Tadbirkorlarga soliq qonunchiligidagi yangiliklar: Aylanmadan olinadigan soliqni qat'iy belgilangan summada to‘lashning afzalliklari tushuntirildi

2023-yil 1-yanvardan boshlab aylanmadan olinadigan soliqni qat’iy belgilangan summada to‘lash tartibi joriy etildi. Bunda soliq to‘lovchilarga jami daromadi 500 mln. so‘mdan oshmaganda yiliga 20 mln. so‘mlik, jami daromad 500 mln so‘mdan oshganda esa yiliga 30 mln. so‘mlik qat’iy belgilangan summada soliq to‘lashni tanlash huquqi berildi.

Kattaqo'rg'on shahar hokimi Gavhar Alimova hamda shahar DSI vakillarining shahrimizdagi tadbirkorlar bilan uchrashuvlarida bu boradagi ishlar, ushbu tartibning tadbirkorlar uchun qulayliklari haqida tushuntirishlar berildi.

Shahrimizda hozirda 1000 ga yaqin tadbirkorlik sub’ektlari mavjud bo'lib, olib borilayotgan tushuntirishlar natijasida bugungi kunda 141 ta tadbirkorlar yangicha tartib bo‘yicha ya’ni, qat’iy belgilangan summada soliq to‘lash tartibiga o‘tishdi.

 Shuni taʼkidlash joizki, mazkur tartib boʻyicha soliq toʻlash ixtiyoriy hisoblanadi. Ushbu tartibni tanlash tadbirkorlik subyektlari uchun quyidagi yengilliklarni yaratib beradi:

-buxgalter yollash shart boʻlmaydi (bunda buxgalterga toʻlanadigan ish haqi xarajatlari qisqaradi), shuningdek tovarlar hisobini yuritish talab etilmaydi;

-soliq organlariga moliyaviy hisobotlar va aylanmadan olinadigan soliq hisobotini taqdim etish majburiyati yuzaga kelmaydi;

-bank hisobvaragʻidan dividend tarzida yechib olinadigan mablagʻlar soliqqa tortilmaydi.

Aylanmadan olinadigan soliqni qatʼiy belgilangan summada toʻlashning oʻziga xos xususiyatlari mavjud.

Jumladan, aylanmadan olinadigan soliq toʻlovchi kalendar yilning istalgan oyidan ushbu tartibga oʻtishga haqli.

Bunda, aylanmadan olinadigan soliqni umumiy tartibda toʻlashga navbatdagi soliq davridan boshlab qaytiladi.

Kattaqo'rg'on shahar hokimligi axborot xizmati

2015-2024 © Каттақўрғон шаҳар ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM