoʼravonlik sodir etilishiga bilvosita taʼsir koʼrsatgan iqtisodiy qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun kasbiy tayyorgarlik.
Bolani ota-onadan olib qoʼyish
Bolaning hayoti va sogʼligʼiga bevosita xavf tugʼilganda, Ijtimoiy himoya agentligi bolani ota-onasidan yoki uning vasiyligidagi shaxslardan zudlik bilan olib qoʼyish choralarini koʼrishi mumkin.
Bolani zudlik bilan olib qoʼyish fuqarolarning oʼzini oʼzi boshqarish organi hujjati asosida profilaktika inspektori ishtirokida amalga oshiriladi.
Bola olib qoʼyilganda agentlik darhol prokurorni xabardor qilishi, bolani vaqtincha joylashtirishni taʼminlashi va yetti kun ichida ota-onalik huquqini cheklash toʼgʼrisidagi daʼvo bilan sudga murojaat qilishi shart.
Bolani olib qoʼyishda u quyidagi joylarga joylashtirilishi mumkin (ustuvorlik tartibi boʼyicha):
• shart-sharoit yaratishga qodir boʼlgan ota-onaning birinikiga;
• bolaning qarindoshlarinikiga;
• bolaga gʼamxoʼrlik qilish istagini bildirgan shaxsnikiga;
• vakolatli davlat organi roʼyxatida turgan shaxslarnikiga;
• tibbiyot muassasasiga (bolaning sogʼligʼida muammolar boʼlsa);
• zoʼravonlik qurbonlari uchun ixtisoslashtirilgan muassasalarga.
Аgar bolani oilaga joylashtirishning iloji boʼlmasa, ixtisoslashtirilgan muassasa faqat oxirgi chora sifatida qoʼllaniladi.
Qonunda jinoyat protsessida zoʼravonlikdan jabr koʼrgan bolalarni himoya qilishning maxsus choralari ham belgilangan.
Ular quyidagilarni oʼz ichiga oladi:
• tergov organlari va sudlarda bolalar uchun alohida kutish joylarini tashkil etish, soʼroq qilish uchun stenografiya, videokuzatuv, audio va video yozib olish tizimlari bilan jihozlangan maxsus xonalarni yaratish;
• protsessual harakatlar davomida zoʼravonlikdan jabrlangan bolalar bilan ishlash boʼyicha maxsus bilim va koʼnikmalarga ega mutaxassislarning ishtirokini taʼminlash;
• bolalarning huquq va majburiyatlarini hamda ish bilan bogʼliq barcha maʼlumotlarni ularga tushunarli tilda, yoshi va rivojlanish darajasiga mos ravishda tushuntirish;
• zoʼravonlikdan jabr koʼrgan yoki zoʼravonlikka guvoh boʼlgan bolalarning koʼrsatmalarini oldindan qayd etish;
• protsessual harakatlar vaqtida zoʼravonlikdan jabr koʼrgan yoki zoʼravonlikka guvoh boʼlgan bolalarning gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi bilan toʼgʼridan-toʼgʼri aloqada boʼlishini taqiqlash;
• jinoyat ishi yuritishning barcha bosqichlarida zoʼravonlikdan jabr koʼrgan yoki zoʼravonlikka guvoh boʼlgan bolalar toʼgʼrisidagi maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlash.
Sogʼliq va jinsiy erkinlikka, oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlar sodir etgan shaxslarning huquqlarini cheklash
Quyidagi jinoyatlar uchun ilgari hukm qilingan shaxslarga:
• qasddan odam oʼldirish;
• 18 yoshga toʼlmagan jabrlanuvchining nisbatan nomusiga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zoʼrlik ishlatib gʼayritabiiy usulda qondirish;
• 16 yoshga toʼlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni gʼayritabiiy usulda qondirish yoxud unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etish;
• voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik materiallarni Oʼzbekiston hududiga tarqatish maqsadida olib kirish, tayyorlash va tarqatish yoki voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarga ijrochi sifatida jalb qilish;
• qoʼshmachilik;
• voyaga yetmagan shaxsni jalb qilgan holda fohishaxonalarni tashkil etish yoki saqlash.
Jazo chorasidan, sudlanganlikning tugallanishi yoki olib tashlanishidan hamda ularga nisbatan amnistiya yoki afv etish qoʼllanilganligidan qatʼi nazar, taʼlim, tarbiya, bolalar sogʼlomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarda ishlash hamda bevosita bolalar bilan ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shugʼullanish taqiqlanadi.
Bunday shaxslar maxsus reestrga kiritiladi va ichki ishlar organlarining profilaktik hisobida turadi. Doimiy yashash joyi yoki ish joyi oʼzgargan taqdirda ular bu haqda ichki ishlar organlarini xabardor qilishi shart.
Maktablarda bulling va zoʼravonlikdan himoya qilish
Taʼlim dasturlari bolalarga nisbatan va bolalar oʼrtasidagi zoʼravonlikning, jumladan bullingning oldini olishga, shuningdek bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga eʼtiborsizlik munosabatini bartaraf etishga koʼmaklashishi lozim.
Taʼlim muassasalarida intizomiy jazo sifatida zoʼravonlikning har qanday shakllari, jumladan jismoniy jazolar va boshqa shafqatsiz yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qoʼllash taqiqlanadi.
Taʼlim muassasalarida bolalarga nisbatan va bolalar oʼrtasidagi zoʼravonlikning, jumladan bullingning oldini olish, shuningdek zoʼravonlik holatlari yuzasidan choralar koʼrish boʼyicha dasturlar joriy etilishi kerak. Bunday chora-tadbirlar taʼlim muassasasining ichki tartib-qoidalari, ustavlari va ish rejalariga kiritiladi.
Taʼlim muassasalarida bolalarga nisbatan zoʼravonlikning oldini olish uchun masʼul shaxslar tayinlanadi.
Bolalarni zoʼravonlikdan himoya qilish uchun taʼlim muassasasi xodimlari ichki tartib-qoidalarga, oʼquvchilar, ota-onalar va pedagogik jamoa aʼzolari bilan munosabatda pedagogik etika qoidalariga qatʼiy rioya qilishlari, barcha taʼlim oluvchilarga teng munosabatda boʼlishni taʼminlashlari, sinfdagi psixologik vaziyatni baholashlari va yaxshilashlari, oʼquvchilar bilan suhbatlar oʼtkazishlari hamda ota-onalarga maslahat berish uchun psixologlar va psixolog-inspektorlar bilan yaqin hamkorlikni yoʼlga qoʼyishi shart.
Oʼquvchilarning oʼzlari taʼlim muassasasining ichki tartib-qoidalariga rioya qilishlari, bolalarga nisbatan zoʼravonlikning oldini olish boʼyicha treninglarda ishtirok etishlari, agar ular zoʼravonlikning guvohi boʼlgan yoki bu haqda maʼlumotga ega boʼlsalar, rahbariyatga xabar berishlari shart.
Jinoyat ishlari boʼyicha Kattaqoʼrgʼon
shahar sudining raisi
Аbdixakim Oltiboev
Jinoyat ishlari boʼyicha Jomboy tuman
sudining raisi
Аbdusattor Аbdurazakov