8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami keng nishonlanmoqda
Sana munosabati bilan turli sohalarning ilg‘or xotin-qizlariga alohida ehtirom ko‘rsatilib, e’zozlanadi.Viloyatimizda ham ushbu ayyom munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi.
Unda viloyatimizda turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan ayollar, o‘z hayotiy tajribasi asosida yoshlar tarbiyasiga, oilalar mustahkamligiga munosib hissa qo‘shayotgan nuroniy onaxonlar, umidli, iqtidorli qizlar ishtirok etishmoqda.
“Muqaddas ayol ” deb nomlangan bayram tadbirida Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev barcha xotin-qizlarni bayram bilan samimiy qutlab, o‘zining eng ezgu tilaklarini bildirdi.
Viloyat rahbari jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida ayollarning roli katta ekanligini, ular har jabhada munosib o‘rin egallab, Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shib kelayotganligini e’tirof etdi.
Bayram munosabati bilan mahallalarda ibratli faoliyat ko‘rsatayotgan, oilasidagi ma’rifiy muhit bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lishni hayot tarziga aylantirgan opa-singillarimiz, munis onaxonlarimizdan 19 nafari “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Shuningdek, bir guruh xotin-qizlarga viloyat hokimining faxriy yorliqlari topshirildi.