insurez
06-07-2024 17:03

Aliment nima va u qanday tartibda undiriladi?


Ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga ta'minot berishlari shart ekanligi amaldagi Oila kodeksining 96,97-moddalarida huquqiy jihatdan asosli mustahkamlangan. Voyaga yetmagan bolalariga aliment to‘lash va ularga ta'minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir, aliment to‘lovi ota-onaning biri tomonidan ikkinchisiga, ya'ni voyaga yetmagan bola tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan ota yoki onaga beriladi. Voyaga yetmagan bolaga aliment to‘lash tartibini ota-ona o‘zaro kelishgan holda belgilashga haqli.Ushbu majburiyat ixtiyoriy ravishda bajarilmasa ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan aliment undiriladi.

 Aliment qachondan boshlab qachongacha undirilishi mumkin?

Aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab, farzand 18 yoshga yetgunga qadar ayrim holarda voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalarga aliment undirilishi mumkin.

Aliment miqdorini hisoblash tartibi qanday?

Amaldagi Oila Kodeksining 99 moddasiga asosan, aliment sud tomonidan belgilanganda ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining:

- bir nafar bola uchun – to‘rtdan bir qismi;

- ikki nafar bola uchun – uchdan bir qismi;

- uch va undan ortiq nafar bola uchun – yarmisi miqdorida undiriladi.

Aliment miqdorini kamaytirish yoki aliment to‘lashdan ozod qilish mumkinmi?

Aliment to‘layotgan ota-onaning boshqa voyaga yetmagan bolalari bo‘lib, undan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirilganda o‘sha bolalar aliment olayotgan bolalarga nisbatan moddiy jihatdan kamroq ta'minlanib qoladigan bo‘lsa, shuningdek aliment to‘layotgan ota (ona) nogiron bo‘lib, moddiy jihatdan qiynalib kelayotgan bo‘lsa yoki aliment olayotgan shaxs mustaqil daromadga ega bo‘lgan taqdirda, aliment miqdori sud tomonidan kamaytirilishi mumkin.

Agar voyaga yetmagan bola davlat yoki nodavlat muassasalarining to‘liq ta'minotida bo‘lsa, sud aliment to‘layotgan ota yoki onaning moddiy ahvolini hisobga olib, to‘lanayotgan aliment miqdorini kamaytirish yoki uni aliment to‘lashdan ozod qilish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.

Aliment miqdorini kamaytirish yoki uni to‘lashdan ozod qilish uchun asos bo‘lgan holatlar tugaganda manfaatdor taraf aliment qonunda belgilangan miqdorda undirilishini talab qilib, sudga murojaat etishga haqli.

 

Z.Abduraximov,

Kattaqo‘rg`on shaxri adliya bo‘limi

Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig

 

Teglar
- -