KATTAQO‘RG‘ON SHAHRI
Shaharning darvozalari va guzarlari
Kattaqo‘rg‘on shahri hozirgi eski shahar hududidan boshlanib, atrofi baland paxsa mudofaa devori bilan o‘ralgan va shaharga kirish uchun to‘rt tomonidan to‘rt: Bozor-darvoza, Haydarchaman, Samarqand, Buxoro darvozalari bo‘lgan.
Ushbu darvozalar orqali shaharga karvonlar, musofirlar kirib kelgan. Bu darvozalar xos odamlar tomonidan qo‘riqlanib, kechalari berkilgan.
Shahar gullab-yashnagan. Bu yerga ko‘plab sayyohlar kelgan va kundaliklarida shahar haqida o‘z fikrlarini yozib qoldirgan. 18 asr oxirlarida Kattaqo‘rg‘on kengaya bordi. O‘sha paytda shahar mahallaga bo‘linib, har qaysi guzar o‘z nomiga ega bo‘lgan: Arabxona, Sarbonguzar, Qalandarxona, Oqmachit, So‘figuzar, Haydarchaman, Begijon, Madrasa, Mavriqo‘rg‘on, Lo‘laxo‘r, G‘arib masjid, Sho‘rguzar, Ko‘chaxo‘r, Mahalla, Hoji Qurbon, Chordarakdarun, Qorirabot, Ko‘rmaguzar, Sarbazor, Kimohgar, Haqiguzar, Arabqishloq, Ko‘hnadam.
Kattaqo‘rg‘on bozori
Kattaqo‘rg‘on shahar aholisi asosan hunarmandchilik, dehqonchilik, va savdogarlik bilan shug‘ullangan. Shaharda kosiblik ishlab chiqarishning asosiy shakli bo‘lgan. Bu yerda savdo rivojlangan.
Chorshanba va shanba kunlari Kattaqo‘rg‘onda, payshanba kuni Payshanbada, yakshanba kuni esa Xatirchida bozor bo‘lgan. Bozor kunlari minglab xaridor va sotuvchilar Kattaqo‘rg‘on bozoriga jam bo‘lgan. Qo‘ylar Shahrisabz, Qarshi va O‘ra tepadan haydab kelingan.
Mahalliy sotuvchilar meva, non, guruch sotishgan. Shoyi matolar va tayyor kiyimlar Qo‘qondan, choy Qashqardan, gilam Turkmanistondan, egarlar esa Samarqanddan keltirilgan.
Kattaqo‘rg‘on ko‘chalari va shaharga birinchi poezd kirib kelishi.
1884 yilda shaharda 4.2 kilometr uzunlikdagi 9 ta ko‘cha bo‘lib, ular kerosinli fonarlar bilan yoritilgan. Barcha ko‘chalar atrofida manzarali daraxtlar va gul qo‘chatlari o‘tqazilgan.
1869 yilda politsiya mahkamasi, 1871 yilda sud idorasi tashkil topgan. Shu yili (hozirgi 3-maktab o‘rnida) rus pravoslav cherkovi binosi quriladi. 1879 yilda shahar atrofi o‘ralgan devor buzilib tashlanadi.
1886 yil oxirida Zarafshon okrugi Samarqand viloyatiga aylantirilib,1887 yil boshida viloyat tarkibiga Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Jizzax va Xo‘jand uezdlari kiritiladi. 1888 yil pochta xizmati ish boshlaydi. Shu yili 1 may, shanba kuni Kattaqo‘rg‘onga birinchi poezd kirib keladi.
Shaharning guzarlari va aholisi.
Kattaqo‘rg‘on shahri mahallalarga bo‘lingan bo‘lib, shu davrlarda har qaysi guzarning o‘z nomi bo‘lgan. XVIII asrdan boshlab Kattaqo‘rg‘on shahri ancha kengayib 170 gektar maydonni egallagan.
Shaharda dastlab So‘fi Olloyor, Madrasa va Ko‘chaxo‘r guzarlari (mahallalari) paydo bo‘lgan. Keyinchalik mahalla-guzarlar soni 25 taga yetgan. Arabxona, Bozormachit, Damiyon, Katta arabxona, Ko‘l, Ko‘rpa, Ko‘chaho‘r, Ko‘xnadam, Madrasa, Mavriqo‘rg‘on, Merroxo‘r, Moliyor, Murod Qosim, Oqmachit, So‘fi Olloyor, Tegirmonboshi, Qalandarxona, Xoji Latif, Haydarchaman, Hoki, Chordara, Sho‘r, Eshonmozorlar shular jumlasidandir.
Aholi soni 1892 yil 10 ming nafarni, 1920 yilga kelib 10 ming 900 nafarni tashkil etgan. 1926 yil 9 yanvar kuni O‘zbekiston hukumatining qaroriga binoan Kattaqo‘rg‘on va Qoradaryo tumanlari tashkil etilgan.
Kattaqo‘rg‘on azaldan Buxoro va Samarqanddek ilmiy-madaniy markazlarni birlashtirib turuvchi, tijorati, hunarmadchiligi ancha rivojlangan shaharlardan biri bo‘lgan. Kattaqo‘rg‘onda Buxoroyi sharifda tahsil olib, o‘z yurtlariga qaytgan mufti, qozi, mirza, mudarris, imom, maktabdor kabi lavozimlarga ega bo‘lgan ziyolilar, allomalar anchagina bo‘lgan.
Kattaqo‘rg‘onda 22 ta masjid va yuzga yaqin muqaddas joylar bo‘lgan. Maktablar asosan masjidlar huzurida faoliyat yuritgan.